28-modda. Prokurorning vakolatlari
Qonunlarning jinoyatchilikka qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat qilish jarayonida prokuror oʻz vakolatlari doirasida:
surishtiruv va dastlabki tergov organlaridan, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlardan jinoyat ishlarini, tergovga qadar tekshiruv, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv va dastlabki tergov hujjatlari va materiallarini hamda boshqa maʼlumotlarni tekshirish uchun talab qiladi;
sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar haqidagi arizalar va xabarlarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish hamda hal etish toʻgʻrisidagi qonun talablarining ijrosini har oyda kamida bir marta tekshiradi;
tergovchilar va surishtiruvchilarning, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi;
jinoyatlarni tergov qilish, ehtiyot chorasini tanlash, oʻzgartirish yoki bekor qilish, jinoyat tavsifini belgilash, ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish, ayrim tergov harakatlarini bajarish va jinoyat sodir etib yashiringan shaxslarni qidirish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar beradi;
tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ushlash, majburiy keltirish, qidirish, tintuv oʻtkazish, olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorlarni va sudning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi ajrimini ijro etishni, boshqa tergov harakatlarini, shu jumladan prokurorning yoki prokuratura tergovchisining ish yurituvida boʻlgan ishlar yuzasidan tergov harakatlarini bajarishni topshiradi, jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish uchun zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi;
surishtiruvda, dastlabki tergovda ishtirok etadi hamda zarur hollarda, jinoyat-protsessual qonunga muvofiq har qanday ish boʻyicha ayrim tergov harakatlarini shaxsan bajaradi yoki tergovni toʻla hajmda amalga oshiradi;
surishtiruv, dastlabki tergov muddatini uzaytiradi, ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi va ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi;
jinoyat ishlarini surishtiruv va dastlabki tergov organlariga qoʻshimcha tergov oʻtkazish toʻgʻrisidagi oʻz koʻrsatmalari bilan qaytaradi;
jinoyat ishini surishtiruv organidan tergovchiga, prokuraturaning bir tergovchisidan boshqasiga, jinoyat-protsessual qonunda belgilangan hollarda va tartibda esa bir dastlabki tergov va surishtiruv organidan boshqa dastlabki tergov va surishtiruv organiga oʻtkazadi;
surishtiruvchini yoki tergovchini, agar u ishni tergov qilish chogʻida qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan boʻlsa, surishtiruvni yoxud dastlabki tergovni davom ettirishdan chetlatadi;
qonunda nazarda tutilgan hollarda, tergov harakatlarini olib borishga sanksiya beradi, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish haqida, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisida, murdani eksgumatsiya qilish haqida, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisida, tintuv oʻtkazish haqida, jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisida, mol-mulkni xatlash haqida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi; jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida yoki jinoyat ishini amnistiya aktiga asosan tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi;
jinoyat ishlarini qoʻzgʻatadi yoki ularni qoʻzgʻatishni rad etadi, jinoyat ishlarini tugatadi yoxud ular yuzasidan ish yuritilishini toʻxtatadi;
qonunda nazarda tutilgan hollarda tergovchining va surishtiruvchining ishni tugatishiga rozilik beradi;
ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini yoxud qarorini tasdiqlaydi, ishni sudga yuboradi;
qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Prokurorning jinoyat-protsessual qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda bergan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish, jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish va tergov qilish bilan bogʻliq koʻrsatmalari tergovga qadar tekshiruvni va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv va dastlabki tergov organlari uchun majburiydir.
(28-modda birinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 15-avgustdagi OʻRQ-1081-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 03/25/1081/0738-son)
(28-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
1-modda
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan, shu jumladan suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda muhofaza qilish sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekistonning suv resurslari qayta tiklanadigan yer usti va yer osti suvlari, shuningdek, antropogen foydalanishdan qaytadigan suvlar (drenaj va oqova suvlar)dan iborat. O‘rtacha ko‘p yillik jami oqar suv hajmi 114,4 km3 ni tashkil etadigan Amudaryo va Sirdaryo transchegaraviy daryolar O‘zbekistonda yer usti suv oqimini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanadi.
O‘zbekiston hududida 17 777 ta tabiiy oqar suv manbalari (Amudaryo havzasida — 9 930 ta, Sirdaryo havzasida — 4 926 ta) va 500 dan ortiq ko‘l bo‘lib, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ularning eng kattasi hisoblanadi, shuningdek, prognoz qilingan hajmi sutkasiga 75,5 mln m3 ni tashkil etadigan chuchuk suv va biroz sho‘rlangan yer osti suvlari konlarida 26 mingdan ziyod quduqlar mavjud.
Ma’lumki, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi hamda suv qonunchiligining boshqa hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Mazkur kodeks O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 30 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘RQ-1076-son Qonuni bilan tasdiqlandi va 2025 yil 31 oktabrdan e’tiboran kuchga kirdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, har qanday ijtimoiy munosabatlar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ma’lum obyektlardan foydalanish yuzasidan paydo bo‘ladi. Suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida paydo bo‘ladigan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bevosita O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi (keyingi o‘rinlarda — Suv kodeksi)da belgilangan tamoyillar hamda qoida-talablar asosida tartibga solinadi. Ushbu munosabatlar quyidagi obyektlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish yo‘nalishlarida amalga oshiriladi:
1) suv obyektlari yoki ularning bir qismi yoxud suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish (8-modda sharhiga qarang);
2) suv xo‘jaligi obyektlari (5-modda sharhiga qarang);
3) suv fondi yerlari (5-modda sharhiga qarang) .