1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga ilmiy-amaliy sharh
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
1. Sharhlanayotgan moddada tezkor-qidiruv faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi qonunchilik “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratligi belgilangan. Tezkor-qidiruv faoliyatini huquqiy tartibga solish – tezkor-qidiruv sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida, ularga huquqiy vositalar tizimi yordamida taʼsir koʻrsatishni amalga oshirish jarayonidir.
Huquqiy tartibga solishni koʻrib chiqish uchun uning mexanizmi toʻgʻrisidagi masalani aniqlab olish muhimdir. Huquqiy tartibga solish mexanizmi quyidagi elementlardan tashkil topadi:
a) yuridik normalar;
b) huquqiy munosabatlar;
v) huquq va majburiyatlarni amalga oshirish harakatlari.
2. Yuridik normalar huquqiy tartibga solishning asosini tashkil etadi. Tezkor-qidiruv faoliyati sohasida tezkor-qidiruv normalari deganda, belgilangan va davlat tomonidan taʼminlangan hamda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish jarayonidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy, muayyan oʻzini tutish qoidalari tushuniladi.
Huquq nazariyasi huquqiy normalar tizimida uchta elementni ajratadi: gipoteza, dispozitsiya, sanksiya.
Gipoteza – muayyan hayotiy holatlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi sharoitida tezkor-qidiruv normasining amalga oshirilishini koʻrsatuvchi huquqiy normaning bir qismidir (masalan, tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish asoslari va shartlarini belgilovchi (Qonunning 15, 16-moddalari).
Dispozitsiya – tezkor-qidiruv faoliyati subyektlari rioya etishi lozim boʻlgan tegishli xulq, oʻzini tutish qoidalarini oʻrnatuvchi normaning bir qismidir.
Ifodalash uslubiga koʻra ular quyidagilarga boʻlinadi:
oddiy – tezkor-qidiruv faoliyati subyektlarining oʻzini tutish qoidalari umumiy belgilarini tartibga soluvchi (masalan, “tezkor kuzatuv” tezkor-qidiruv tadbiri (Qonunning 14-moddasi birinchi qismi sakkizinchi xatboshisi);
tavsiflovchi – tezkor-qidiruv faoliyati subyekti xulqining asosiy belgilarini tartibga soluvchi (Qonunning 7-moddasi);
havolaki – tezkor-qidiruv faoliyatining boshqa normasi bilan tanishish uchun havola qiluvchilari (masalan, Qonunning 18-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq tezkor-qidiruv ish yurituv ishlari mazkur Qonunning 15-moddasi birinchi qismidagi asoslar mavjud holda amalga oshiriladi);
blanketli – boshqa qonunlar va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlardagi qoidalar bilan tanishish uchun havola qiluvchilari (Qonunning 3, 15, 25–27-moddalari).
Sanksiya – huquqiy normaning bir qismi boʻlib, uning dispozitsiyasi buzilgan taqdirda yuzaga keluvchi salbiy oqibatlarga ishora qiladi. Masalan, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki uning qonuniy hal qilinishiga toʻsqinlik qilish, qonunga muvofiq javobgarlikni keltirib chiqaradi (Qonunning 29-moddasi).
3. Huquqiy asoslar deganda huquqiy normalarni ishlab chiqish va ularning amal qilishi bilan bogʻliq doimiy harakatdagi huquqiy tartibga solish tizimini oʻz ichiga oluvchi jarayon tushuniladi. Tezkor-qidiruv faoliyatining huquqiy asoslari, huquqiy tartibga solishning fundamental qismi hisoblanadi. Uning tarkibi murakkab boʻlib, oʻzida huquqiy normalar tizimini aks ettiradi. Murakkab koʻrinish va jarayonlar tahliliga tizimli yondashish talablarini inobatga olgan holda, uning elementlarini u yoki bu asoslar boʻyicha alohida tabaqalashtirish lozim. Bunda barcha normativ-huquqiy hujjatlarni, ularning yuridik kuchidan kelib chiqib, huquqiy tartibga solish darajalari boʻyicha toifalash maqsadga muvofiq deb hisoblash mumkin.
Sharhlanayotgan moddada “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir” deyiladi. Shu bois quyidagi huquqiy tartibga solish darajalarini ajratib koʻrsatish mumkin:
1) xalqaro;
2) konstitutsiyaviy;
3) qonunlar;
4) qonunosti hujjatlari.
4. Xalqaro daraja. Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida xalqaro huquqiy hujjatlar oʻz aksini topmagan boʻlsa ham, mazkur sohani tartibga soluvchi alohida normativ manbalar guruhi mavjud ekanligi haqida xulosa qilish mumkin. Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalarining ustunligi tan olinishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektidir” degan norma mustahkamlangan. Ushbu qoida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ham taalluqli boʻlib, jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlik qilishning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu sohada Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan bir qator davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo shartnomalar, konvensiyalar va boshqa kelishuvlar imzolangan.
Tezkor-qidiruv faoliyati huquqiy asoslarining xalqaro darajasini ikki guruhga ajratish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari tezkor-qidiruv faoliyatini tartibga soluvchi xalqaro huquqiy tizimning birinchi guruhini tashkil etadi.
Ularga quyidagilar kiradi:
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi. Uning 12-moddasida har kim shaxsiy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashish hamda uy-joyining daxlsizligi va yozishmalarining siriga oʻzboshimchalik bilan tajovuz qilinishidan himoyalanish huquqiga egaligi;
1950-yil 4-noyabrda qabul qilingan Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa konvensiyasining 8-moddasida har kim shaxsiy va oilaviy hayoti, turar joyi va yozishmalari daxlsizligi hurmat qilinishi huquqiga egaligi;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi xalqaro paktda har kimning shaxsiy hayotiga nafaqat oʻzboshimchalik bilan, balki noqonuniy aralashishlardan himoyalanish huquqi oʻz aksini topgan;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1984-yil 10-dekabrda qabul qilingan Qiynoq hamda muomala va jazoning boshqa shafqatsiz, insoniylikka zid va qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasi;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2001-yilda qabul qilingan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003-yilda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan yoki ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar.
Tezkor-qidiruv faoliyatining huquqiy asoslaridan biri sanaluvchi boʻlgan xalqaro huquqiy hujjatlarning ikkinchi guruhini huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham jinoyat-protsessual, ham boshqa (jumladan, tezkor-qidiruv) harakatlar oʻtkazish orqali huquqiy yordam berish (olish)ga haqli boʻlishiga asos boʻladigan konvensiya, bitim va shartnomalar tashkil etadi.
Sharhlanayotgan Qonunning 15-moddasi birinchi qismi oltinchi bandida Oʻzbekiston Respublikasining jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi hamkorligi masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalari asosida kelib tushgan soʻrovnomalarni koʻrib chiqish tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun mustaqil asos sifatida nazarda tutilgan. 16-moddaning oltinchi xatboshisida esa “nazorat ostida yetkazib berish” tezkor-qidiruv tadbirlari belgilangan boʻlib, bunda bojxona qonunchiligi talablariga rioya etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan xalqaro hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali yuk va narsalarni koʻchirish (olib chiqish, olib kirish, tranzit qilish)ga yoʻl qoʻyiladi.
Bunday xalqaro huquqiy hujjatlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
1999-yil 2-aprelda MDH davlatlari rahbarlari kengashining qarori bilan maʼqullangan “Jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlik qilish konsepsiyasi”. Ushbu hujjatning 4-moddasida MDH davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida jinoyatlarga qarshi kurashishda muvofiqlashgan harakatlarni talab etadigan ishlar boʻyicha tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, unda hamkorlikning asosiy shakllari belgilangan boʻlib, ularga: MDHga aʼzo davlatlar hududlarida birgalikda tergov, tezkor-qidiruv va boshqa tadbirlar oʻtkazish; bir davlat hududidan boshqasining iltimosi boʻyicha oʻtkaziladigan tergov va qidiruv harakatlarida boshqa davlat tegishli organlari vakillarining hozir boʻlishi; MDHga aʼzo davlatlar tegishli organlari yoʻllagan soʻrovlar boʻyicha tezkor axborot olish; bir davlat hududida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan va shu hududda boʻlib turgan shaxsga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish kabilar kiradi;
1999-yil 4-iyunda Minsk shahrida imzolangan “MDH davlatlari hududida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining boʻlishi va hamkorlik qilishi tartibi toʻgʻrisida”gi shartnoma. Bu hujjatda xizmat vazifalarini bajarish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarini oʻtkazishda yordam berish uchun boshqa tomon hududiga xodimlarni yuborish masalalari tartibga solingan;
1999-yil 21-aprelda Toshkent shahrida imzolangan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikalari oʻrtasida tuzilgan “Terrorizm, siyosiy va diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda tomonlar barqarorligi va xavfsizligiga boʻladigan boshqacha tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi harakatlar toʻgʻrisidagi shartnoma”. Bu hujjatda hamkorlik shakllari sifatida:
a) tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarini birgalikda oʻtkazish, shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarini oʻtkazish toʻgʻrisida tushgan soʻrovlarni bajarish (7-modda);
b) tomonlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari boʻlinmalari terrorchi guruhlarni zararsizlantirish va tugatish, jinoyatlarning oldini olish, ularni fosh etish va tergov qilish, jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni qoʻlga olish, jinoyatchilarni qidirib topish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari va boshqa harakatlar oʻtkazilishi nazarda tutilgan (8-modda);
2010-yil 10-dekabrda Moskva shahrida imzolangan “MDHga aʼzo davlatlarning shaxslarning davlatlararo qidiruvi toʻgʻrisida”gi shartnoma hamda Oʻzbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan xalqaro huquqiy munosabatlar subyektlari sifatida imzolangan shartnoma, bitim va boshqa shu kabi hujjatlarni kiritish lozim.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar imzolagan bir qator hujjatlar (masalan, Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va huquqiy munosabatlar boʻyicha Konvensiya (Minsk, 1993-yil 22-yanvar) jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari boʻyicha ularning hamkorligini tartibga soladi.
5. Konstitutsiyaviy daraja. Huquqiy tartibga solishning konstitutsiyaviy darajasi davlat faoliyatining barcha turlari uchun asos boʻladigan barcha sohalarda qoʻllaniladigan institut va normalarni qamrab oladi.
Ushbu darajada Konstitutsiyaning oliy yuridik mohiyati ikki xil koʻrinishda aks etadi. Birinchidan, Konstitutsiya normalarining qonunlar va qonunosti normativ hujjatlari normalaridan ustunligi tan olinadi. Ikkinchidan, qonunlar va qonunchilik hujjatlari Konstitutsiyada nazarda tutilgan organlar tomonidan, unda belgilangan tartibga binoan qabul qilinadi. Shu bois, Konstitutsiyani davlatdagi ijtimoiy munosabatlarni normativ-huquqiy tartibga solish tizimidagi asosiy manba sifatida koʻrish mumkin.
Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda qabul qilinadigan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiyaga zid boʻlmasligi kerak. Konstitutsiya normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi haqidagi konstitutsiyaviy qoida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishga bevosita aloqadordir. Chunki, birinchidan, jinoyat va jazoga oid siyosatning demokratizm va insonparvarlik ruhi singdirilgan, qonuniylikka qatʼiy amal qilish bilan yoʻgʻrilgan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar faoliyatining prinsiplari Konstitutsiyaga muvofiq shakllantiriladi; ikkinchidan, u jamiyatni, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan asosiy qoidalarni tartibga soladi.
Konstitutsiyaga binoan davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari va fuqarolar qonuniylikka rioya etishlari, jamiyat manfaatlari, fuqarolarning huquq va erkinliklari qoʻriqlanishini taʼminlashlari shart (15, 19-moddalar). Mazkur qoidalarga davlat organlari, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolarning jamiyat va uning aʼzolari manfaatlarini qoʻriqlashga xizmat qiluvchi konstitutsiyaviy majburiyatlari sifatida qarash lozim. Ushbu qoidalar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslariga ham taalluqlidir.
Konstitutsiyaning 19-moddasida barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, teng ekanliklari eʼlon qilingan boʻlsa, 25–35-moddalarida esa Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash, erkinlik, shaxsiy, turar-joy daxlsizligi huquqlari, yozishmalar va telefonda soʻzlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emasligi kabi shaxsiy huquq va erkinliklariga rioya etilishi kafolatlangan. Ushbu huquqlarning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan tartibdagina yoʻl qoʻyilishi mumkin. Shubhasiz, ushbu qoidalar davlat organlari, jumladan, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar faoliyatida ham qoʻllaniladi.
Konstitutsiyaning 146-moddasi birinchi qismida “Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha tezkor-qidiruv, tergov va boshqa maxsus vazifalarni mustaqil ravishda bajaruvchi xususiy tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning boʻlinmalarini tuzish hamda ularning faoliyat koʻrsatishi taʼqiqlanadi” degan norma oʻz aksini topgan. Unga koʻra tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish vakolati berilgan davlat organlari doirasi cheklab qoʻyilgan boʻlib, bu faoliyatni amalga oshirish faqat qonun bilan maxsus vakolat berilgan davlat organlarining tezkor boʻlinmalarigagina yuklatilgan.
Bundan tashqari, mazkur moddaning ikkinchi qismida “Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam koʻrsatishlari mumkin” degan qoida mustahkamlangan.
Huquqiy tartibga solishning konstitutsiyaviy darajasi, tezkor-qidiruv faoliyatining kelgusidagi rivojlanish yoʻnalishlari va chegaralarini belgilash uchun boshlangʻich huquqiy zamin yaratadi.
6. Qonunlar darajasi. Ushbu huquqiy tartibga solish darajasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish (shu jumladan, tezkor-qidiruv choralari bilan)ning asosiy vazifalari, yoʻnalishlari va shakllarini belgilab beruvchi barcha institutlari va normalarini qamrab oladi. Qonunlarning normalari tezkor-qidiruv organlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, jinoiy qilmishlarga qarshi kurashish yoʻnalishlari, shakllari va usullarini hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish siyosatining strategiyasini belgilab beradi. Ularda jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan tezkor-qidiruv choralarini tartibga soluvchi muhim qoidalar jamlanadi. Ushbu darajadagi qonunlar ichida sharhlanayotgan Qonun hal qiluvchi, asosiy oʻrin egallaydi, chunki uning normalari mazkur faoliyatning mazmunini yoritish bilan birga, tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish jarayonida qonuniylikning kafolatlari tizimini mustahkamlaydi.
Mamlakatimizdagi aksariyat qonunlar u yoki bu darajada tezkor-qidiruv faoliyatining huquqiy asoslari mazmuniga taʼsir koʻrsatadi. Ammo ular qatorida Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari bu jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
7. Tezkor-qidiruv faoliyati sohasida jinoyat qonunchiligi normalari asosiy oʻrin tutadi. Jinoyat qonunchiligida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish uchun muhim boʻlgan bir qator huquqiy normalar keltirilgan. Bu jihatdan jinoiy javobgarlik asoslarini belgilab beruvchi normalar muhim ahamiyatga egadir (JKning 14-moddasi). Aynan jinoyat huquqida tezkor-qidiruv faoliyatidan foydalanish bilan qoʻriqlanadigan yoki taʼsir etiladigan obyektlar muayyanlashtiriladi. Ular jinoyat obyekti, yaʼni ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu majmuida yaqqolroq namoyon boʻladi. Jinoyat huquqi normalari tezkor-qidiruv faoliyatining ijtimoiy qadriyatini asoslaydi.
Jinoyat kodeksi, jinoyat tushunchasi, ijtimoiy xavfli qilmish, shaxsning harakati (harakatsizligi)da jinoyat belgilarining mavjudligi kabi tezkor-qidiruv faoliyatining ayrim vazifalari mazmunini tashkil etuvchi tushunchalarni aniqlash imkonini beradi.Shu bilan birga, unda tezkor-qidiruv faoliyati jarayonida ham amalga oshirilishi mumkin boʻlgan bir qator huquqiy institut va normalar mavjud (IX bobning 37–40-moddalarida nazarda tutilgan qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar: zaruriy mudofaa, oxirgi zarurat, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish, buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish, kasb yoki xoʻjalik faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik va h.k.). Masalan, JKning 37-moddasida “Zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, yaʼni mudofaalanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan himoya qilish chogʻida, tajovuzchiga zarar yetkazgan holda qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi” degan norma mavjud boʻlib, tezkor boʻlinmalarning xodimlari va ularga koʻmaklashuvchi shaxslar, ayrim hollarda, tezkor-qidiruv vazifalarni bajarish chogʻida bunday noqulay holatga tushib qolishlari mumkin.
Tezkor-qidiruv faoliyati uchun yana bir dolzarb masala – bu uyushgan jinoiy guruh, jinoiy uyushma orasiga, ularni fosh qilish maqsadida kiritilgan shaxsni javobgarlikdan ozod qilishda oxirgi zarurat (JKning 38-moddasi) institutidan foydalanish hisoblanadi. Xavfli jinoiy qilmishlarga qarshi kurashda tezkor xodimlar jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish (39-modda), asosli tavakkalchilik
(40-modda) sharoitida harakat qilishadi.
Jinoyat kodeksida tezkor-qidiruv faoliyati yordamida aniqlanishi, oldi olinishi va ochilishi nazarda tutilgan jinoyatlarning moddiy va formal belgilari keltirilgan. Mazkur belgilar mavjudligining aniqlanishi, sharhlanayotgan Qonunning 15-moddasiga muvofiq, tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun asos hisoblanadi. Bu belgilar boʻlmaganida tezkor-qidiruv faoliyati amalga oshirilishi mumkin emas.
8. Tezkor-qidiruv faoliyatini huquqiy tartibga solish tizimida jinoyat-protsessual normalar muhim oʻrin egallaydi. Ular jinoiy-huquqiy shakllarni jinoyatchilikka qarshi kurashda amaliy tomondan joriy etishning huquqiy shakllari vazifasini bajaradi. Qilmishning ijtimoiy xavfliligi va huquqqa xilofligi, shaxsning unda ishtiroki, sodir etishdagi aybi va boshqalarni belgilab olish bilan bogʻliq barcha masalalar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan talab lar, shakllar va qoidalarga rioya etish bilangina hal etiladi.
Bu vazifalar jinoyatlarni tez va toʻla ochish, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi hamda aybi boʻlmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi uchun aybdorlarni fosh etishdan hamda qonunning toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlashdan iboratdir (JPKning 2-moddasi). Bunday normalarni tezkor-qidiruv faoliyatining huquqiy asoslariga kiritilish zaruriyati shundaki, ular faoliyatning maqsadi va vazifalari hamda obyektlarini qoʻriqlash imkoniyati bilan asosiy yoʻnalishni belgilab beradi.
Tezkor-qidiruv faoliyatidan foydalanishda ushbu vazifalarni hal etishning huquqiy mohiyati chegaralari, shartlari hamda uning qonuniyligini taʼminlashda JPKdagi normalar muhim ahamiyatga egadir. Ular jinoyat-protsessual vositalar bilan shaxsning huquqni muhofaza qilish faoliyatidagi huquqiy maqomining daxlsizligini, jinoiy huquqiy munosabatlar subyektlarining qonunda va faqat muayyan organlar tomonidan (odil sudlovni faqat sud tomonidan amalga oshirilishi) belgilangan asoslarda va tartiblarda huquq va manfaatlarini cheklashga yoʻl qoʻyilishini mustahkamlaydi. Sud muhokamasida jinoiy sudlov ishlarini yuritish oshkoraligi prinsipini belgilab beruvchi normaning ahamiyatini alohida qayd etish lozim. Biroq bu prinsip jinoyat protsessi uchun umumiy xususiyat kasb etadi, chunki uni protsessning barcha bosqichlarida: jinoyat ishini qoʻzgʻatish, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov oʻtkazish, ishni sudga oshirish va boshqalarni oshkoraliksiz joriy etish mumkin emas. Bu toʻgʻrida surishtiruv, tergov va sud organlarining ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, ularning himoyachilari va qonuniy vakillarini jinoyat ishining barcha holatlari bilan tanishtirish imkoniyatlarini nazarda tutuvchi majburiyatlarini oʻzida ifoda etgan JPK normalari dalolat beradi. Bu talablarga rioya etmaslik qonuniylikni qoʻpol buzish hisoblanadi va jinoyat ishini mohiyatiga koʻra hal etish imkoniyatini yoʻqqa chiqaradi.
Tezkor-qidiruv faoliyatining nooshkoralikdan iborat xususiyati – bu jinoyat protsessida tezkor materiallardan oshkoralik talablariga rioya qilmasdan foydalanishning imkoni yoʻqligini bildiradi, chunki bu jarayonda manfaatdor shaxslarni materiallarning mazmuni bilan tanishtirish taqozo etiladi. Shunga muvofiq, huquqiy masalalarni hal etish vaqtida tezkor boʻlinmalarning jinoyat-protsessual qonunchiligida nazarda tutilgan shaklni ifoda etgan harakatlari va bu jarayonda qoʻlga kiritgan materiallari muhim ahamiyatga ega.
Bu, ayniqsa, tezkor-qidiruv yoʻli bilan olingan maʼlumotlarni daliliy (huquqiy maʼnodagi) ahamiyati koʻrib chiqilayotganda juda muhimdir. JPKning 81-moddasiga koʻra, ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan-bermaganligini, shu qilmishni sodir etgan shaxsning aybli-aybsizligini va ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni surishtiruvchining, tergovchining va sudning qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos boʻladigan har qanday haqiqiy maʼlumotlar jinoyat ishi boʻyicha dalil hisoblanishi, bu maʼlumotlar guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining koʻrsatuvlari, ekspertning xulosasi, ashyoviy dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanishi, shuningdek, agar tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari faqat qonun talablariga muvofiq olingan boʻlsa, JPK normalariga muvofiq tekshirilgan va baholanganidan keyin hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yoki tezkor-qidiruv tadbirida ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bogʻliq boʻlmagan holda shaxsda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud boʻlganligidan dalolat bersa, ushbu natijalar dalil sifatida tan olinishi mumkinligi muhim ahamiyat kasb etadi.
JPKda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar zimmasiga jinoyatlar va ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash maqsadida tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish majburiyati, jinoyat-protsessual qonunida tezkor-qidiruv imkoniyatlarini qoʻllashda jinoyatlarni ochish va tergov qilish boʻyicha protsessual faoliyatining turli jihatlarini mustahkamlovchi yana bir qator normalar mavjud. Bu xususan, tergovchi va surishtiruvchining oʻz yurituviga qabul qilgan ishlar boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlarini bajarish toʻgʻrisida yozma topshiriqlar berishi; tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish vakolati, qonunga xilof yoʻllar bilan olingan dalillarning maqbul emasligi; jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi maʼlumotlar va izlarni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning bevosita oʻzi aniqlashi; dastlabki tergov toʻxtatilgandan keyin ayblanuvchini qidirish va ayblanuvchi tariqasida jalb etilishi kerak boʻlgan shaxsni aniqlashga doir chora-tadbirlar koʻrish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, yozishmalar, pochta joʻnatmalari va telegraf xabarlari hamda abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborotning sir saqlanishi, uy-joy daxlsizligi huquqini cheklovchi tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishga, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda surishtiruvchi hamda tergovchining boshqa harakatlariga prokurorning ruxsat berishi kabi normalarda oʻz ifodasini topgan.
Qonunlar darajasi, bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi (2024-y.), “Prokuratura toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) (2001-y.), “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi (2000-y.), “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) (2017-y.), “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi (2014-y.), “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi (2016-y.), “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi (2017-y.) va boshqa qonunlardagi tezkor-qidiruv faoliyatiga tegishli boʻlgan normalardan iborat.
9. Huquqiy tartibga solishning qonunosti hujjatlari darajasi tezkor-qidiruv faoliyati sohasiga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni qamrab oladi. Mazkur daraja turli xildagi normativ hujjatlardan iborat boʻlib, ularni yuridik kuchiga koʻra quyidagi guruhlarga boʻlish mumkin:
a) qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlari;
b) idoraviy va idoralararo normativ hujjatlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari asosan joriy, tashkiliy va strategik masalalarni hal etishga qaratilgan boʻlsa, Vazirlar Mahkamasining hujjatlari: qarorlar (alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan masalalar boʻyicha) va farmoyishlar (joriy masalalar boʻyicha)ga boʻlinadi.
Tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni idoraviy va idoralararo huquqiy tartibga solish, manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan, oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Ushbu darajadagi idoraviy hujjatlar: a) tezkor-qidiruv vakolatiga ega boʻlmagan organlar; b) tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan chiqarilishi mumkin. Masalan, birinchi guruh idoraviy hujjatlari sifatida: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2016-yil 22-fevraldagi “Jinoyatchilikka qarshi kurash, surishtiruv, dastlabki tergov va tezkor-qidiruv faoliyatida qonun ustuvorligini hamda shaxsning huquq va erkinliklari himoyasini samarali taʼminlash toʻgʻrisida”gi 129-son buyrugʻini kiritish mumkin.
Ikkinchi guruh idoraviy normativ hujjatlari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega organlar tomonidan qabul qilinib, ularning aksariyat qismini tezkor-qidiruv faoliyatini tashkil qilish va oʻtkazish taktikasini tartibga soluvchi, yopiq xususiyatga ega boʻlgan hujjatlar tashkil etadi.
Bular: Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining idoraviy, idoralararo normativ-huquqiy hujjatlaridan iborat. Shu bilan birga, tezkor-qidiruv faoliyatining tashkiliy-taktik tomonlarini, yaʼni jinoyatchilikka qarshi kurashda foydalaniladigan tezkor kuchlar, vositalar va tezkor-qidiruv tadbirlarini qoʻllashning muayyan jihatlarini bevosita tartibga soladigan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining idoraviy-normativ hujjatlari tartibga soladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatining tashkiliy-taktik jihatlarining bevosita tartibga solinishi ularni amalga oshiruvchi davlat organlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari, yaʼni yopiq xususiyatga ega boʻlgan buyruqlari, qoʻllanmalari, yoʻriqnoma va boshqalarni amalga oshirishga qaratilgandir. Shuning uchun bunday hujjatlar bilan faqat tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi yoki unga ruxsati boʻlgan davlat organlari mansabdor shaxslarining tor doirasigina tanishib chiqishi mumkin.
Davlatning jinoyatchilikka qarshi kurashda tezkor-qidiruv faoliyati imkoniyatlaridan foydalanish masalalari boʻyicha aholi xabardorligi sharhlanayotgan Qonunni qabul qilish bilan taʼminlangan. Yaʼni aholining aynan tezkor kuchlar, vositalar va tezkor-qidiruv tadbirlarini huquqni muhofaza qilish maqsadida qoʻllanilishini bilishlari tezkor-qidiruv faoliyatini huquqiy tartibga solishning zarur sharti hisoblanadi.
Muayyan tezkor-qidiruv tadbirlari, ularning mazmuni, bunda foydalaniladigan kuchlar, vositalarni qoʻllashning tashkiliy-taktik tomonlari yopiq boʻlishi kerak (ushbu qoida Qonunning 8-moddasidagi konspiratsiya prinsipida oʻz aksini topgan).
Idoraviy normativ hujjatlar tezkor boʻlinmalar xodimlarining majburiyatlarini ham belgilab beradi. Ular, odatda, tezkor xodimlarning huquqlari mazmunidan kelib chiqadi. Baʼzan normativ-huquqiy hujjatlarda muayyan majburiyatning bevosita koʻrsatilganligi ifodalangan boʻladi (masalan, tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish jarayonida qonuniylikka rioya qilish va h.k.).
10. Tezkor-qidiruv faoliyati koʻp qirrali va murakkab faoliyat boʻlganligi sababli uni yagona qonun doirasida tartibga solishning imkoniyati yoʻq. Shu sababli, uni amalga oshirishda umum eʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va qonunchilik hujjatlari tizimiga amal qilinishi lozim.
Tezkor-qidiruv faoliyatini huquqiy tartibga solish quyidagi oʻzaro bogʻliq vazifalarni hal etishga qaratilgan:
a) jinoyatchilikka qarshi kurashda tezkor-qidiruv faoliyatining yuksak samaradorligini taʼminlash;
b) bu jarayonda fuqarolarning, shu jumladan qonunbuzarlarning ham huquqlariga toʻliq rioya etish.
Tezkor-qidiruv faoliyatini huquqiy tartibga solishning bir nechta darajalarga boʻlinishini salbiy holat sifatida qabul qilmaslik kerak. Chunki Yevropaning demokratiya rivojlangan aksariyat davlatlarida tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi qonunchilik umuman kodifikatsiyalanmagan. Masalan, Buyuk Britaniya va Fransiyada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar Oʻzbekistondagi kabi koʻp boʻlishiga qaramasdan, mazkur soha qonunlar, hukumat qarorlari, sud va prokuratura organlari hujjatlari bilan, Germaniyada esa hattoki federal yerlarning normativ hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Sharhlanayotgan moddadagi tezkor-qidiruv faoliyatiga oid qonunlar va qonunosti normativ hujjatlari tezkor-qidiruv faoliyatini tartibga solishning asosini tashkil etishi bilan birga, jinoyatchilikka qarshi kurashish amaliyoti taʼsiri ostida doimiy ravishda takomillashib boradi.
3-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati tushunchasi
Tezkor-qidiruv faoliyati ushbu Qonun bilan maxsus vakolat berilgan davlat organlarining tezkor boʻlinmalari (bundan buyon matnda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar deb yuritiladi) tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish orqali amalga oshiriladigan faoliyat turidir.
4- modda. Tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy vazifalari
Tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki himoya qilinishini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash; jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarni tayyorlash va sodir etishga daxldor shaxslarni aniqlash hamda topish; surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan boʻyin tovlayotgan shaxslarni, bedarak yoʻqolgan shaxslar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarni qidirishni amalga oshirish, shuningdek tanib olinmagan murdalarning shaxsini aniqlash; shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid solayotgan shaxslar, hodisalar, harakatlar (harakatsizlik) haqida axborot toʻplash.
5-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy prinsiplari
Tezkor-qidiruv faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, konspiratsiyadan, oshkora va nooshkora usullar uygʻunligidan iborat.
6-modda. Qonuniylik prinsipi
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar hamda ularning xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga aniq rioya qilishi va ularni bajarishi shart Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishda qonunchilikka aniq rioya qilishdan hamda ularni ijro etishdan chekinish qonuniylikni buzish hisoblanadi va belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
7-modda. Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi prinsipi
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar hamda ularning xodimlari tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etishi shart. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar hamda ularning xodimlari tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda, mazkur organlar hamda ularning rahbarlari ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni tiklash, yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hamda aybdorlarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini koʻrishi shart. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish natijasida olingan, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etish bilan bogʻliq boʻlmagan axborotdan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash uchun foydalanilishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Insonning shaxsiy hayoti holatlariga oid maʼlumotlarning oshkor etilishiga olib keladigan, uning hayotini, sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
8-modda. Konspiratsiya prinsipi
Tezkor-qidiruv faoliyati konspiratsiya prinsipiga rioya etilgan holda, yaʼni tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish ning, tezkor-qidiruv xususiyatiga ega axborotni olish, rasmiylashtirish, saqlash va undan foydalanishning, shuningdek tezkor-xizmat xususiyatiga ega hujjatlar bilan ishlash qoidalarining alohida tartibi belgilangan holda amalga oshiriladi.
9-modda. Oshkora va nooshkora usullar uygʻunligi prinsipi
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar oshkora va nooshkora usullardan foydalanadi, bunday usullarning alohida xususiyati ushbu faoliyatning shart-sharoitlari bilan belgilanadi.
10-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar
Oʻzbekiston Respublikasining hududida tezkor-qidiruv faoliyatini:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasining;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining organlari amalga oshiradi. Boshqa davlat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish taqiqlanadi.
11-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning vakolatlarini chegaralash
Surishtiruv va tergov organlari ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 43 va 461-boblarida nazarda tutilgan tergovga tegishlilikka muvofiq oʻtkaziladi.
Prokuratura organlari hamda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar toifasiga kirmaydigan surishtiruv va dastlabki tergov organlari ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan surishtiruvchining, tergovchining yozma topshirigʻi, prokurorning koʻrsatmasi va topshirigʻi asosida oʻtkaziladi.
Ushbu Qonunning 15-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tezkor-qidiruv tadbirlarini qonunchilikka muvofiq oʻtkazadi.
12-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning huquqlari
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar:
ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oshkora va nooshkora oʻtkazish;
maxfiylik asosida koʻmaklashish istagini bildirgan shaxslar bilan pulli yoki bepul hamkorlik oʻrnatish;
yuridik yoki jismoniy shaxslarning roziligi bilan ularga tegishli xizmat joylari va turar joylardan, transport vositalari va boshqa mol-mulkdan foydalanish;
oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni hal etish uchun maxsus bilimlarga ega boʻlgan mutaxassislar yordamidan foydalanish; video- va audioyozuv, kino- va fotosuratga olish vositalarini, shuningdek insonning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki, atrof muhit uchun xavfsiz boshqa texnika vositalarini qoʻllash;
tezkor-qidiruv uchun moʻljallangan axborot tizimlarini yaratish va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning majburiyatlari
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar:
oʻz vakolatlari doirasida inson huquqlari, erkin liklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik va jis moniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrishi;
jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarni tayyorlash va sodir etishga daxldor boʻlgan shaxslarni aniqlash hamda topish choralarini koʻrishi;
surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan boʻyin tovlayotgan shaxslarni, bedarak yoʻqolgan shaxslar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarni qidirishga, shuningdek tanib olinmagan murdalarning shaxsini aniqlashga doir ishlarni tashkil etishi;
tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish toʻgʻrisidagi surishtiruv, tergov organlarining yozma topshiriqlarini, prokurorning koʻrsatmalari va topshiriqlarini bajarish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrishi;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishda konspiratsiya prinsipiga rioya etishi;
fuqarolarning shaxsiy hayotiga tegishli, shaʼni va qadr-qimmatiga daxldor maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etmasligi;
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligini taʼminlashi; tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda atrof-muhit xavfsizligini taʼminlashi;
oʻz xodimlarining hamda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxslarning, shuningdek ular oila aʼzolarining xavfsizligini, ularning mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishni taʼminlashi;
mazkur organlar vakolatiga taalluqli, oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan jinoiy faoliyat faktlari toʻgʻrisida bir-birini xabardor qilishi hamda zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda bir-biriga zarur yordam koʻrsatishi;
oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tezkor-qidiruv faoliyatining mavjud kuch va vositalarini samarali qoʻllashi shart.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
14-modda. Tezkor-qidiruv tadbirlarining turlari
Tezkor-qidiruv tadbirlarining turlari quyidagilardan iborat:
soʻrov — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar, faktlar va holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bilgan yoki bilishi mumkin boʻlgan shaxs bilan bevosita muloqotda boʻlish jarayonida axborot olishdan iborat boʻlgan tadbir;
maʼlumotlar toʻplash — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun hujjatlarni, materiallarni, maʼlumotlar bazalarini axborot tizimlarini va axborot resurslarini oʻrganish, shuningdek soʻrovnomalar yuborish orqali jismoniy va yuridik shaxslar, faktlar va holatlar haqida ahamiyatga ega boʻlgan axborotni, shu jumladan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olishga qaratilgan tadbir;
qiyosiy tekshiruv uchun namunalar yigʻish — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish maqsadida moddiy obyektlarni kelgusida qiyosiy tekshirish uchun olishdan iborat boʻlgan tadbir;
tekshirish uchun xarid qilish — yuridik yoki jismoniy shaxslardan tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan tovarlarni yoki xizmatlarni haq evaziga xarid qilishdan iborat boʻlgan tadbir;
nazorat ostida olish — yolgʻondan bitim tuzishdan, yaʼni qonunchilik buzilishi faktini aniqlash va hujjatlashtirish uchun tovarlarni, valyuta qimmatliklarini, moddalarni hamda boshqa predmetlarni isteʼmol qilish yoki sotish maqsadini koʻzlamasdan olishdan iborat boʻlgan tadbir;
predmetlarni va hujjatlarni tekshirish — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish maqsadida predmetlarni va hujjatlarni oʻrganish uchun zarur ilmiy, texnikaviy va boshqa maxsus bilimlarga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb etgan holda oʻtkaziladigan tadbir;
tezkor kuzatuv — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan axborotni olish maqsadida shaxslarning harakatlarini, hodisalarni va jarayonlarni bevosita yoki bilvosita (texnik vositalardan foydalangan holda) nooshkora kuzatish va qayd etishdan iborat boʻlgan tadbir;
shaxsning aynanligini aniqlash — tekshirilayotgan yoki qidiruvdagi shaxsning shaxsini identifikatsiya qilish yoxud xususiy belgilari asosida aniqlashdan iborat boʻlgan tadbir;
turar joylarni va boshqa joylarni, binolarni, inshootlarni, joyning uchastkalarini, texnik va transport vositalarini tekshirish — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan shaxslar, faktlar hamda holatlarni aniqlash maqsadida turar joylarni va boshqa joylarni, binolarni, inshootlarni, joyning uchastkalarini, kompyuterlarni, aloqa qurilmalarini va transport vositalarini bevosita yoki bilvosita (texnik vositalardan foydalangan holda) koʻzdan kechirish hamda oʻrganishdan iborat boʻlgan tadbir;
pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlarini nazorat qilish — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan axborotni olish maqsadida pochta, kuryerlik joʻnatmalari hamda telegraf xat-xabarlarini nooshkora tanlab olish va oʻrganishdan iborat boʻlgan tadbir;
telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish — maxsus texnik vositalardan foydalangan holda olib boriladigan soʻzlashuvlarni, shu jumladan uzatiladigan matnli, grafik va multimedia axborotini nooshkora eshitib turish, tutib qolish va qayd etishdan iborat boʻlgan tadbir;
abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborot olish — abonentlar yoki abonent qurilmalari (foydalaniladigan asbob-uskuna) oʻrtasidagi bogʻlanishlar sanasi, vaqti, davomiyligi toʻgʻrisida axborot va boshqa maʼlumotlarni nooshkora olishdan iborat boʻlgan tadbir;
tezkor kiritish — tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ xodimini yoxud maxfiylik asosida koʻmaklashuvchi shaxsni jinoiy-kriminogen muhitga yoki tezkor ahamiyatga ega boʻlgan obyektga tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish maqsadida kiritishdan va ularning imkoniyatlaridan nooshkora foydalanishdan iborat boʻlgan tadbir;
nazorat ostida yetkazib berish — erkin realizatsiya qilinishi taqiqlangan yoki muomalasi cheklangan yoxud jinoyat obyekti, predmeti va quroli boʻlgan tovarlar, valyuta qimmatliklari, moddalar va boshqa predmetlar olib oʻtilishini (tashilishini, joʻnatilishini, topshirilishini) tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish maqsadida nooshkora nazorat qilishdan iborat boʻlgan tadbir;
niqoblangan operatsiya — ikki yoki undan ortiq tezkor-qidiruv tadbirini tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish maqsadida oshkora va nooshkora usullardan foydalangan holda oʻtkazishni oʻz ichiga oladigan kompleks tadbir;
tezkor eksperiment — gʻayrihuquqiy qilmish sodir etgan yoki unga tayyorgarlik koʻrayotgan shaxslarni fosh etish va aniqlash maqsadida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ tomonidan toʻliq boshqariladigan va nazorat qilinadigan sharoitni muayyan hodisani qaytadan tiklash yoʻli bilan sunʼiy ravishda vujudga keltirishdan iborat boʻlgan tadbir.
Tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda, shu jumladan kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda oʻtkazilishi mumkin.
Ushbu modda birinchi qismining oʻn birinchi, oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tezkor-qidiruv tadbirlari maxsus vakolatli davlat organining kuchlari hamda vositalari bilan oʻtkaziladi.
15-modda. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun asoslar
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
jinoyat ishining mavjudligi;
surishtiruv, tergov organlarining yozma topshirigʻi, prokurorning koʻrsatmasi va topshirigʻi;
agar jinoyat ishi qoʻzgʻatish uchun yetarli asoslar boʻlmasa, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga jinoyatlarni tayyorlash, sodir etish alomatlari toʻgʻrisida, shuningdek jinoyatlarni tayyorlashga yoki sodir etishga daxldor shaxslar haqida ayon boʻlib qolgan maʼlumotlar;
shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslar, hodisalar, harakatlar (harakatsizlik) haqidagi axborotning mavjudligi;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan boʻyin tovlayotgan shaxslar, bedarak yoʻqolgan shaxslar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslar toʻgʻrisida, shuningdek topilgan tanib olinmagan murdalar haqida ayon boʻlib qolgan maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasining jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalari asosida kelib tushgan soʻrovnomalar;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa organlarning soʻrovnomalari.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, oʻz vakolatlari doirasida, quyidagi qarorlarni qabul qilish uchun zarur maʼlumotlarni toʻplashga haqli:
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlardan foydalanish yoxud oʻta muhim va toifalangan obyektlarni ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq ishlarga ruxsat berish toʻgʻrisida;
tezkor-qidiruv faoliyatida ishtirok etishga ruxsat berish yoki ushbu faoliyatni amalga oshirish natijasida olingan materiallardan foydalanishga ruxsat berish toʻgʻrisida;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashayotgan shaxslar bilan hamkorlik oʻrnatish toʻgʻrisida yoki bunday hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash haqida.
16-modda. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish shartlari
Turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar va boshqa soʻzlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga boʻlgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining oʻtkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yoʻl qoʻyiladi. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining oʻtkazilishiga prokuror sanksiyasi asosida yoʻl qoʻyiladi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishga tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida yoʻl qoʻyiladi, prokuror bu haqda yigirma toʻrt soat ichida albatta xabardor qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan, uzoq davom etadigan tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazilgan taqdirda, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ bunday tadbirni oʻtkazish haqida tadbir boshlangan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida prokurorning sanksiyasini olishi yoxud tadbir oʻtkazishni tugatishi shart.
Fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, xuddi shuningdek ularning qarindoshlari va yaqinlariga nisbatan tahdid yuzaga kelgan taqdirda, ularning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olishga mazkur shaxslarning arizasiga yoki yozma roziligiga koʻra, qonunchilikka muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tasdiqlagan qaror asosida ruxsat etiladi, prokuror bu haqda yigirma toʻrt soat ichida albatta xabardor qilinadi.
Tekshirish uchun xarid qilish, nazorat ostida olish, tezkor kuzatuv, tezkor kiritish, Oʻzbekiston Respublikasining ichkarisida amalga oshiriladigan nazorat ostida yetkazib berish, niqoblangan operatsiyalar, tezkor eksperiment tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida oʻtkaziladi. Tekshirish uchun xarid qilish, nazorat ostida olish va nazorat ostida yetkazib berish prokuror bilan albatta kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali predmetlarni olib oʻtishga (olib kirish, olib chiqish, tranzit) yoʻl qoʻyiladigan nazorat ostida yetkazib berish bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilgan holda va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Turar joylarni va boshqa joylarni, binolarni, inshootlarni, joyning uchastkalarini, texnik va transport vositalarini tekshirish, tezkor kuzatuv, pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlarini nazorat qilish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, agar shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishni taʼminlash uchun haqiqiy maʼlumotlarni boshqa yoʻl bilan olish imkoni boʻlmasa, istisno choralar sifatida amalga oshiriladi.
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
17-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatidagi cheklovlar
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning:
fuqarolar hayotini, sogʻligʻini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda qonuniy manfaatlarini xavf ostiga qoʻyadigan, shuningdek inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etishi;
fuqarolarni huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirishi va undashi;
zoʻravonlik, tahdid, qoʻrqitish hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklovchi boshqa gʻayriqonuniy usullardan foydalanishi;
ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilmagan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishi;
tezkor-qidiruv materiallarini soxtalashtirishi, shuningdek bila turib notoʻgʻri maʼlumotlardan foydalanishi;
biron-bir yuridik shaxsning, shu jumladan siyosiy partiyaning, diniy tashkilotning yoki boshqa nodavlat notijorat tashkilotining, shuningdek jismoniy shaxslarning manfaatlarini koʻzlab tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazishi taqiqlanadi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning deputatlar, senatorlar, sudyalar, prokurorlar, advokatlarni maxfiylik asosida hamkorlikka jalb qilishi taqiqlanadi.
18-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini axborot bilan taʼminlash va tezkor-qidiruv ishini yuritish
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tezkor-qidiruvga moʻljallangan axborot tizimlarini yaratishga va ulardan foydalanishga haqli.
Maʼlumotlarni toʻplash va tizimlashtirish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini tekshirish va baholash, shuningdek ular asosida, ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, tegishli qarorlar qabul qilish maqsadida tezkor-qidiruv ish yurituvi ishlari yuritiladi.
Tezkor-qidiruv ish yurituvi ishlarining roʻyxati va ularni yuritish tartibi tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar hujjatlarida belgilanadi.
19-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati natijalaridan foydalanish
Tezkor-qidiruv faoliyati natijalaridan faqat tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi.
Tezkor-qidiruv faoliyati materiallari jinoyat ishi qoʻzgʻatish uchun asos boʻlishi, jinoyat ishi oʻz yurituvida boʻlgan surishtiruv, tergov organlariga, prokurorga tergov harakatlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish uchun taqdim etilishi, shuningdek bu materiallardan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi normalariga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha isbot qilishda foydalanilishi mumkin.
Ushbu Qonunning 16-moddasi shartlariga rioya etilgan holda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tekshirilganidan va baholanganidan soʻng dalillar sifatida eʼtirof etilishi mumkin.
Tezkor-qidiruv faoliyati natijalari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida surishtiruv, tergov organlariga, prokurorga texnika vositalaridan foydalanish natijasida olingan materiallar qo‘shilgan holda taqdim etiladi. Taqdim etiladigan materiallarning turi, toifasi va hajmi tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi xodim oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida aniqlangan jinoyatni qasddan yashirgan taqdirda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
20-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni muhofaza qilish
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda foydalanilayotgan yoki foydalanilgan kuchlar, vositalar, manbalar, usullar, tezkor-qidiruv faoliyati rejalari va natijalari, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning shtatdagi oshkor qilinmaydigan xodimlari hamda mazkur organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish taktikasi haqidagi maʼlumotlar davlat sirini tashkil etadi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda, faqat tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida oshkor etilishi lozim.
Tezkor-qidiruv tadbirlari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi ikki va undan ortiq organ tomonidan, shuningdek maxsus vakolatli davlat organining kuch va vositalari bilan oʻtkazilgan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlar qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda, faqat mazkur organlar rahbarlarining tasdiqlagan qarori asosida oshkor etiladi.
21-modda. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorlarning prokuror tomonidan koʻrib chiqilishi tartibi
Turar joy daxlsizligi, yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar va boshqa soʻzlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlari sir saqlanishi huquqlarini cheklovchi, shuningdek abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisida axborot hamda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi materiallarni koʻrib chiqish tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi va bunday tadbirlarni oʻtkazish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilgan organ joylashgan yerdagi prokuror tomonidan amalga oshiriladi. Alohida hollarda, bunday tadbirlarni oʻtkazish haqidagi materiallarning tadbirlar oʻtkazilayotgan joydagi prokuror tomonidan koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish zarurligi asoslantirilgan holda prokurorga taqdim etiladi. Prokuror tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qilgan boshqa materiallarni ham talab qilishga haqli.
Prokuror taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli tezkor-qidiruv tadbirini oʻtkazishga sanksiya beradi yoxud uni oʻtkazishni asoslantirilgan holda rad etib, qarorda bu haqda koʻrsatib oʻtadi. Prokuror tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazilishiga sanksiya berishni rad etgan taqdirda, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ yuqori turuvchi prokurorga bunday qaror ustidan shikoyat qilishga haqli.
22-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlarini, shuningdek ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan himoya qilish
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning xodimlari davlat himoyasida boʻladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlariga qonunchilikka muvofiq ijtimoiy-huquqiy jihatdan himoya qilinish kafolatlari beriladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlariga qonunchilikka muvofiq ijtimoiy imtiyozlar beriladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari va ularning oila aʼzolari xavfsizligini taʼminlash, shuningdek ularning mol-mulkini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda maxsus chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organning uyushgan jinoiy guruh, jinoiy uyushma orasiga ularni fosh qilish maqsadida kiritilgan xodimi qonunda belgilangan tartibda qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, qonunga xilof qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.
23-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxslarni, shuningdek ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huqu qiy jihatdan himoya qilish
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxslar davlat himoyasida boʻladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxslar tezkor-qidiruv faoliyati uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan belgilangan miqdorlarda taqdirlanish huquqiga ega.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxslarning, shuningdek ular oila aʼzolarining hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga haqiqiy tahdid yuzaga kelgan taqdirda, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda maxsus himoya chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxs tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etishi bilan bogʻliq holda mayib boʻlgan, bu uning mehnat qilish qobiliyatini yoʻqotishiga hamda nogironlikka olib kelgan taqdirda, ushbu shaxsga qonunchilikka muvofiq bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda nogironlik pensiyasi tayinlanadi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxs tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etishi bilan bogʻliq holda halok boʻlgan taqdirda, marhumning oila aʼzolariga va qaramogʻida boʻlgan shaxslarga qonunchilikka muvofiq bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan pensiya tayinlanadi.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan, uyushgan jinoiy guruh, jinoiy uyushma orasiga ularni fosh qilish maqsadida kiritilgan shaxs qonunda belgilangan tartibda qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, qonunga xilof qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.
24-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini moliyalashtirish
Tezkor-qidiruv faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25-modda. Moliyaviy mablagʻlarning sarflanishi ustidan nazorat
Tezkor-qidiruv faoliyati uchun ajratilgan moliyaviy mablagʻlarning sarflanishi ustidan nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati ustidan idoraviy nazorat
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning faoliyati ustidan idoraviy nazorat qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar rahbarlari tezkor-qidiruv faoliyatining tashkil etilishi va amalga oshirilishi ustidan idoraviy nazoratni taʼminlaydi.
27-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Prokurorlar oʻzlariga taqdim etilgan hujjatlar va materiallardagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydi.
28-modda. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari va mazkur organlar xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, mazkur organlar xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
281-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati sohasida xalqaro hamkorlik
Tezkor-qidiruv faoliyati sohasida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining, shuningdek chet davlatlarning vakolatli organlari va turdosh xalqaro tashkilotlar xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikdagi tadbirlarda ishtirok etishi masalalari yuzasidan xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
29-modda. Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
30-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
1-modda
1. Sharhlanayotgan moddada tezkor-qidiruv faoliyatining maqsadi mazkur sohada yuzaga keluvchi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi ifodalangan. Ushbu taʼrif Qonunning 4-moddasida qayd etilgan vazifalar bilan hamohang boʻlib, unga koʻra tezkor-qidiruv faoliyatining maqsadini mazkur faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlarning inson hayoti, sogʻligʻi, huquqlari va erkinliklarini, mulkni jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, qidiruvdagi shaxslarni topish, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash borasida yakuniy natijaga erishishga yoʻnaltirilgan faol harakatlari sifatida tushunish lozim.
Jinoyatchilikka qarshi kurashda davlatning maʼmuriy-huquqiy, jinoiy-huquqiy, jinoyat-protsessual va jinoiy-ijroiya kabi huquqni muhofaza qilish turlari qatori tezkor-qidiruv faoliyati ham uning eng samarali davlat-huquqiy turlaridan biri hisoblanadi. Tezkor-qidiruv faoliyati yuridik faoliyatning alohida turi sifatida maxsus vakolatli davlat organlari, ularning tezkor boʻlinmalari hamda mansabdor shaxslari tomonidan faqat jinoyatchilikka qarshi kurash maqsadlarida amalga oshirilib kelinadi. Ushbu faoliyat jinoyatchilikka qarshi kurashish vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish manfaatlariga boʻysundirilgan boʻlib, uning bosh maqsadi tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish orqali shaxsning qonun bilan qoʻriqlanadigan huquqlari va qonuniy manfaatlarini, mulkini jinoiy tajovuzlardan samarali himoyalash, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash hisoblanadi.
Tezkor-qidiruv faoliyatining maqsadi deganda mazkur faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tezkor boʻlinmalarining yakuniy natijaga erishish yoʻlidagi faol harakatlari tushuniladi. Sharhlanayotgan Qonunda ushbu faoliyatning maqsadi umumlashtirilgan tarzda shakllantirilgan.
Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tezkor boʻlinmalarining jinoyatchilikka qarshi kurashishni tashkil etishga oid ayni kundagi faoliyatini, jinoiy koʻrinishlarning oldini olish va fosh etish borasidagi muayyan tadbirlar majmui sifatida tan olish notoʻgʻri boʻlar edi, zero hozirgi jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish – bu barcha davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy, maxsus va boshqa tadbirlarning murakkab majmui hisoblanadi. Ularga tezkor-qidiruv vositalari va usullari yordamida amalga oshirilayotgan maxsus tadbirlar ham kiradi. Ular davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan boshqa tadbirlar bilan chambarchas bogʻlangan boʻlib, tezkor-qidiruv faoliyatining yoʻnalishini belgilab beradi.
Hozirgi kunda qoʻllanib kelinayotgan tezkor-qidiruv faoliyati atamasi ilk marta oʻtgan asrning 60-yillari boshida Jinoyat-protsessual kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan muomalaga kiritilgan edi. Aynan jinoyat-protsessual qonunchiligida birinchi marta “surishtiruv organlari tomonidan jinoyat alomatlari va ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash maqsadida tezkor-qidiruv choralarini amalga oshirish” zarurligi haqida koʻrsatma oʻz ifodasini topgan edi. Bunday koʻrsatma nafaqat mazkur faoliyatning davlat ahamiyatiga egaligi va surishtiruv organlariga jinoyatchilikka qarshi kurashda tezkor-qidiruv choralarini qoʻllash orqali bu faoliyatga oshkora tus berish, balki uning birlamchi tushunchasi va mohiyatini aniqlab olish uchun zamin yaratdi.
2. Tezkor-qidiruv faoliyatining maqsadini aniqlab olish uchun uning quyidagi jihatlaridan kelib chiqish lozim:
Birinchidan, tezkor-qidiruv faoliyati ijtimoiy jihatdan shartlangan faoliyatdir, chunki u ijtimoiy foydali vazifalarni bajarishga qaratilgan boʻlib, davlatning huquqni muhofaza qilish turlaridan biri hisoblanishi bilan birga jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatining davlat-huquqiy turlaridan biridir.
Ikkinchidan, mazkur faoliyatga maxsus munosabatlar (tezkor-qidiruv) xosdir. Ular boshqa turdagi munosabatlardan, avvalambor, subyektlari bilan farq qiladi. Qonun bilan vakolat berilgan davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari bunday subyektlar sifatida qatnashadilar. Shu bilan birga, bu kabi munosabatlarning xususiy belgilari sifatida subyektlarning alohida huquqiy maqomi, ularning jinoyatchilikka qarshi maxsus kuchlar, vositalar va usullarni qoʻllash orqali kurashishda ifodalanadigan huquqlari va majburiyatlarini amalga oshirish xususiyatlari hisoblanadi.
Uchinchidan, tezkor-qidiruv faoliyatining oshkora va nooshkora tarzda amalga oshiriladigan oʻziga xos razvedik-izlov tavsifiga egaligi.
Tezkor-qidiruv faoliyati, yuridik faoliyatning bir turi sifatida jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid davlat vazifalari ijrosini taʼminlashga qaratilgan. Chunki u maxsus vakolat berilgan organlar tomonidan faqat davlat manfaatlari yoʻlida hamda aniq belgilangan huquqiy asoslar va yoʻnalishga ega boʻlib, davlatning huquqiy koʻrsatmalari va qonuniylik talablariga qatʼiy amal qilgan holda amalga oshiriladi.
Tezkor-qidiruv faoliyati asosan yashirin ravishda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etib, murakkab, maxsus vazifalarni hal qilishga qaratilganligi uchun ham koʻp maqsadli hisoblanadi. Shuningdek, tezkor-qidiruv kuchlari, vositalari va tezkor-qidiruv tadbirlarini qoʻllash orqali, jinoyatchilikka qarshi kurash olib borishga moʻljallanganligi uchun ham ixtisoslashgan va maqsadga yoʻnaltirilgan faoliyatdir.
3. Huquqiy munosabatlar huquqning ijtimoiy va davlat instituti sifatidagi harakatining natijasi hisoblanadi. Huquq, faqat fuqaro, jamiyat va davlat uchun ahamiyatli boʻlgan, eng muhim munosabatlarnigina tartibga soladi. Shu jumladan, ular qatoriga tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi munosabatlar ham kiradi.
Tezkor-qidiruv faoliyati sohasida yuzaga keladigan munosabatlar deganda tezkor-qidiruv qonunchiligida nazarda tutilgan natijaga erishish maqsadida, davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va kafolatlangan, ularning ishtirokchilari subyektiv huquq va yuridik majburiyatlarga ega boʻlgan haqiqiy ijtimoiy munosabatlar tushuniladi.
Tezkor-qidiruv munosabatlari quyidagi xususiyatlarga ega:
ular tezkor-qidiruv normalariga muvofiq huquqiy shaklda amalga oshiriladi;
ham oshkora, ham nooshkora tavsifga ega boʻlishi mumkin;
jinoiy-huquqiy munosabatlarni oʻrnatuvchi shakllarning biri hisoblanadi;
nafaqat jinoiy-huquqiy, balki ayrim hollarda maʼmuriy-huquqiy munosabatlarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi;
jinoyat-protsessual munosabatlarni oʻrnatishi yoki ayrim hollarda esa oʻzi jinoyat-protsessual munosabatlardan kelib chiqishi mumkin;
ular koʻp tizimli tavsifga xosdir, yaʼni alohida hollarda muayyan maqsadga erishish uchun birgina huquqiy munosabat kifoya qilsa, boshqa hollarda ularning majmui talab qilinadi.
Tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi huquqiy munosabatlarning xususiyati shundaki, ular tezkor-qidiruv boʻlsa ham, ularda boshqa huquq tarmoqlari elementlari mavjuddir. Tezkor-qidiruv normalarida maʼmuriy-huquqiy, jinoiy, mehnat, moliyaviy kabi qator huquqiy munosabatlar oʻz aksini topgan. Masalan, sharhlanayotgan Qonunning normalarida quyidagi munosabatlar mustahkamlangan:
maʼmuriy-huquqiy – 15-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi (davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlardan foydalanish yoxud oʻta muhim va toifalangan obyektlarni ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq ishlarga ruxsat berish toʻgʻrisida);
jinoiy-huquqiy – 22-moddaning beshinchi xatboshisi;
23-moddaning oltinchi xatboshisi (tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organning uyushgan jinoiy guruh, jinoiy uyushma orasiga ularni fosh qilish maqsadida kiritilgan xodimi yoki koʻmaklashayotgan shaxs qonunda belgilangan tartibda qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, qonunga xilof qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi);
jinoyat-protsessual – 15-moddaning birinchi qism uchinchi xatboshisi (surishtiruv, tergov organlarining yozma topshirigʻi, prokurorning koʻrsatmasi va topshirigʻi);
jinoyat-ijroiya – 4-moddaning toʻrtinchi xatboshisi (jinoiy jazodan boʻyin tovlayotgan shaxslarni qidirishni amalga oshirish);
fuqarolik-huquqiy – 12-moddaning toʻrtinchi xatboshisi (yuridik yoki jismoniy shaxslarning roziligi bilan ularga tegishli xizmat joylari va turar joylardan, transport vositalari va boshqa mol-mulkdan foydalanish);
mehnat – 22-moddaning uchinchi xatboshisi (tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlariga qonunchilikka muvofiq ijtimoiy imtiyozlar beriladi);
23-moddaning toʻrtinchi (tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxs tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etishi bilan bogʻliq holda mayib boʻlgan, bu uning mehnat qilish qobiliyatini yoʻqotishiga hamda nogironlikka olib kelgan taqdirda, ushbu shaxsga qonunchilikka muvofiq bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda nogironlik pensiyasi tayinlanadi), beshinchi (tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga koʻmaklashayotgan shaxs tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda ishtirok etishi bilan bogʻliq holda halok boʻlgan taqdirda, marhumning oila aʼzolariga va qaramogʻida boʻlgan shaxslarga qonunchilikka muvofiq bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan pensiya tayinlanadi) xatboshilari;
moliyaviy-huquqiy – 24, 25-moddalar (tezkor-qidiruv faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi; tezkor-qidiruv faoliyati uchun ajratilgan moliyaviy mablagʻlarning sarflanishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi).
Tezkor-qidiruv munosabatlari, ularning ishtirokchilaridan kelib chiqib quyidagi munosabatlarga boʻlinadi:
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari va tezkor xodim oʻrtasida;
tezkor xodimlar va jinoyatda gumonlanuvchi shaxslar oʻrtasida;
tezkor xodimlar va ularga koʻmaklashuvchi shaxslar oʻrtasida;
koʻmaklashuvchi shaxslar va jinoyatda gumonlanuvchi shaxslar oʻrtasida;
tezkor xodimlar va tezkor-qidiruv faoliyati ustidan nazorat qiluvchi subyektlar oʻrtasida.
Mazkur munosabatlar muddatiga koʻra qisqa muddatli (tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish jarayonida predmet va hujjatlarni olib qoʻyish, koʻmaklashuvchi shaxs yordamidan bir martalik foydalanish) va uzoq muddatli (koʻmaklashuvchi shaxs bilan uzoq muddatli hamkorlik oʻrnatish, yuridik yoki jismoniy shaxslarning roziligi bilan ularga tegishli xizmat joylaridan uzoq muddatli foydalanish va h.k.) munosabatlardir.
Huquqiy munosabatlarda ishtirok etuvchi subyektlardan kelib chiqib, tezkor-qidiruv munosabatlari quyidagilarga boʻlinadi:
a) ichki munosabatlar (tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ doirasida yuzaga keluvchi munosabatlar);
b) tashqi munosabatlar (boshqa tuzilmalar, yaʼni dastlabki tergov, jazoni ijro etish muassasalari, prokuratura, xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tashkilotlar bilan va h.k.).
4. Huquq va majburiyatlarni amalga oshirish harakatlari tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ xodimining muayyan harakatlarida namoyon boʻladi. Ushbu harakatlar quyidagi shakllarda koʻrinishi mumkin:
a) yozma rasmiylashtirilgan hujjatlarda (tezkor-qidiruv organi rahbarining qarori, tezkor xodimning bildirgilari, maʼlumotnomalari va h.k.);
b) harakat hujjatlari (ogʻzaki farmoyishlar, tezkor-qidiruv organi rahbarining buyrugʻi, tezkor xodimning tegishli harakatlari).
Yozma hujjatlar alohida tuzilishga ega boʻlib, odatda, muayyan qismlardan tashkil topadi: kirish, bayon qilish, xulosa va qaror qismlari. Ayrim hollarda hech qanday qismlarsiz faqat qaror qismini ifodalovchi hujjatlar uchraydi (masalan, tezkor-qidiruv organi rahbarining tezkor xodim tomonidan muayyan tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish yoki kelgusidagi harakatlari va hokazolar toʻgʻrisida yozgan bildirgisiga qoʻygan ustxati).
Tezkor-qidiruv faoliyati jarayonidagi harakatlar, jinoyatchilikka qarshi kurashda amalga oshiriladigan kasbiy harakatlarning bir turidir. Ushbu harakatlar qatoriga: axborot olish, uni saqlash va himoyalash, uni amalga oshirish, tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish va boshqalar kiradi.
Tezkor xodimning harakatlari quyidagi holatlarda namoyon boʻladi:
a) tezkor vaziyatning alohida sharoitlari (xizmat koʻrsatish sohalari, obyektlari, tarmoqlari);
b) tezkor-qidiruv operatsiyalar, alohida turdagi jinoyatlarni aniqlash, muayyan tezkor-qidiruv axborotini baholash va tekshirish, jinoyatlarni tezkor-qidiruv yoʻllar bilan ularning oldini olish choralarini ishlab chiqish, jinoyatchilikning kelib chiqishiga sababchi boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen omillarni bartaraf etishga doir tadbirlarni oʻtkazish bilan shartlangan tezkor-qidiruv vaziyat.