33-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organining, tashkilotning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:
murojaatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
murojaat qiluvchi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmaganda yoxud murojaatni eshitish uchun uni chaqirish;
bila turib yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaatni tekshirish sababli yetkazilgan xarajatlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risida sudga murojaat qilish.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari:
murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
murojaat qiluvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, ta’minlashi;
murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi, ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal qilingan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno;
murojaat yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan, agar jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu qarorga rozi bo‘lmasa, shikoyat berish tartibini tushuntirishi;
murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi;
qonunga xilof harakatlarni (harakatsizlikni) bartaraf etish yuzasidan darhol chora-tadbirlar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarni o‘z vakolatlari doirasida aniqlashi;
jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a’zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a’zolari ularning murojaatlari sababli ta’qib etilishini belgilangan tartibda bartaraf etishi;
agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishi shart.
Davlat organlari murojaatlar bilan ish olib boruvchi o‘z xodimlarini o‘qitadi va uch yilda kamida bir marta ularning malakasini oshiradi. Davlat organlarining murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlariga nisbatan qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularni o‘qitish va malakasini oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat organi, tashkilot va ular mansabdor shaxslarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
1-modda
Koʻrib chiqilayotgan moddani batafsil sharhlashimiz uchun uni quyidagi qismlarga ajratib oʻrganishimiz kerak boʻladi. Moddaning nomlanishi “Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi” deb koʻrsatib oʻtilganligidan kelib chiqib, demak uni ikki qismga ajratgan holda koʻrib chiqishimiz joiz.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish lozimki, Qonunning maqsad va vazifalari Qonun qabul qilinganligidan kutilayotgan natijani yoki boshqacha qilib aytganda qonunga boʻlgan zaruratni ifodalaydi. Shundan kelib chiqib, mazkur norma nazariy ahamiyatga ega boʻlib, unda ushbu normativ-huquqiy hujjatning qoʻllanish chegarasiga eʼtibor qaratiladi.
1. Qonunning maqsadi deganda ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan qanday ijtimoiy munosabat huquqiy jihatdan tartibga solinishi, mazkur qonun hujjati qabul qilinmaganda, ijtimoiy munosabat tartibga solinishi bilan bogʻliq qanday muammoli holatlar yuzaga kelishi mumkin ekanligi tushuniladi.
Sharhlanayotgan Qonunning nomidan ham maʼlumki, ariza, shikoyat hamda takliflar murojaatni koʻrib chiquvchi organga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan beriladi. Shunday ekan, “jismoniy shaxs” hamda “yuridik shaxs” tushunchalarining qonunchilik hujjatlarida aks etgan mohiyatiga toʻxtalib oʻtish lozimdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 16-moddasiga asosan, fuqarolar (jismoniy shaxslar) deganda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tushuniladi.
Shuningdek, mazkur Kodeksning 39-moddasida yuridik shaxs tushunchasiga taʼrif keltirilgan. Unga koʻra, oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi.
Sharhlanayotgan Qonunning 1-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari mazmunidan koʻrinib turibdiki, uning amal qilishi davlat organlari, davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Davlat organlari — davlat funksiyalarini amalga oshirishda hokimiyat vakolatiga ega boʻlgan davlat mexanizmining asosiy boʻgʻini. Masalan, prokuratura, sud, ichki ishlar organlari hokimiyat vakolatiga ega boʻlgan davlat organlaridir.
Davlat tashkilotlari — bevosita ishlab chiqarish hamda taʼminot bilan shugʻullanuvchi davlat idorasi hisoblanib, davlat uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan funksiyalarni bajaradi. Mazkur tashkilotlarning asosiy qismini davlat oʻz monopoliyasida qoldiradi. Metro, tramvay, trolleybus, elektr energiyasi tarmogʻini boshqarish, aloqa tizimi shular jumlasidandir.
Davlat muassasalari — davlat organlari kabi hokimiyat vakolatiga ega boʻlmay, davlatning oldida turgan umumijtimoiy vazifalarni bajaruvchi idoralar, masalan, kasalxonalar, maorif, teatr va boshqalar. Ushbu muassasalar hokimiyat vakolatiga ega boʻlmasada, lekin jamiyat oldida turgan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan muhim vazifalarni bajaradilar.
Demak, davlat organlarining davlat muassasalaridan asosiy farqli jihati hokimiyat vakolatiga ega boʻlgan davlat mexanizmining asosiy boʻgʻini ekanligidadir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi. Davlat organlarining hokimiyat vakolatiga ega ekanligi ham bevosita ularning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi yoki sud hokimiyati tizimiga kirishi yoxud hokimiyat tarmoqlari bilan bogʻliq funksiyalarni bajarishi bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (yangi tahrir)ning 3-moddasiga asosan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishi fuqarolarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarni oʻz manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek milliy va maʼnaviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda hal qilish borasidagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlanadigan mustaqil faoliyatidir.
Mazkur Qonunning 8-moddasiga muvofiq shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yigʻinlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hisoblanadi.
Davlat ishtirokidagi tashkilot — ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat tashkiloti yoxud toʻliq yoki qisman davlat organi tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan notijorat tashkiloti. “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Aloqabank” AJ “Jahon savdo kompleksi” AJ, “Oʻzpartamponaj” AJ va boshqalar shular jumlasidandir.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (keyingi oʻrinlarda — MJtK)ning 15-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (keyingi oʻrinlarda — Jinoyat kodeksi)ning 8-boʻlimida mansabdor shaxs tushunchasiga taʼrif keltirilgan. Doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, maʼmuriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs mansabdor shaxs deb eʼtirof etiladi.
2. Qonunning amal qilishi deganda tegishli normativ-huquqiy hujjatning qoʻllanish chegarasi, tatbiq etilish sohasi hamda tartibga solinayotgan ijtimoiy munosabat subyektlarining doirasi tushuniladi.
Maʼlumki, tahlil etilayotgan Qonun koʻrib chiqish tartibi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonunchilik va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mazkur normadagi “boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan murojaatlar”ga koʻrib chiqilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadigan ariza va shikoyatlarni misol sifatida keltirish mumkin.
“Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasi uchinchi qismida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik mazkur Qonunning qoʻllanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmasligi qayd etilgan.
Chunki “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning qoʻllanilish sohasi hamda unda nazarda tutilgan ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonundagi normalardan birmuncha farq qiladi. Masalan, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 36-moddasiga koʻra maʼmuriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza maʼmuriy organda roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran, maʼmuriy hujjat maʼmuriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda esa, adresat maʼmuriy ish yuritish boshlanganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz ish kunidan kechiktirmay maʼmuriy ishni koʻrib chiqadi va maʼmuriy hujjatni qabul qiladi.
Sharhlanayotgan Qonunning 28-moddasi birinchi qismiga asosan esa ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart boʻlgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Qolaversa, sharhlanayotgan Qonun davlat organlarining, shuningdek ular tarkibiy boʻlinmalarining oʻzaro yozishmalariga nisbatan ham tatbiq etilmaydi. Deylik, Adliya vazirligi hududiy adliya boshqarmasiga maʼlum masalada xat yubordi. Mazkur xatni koʻrib chiqish hamda ijro etish tartibi va muddatlariga nisbatan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qoʻllanilmaydi.