1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga ilmiy-amaliy sharh
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Qonunchilik – bu eng umumiy maʼnoda qonunlar toʻplamidir.
Yuqorida, 1-moddaga qilingan sharhlarda muhokama qilingan barcha hujjatlar, xususan, Konstitutsiya, kodekslar, qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik va idoralarning farmoyishlari va qarorlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligini tashkil qiladi.
2-moddada “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan bir qatorda boshqa qonun hujjatlariga ham havola qilingan.
Shunday qilib, milliy qonunchilik quyidagilardan iborat:
– xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan maxsus qonunlar;
– huquqiy munosabatlar subyekti sifatida xotin-qizlar va erkaklarga bilvosita aloqador umumiy qonunlar.
Lex specialis derogat generali (lot. – “maxsus qonun umumiy qonunni bekor qiladi (siqib chiqaradi)”) – Rim huquqidan kelib chiqqan umumiy huquq prinsipi. Bu yerda umumiy (generalis) va maxsus (specialis) meʼyorlar oʻrtasida raqobat mavjud boʻlganda, tabiati, talqini va qoʻllanilishidagi afzalliklar maxsus meʼyorlarga boʻysunishi zarur.
Huquqiy axborotning rasmiy manbalarida keltirilgan qonun hujjatlarini batafsil koʻrib chiqamiz. Rasmiy nashrlarda eʼlon qilish meʼyoriy-huquqiy hujjat haqiqiyligining asosiy shartidir. Shunday qilib, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning elektron versiyalari rasmiy manba – Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida (lex.uz) taqdim etiladi.
Rasmiy nashrlarda kerakli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni izlashni osonlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik tarmoqlarining umumhuquqiy klassifikatori tasdiqlandi. Masalan, ushbu umumhuquqiy klassifikatorda “01.06.10.00 Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar” kodi mavjud boʻlib, u orqali bizni qiziqtirgan, xotin-qizlar va erkaklar huquqlari tengligiga bevosita taalluqli huquqiy hujjatlarni topishimiz mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi hisoblangan lex.uz maʼlumotlariga koʻra, gender tenglikni taʼminlash sohasida bir qator maxsus qonunlar qabul qilingan. Shunday qilib, “Xotin-qizlarga qoʻshimcha imtiyozlar toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar toʻliq xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash va himoya qilish masalalariga qaratilgan.
Gender masalalari bilan bogʻliq umumiy qonunlarga misol sifatida “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunni keltirish mumkin. Bir qarashda, biz uni maxsus qonun deb atay olmaymiz, chunki subyektiv maʼnoda u ayollarga ham, erkaklarga ham teng darajada taalluqlidir. Shu bilan birga, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning ayrim qismlari ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlari masalasiga bagʻishlangan. Bunga misol tariqasida mazkur Qonunning 29-moddasini keltirish mumkin, unga koʻra, davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanadi. Ushbu qonun hujjatlariga oʻxshash barcha qonunlarda albatta gender tenglik masalasini taʼminlashga qaratilgan normalar mavjud boʻladi. Bunday qonun hujjatlarini gender jihatdan taʼsirchan qonun hujjati deb tasniflash mumkin.
Gender jihatdan taʼsirchan qonunchilik – gender jihatlarini hisobga olgan va shunga mos ravishda qonunchilik tizimlarini ochiq va yashirin gender masalalariga nisbatan taʼsirchanroq qiladigan qonun hujjatlari toʻplamidir.
Gender jihatdan betaraf qonunchilik – universal xarakterga ega boʻlgan qonun hujjatlaridan iborat boʻlib, ular alohida (aniq) gender holatlarini hamda ayollar va erkaklar oʻrtasidagi huquq va imkoniyatlar muvozanatini nazarda tutmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”, “Taʼlim toʻgʻrisida”, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”, “Reklama toʻgʻrisida”, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”, “Sudlar toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”, “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”, “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlarda ham jinsi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi aniq koʻrsatilgan meʼyorlar mavjud.
Ayrim qonunchilik hujjatlarida maxsus qonunga bevosita havolalar mavjud. Masalan, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida keltirilishicha: “oʻz huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega” ekanligi belgilangan.
Jinsdan qatʼi nazar, subyektlarning tengligini oʻrnatadigan gender normasi aksariyat kodekslarda oʻz aksini topgan. Masalan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslar, shuningdek, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Oila, Fuqarolik protsessual, Xoʻjalik protsessual, Saylov, Mehnat kodekslarida fuqarolarning, jinsidan qatʼi nazar, qonun oldida tenglik prinsipini nazarda tutuvchi alohida moddalar mavjud
Gender jihatdan taʼsirchan qonunchilikka misollar
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek, bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) ragʻbatlantirish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksida fuqarolarning teng huquqliligini buzganlik (jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita buzish yoki cheklash yoxud fuqarolarga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish) uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Mehnat kodeksining 244-moddasida teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq toʻlanishini taʼminlash kafolatlanadi. Mehnat kodeksida ayollarning va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlariga bagʻishlangan alohida paragraf mavjud.
Oila kodeksining 2-moddasida oilaviy munosabatlarda ayol va erkakning teng huquqliligi tilga olinadi.
Soliq kodeksi, birinchi qarashda, gender jihatdan betaraf qonun toifasiga kiradi. Ammo uning matnida gender siyosatini amalga oshirishni taʼminlash uchun vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarga oid meʼyorlar borligini koʻrish mumkin. Soliq kodeksida vaqtinchalik soliq imtiyozlari nazarda tutilgan. Jumladan, 2022 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 1 yanvargacha boʻlgan davrda mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarning reestriga kiritilgan hududlarda xodimlarining umumiy soni 10 nafardan kam boʻlmagan hamda u yerda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xotin-qizlar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizidan kam boʻlmagan kichik tadbirkorlik subyektlari oʻzida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xotin-qizlarning mehnatiga haq toʻlash fondidan olinadigan ijtimoiy soliqni 2022 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 1 yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlashi belgilab qoʻyilgan.
Sharhlanayotgan moddada maxsus qonun va boshqa qonun hujjatlariga havola bilan bir qatorda “agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari” qoʻllanilishi haqidagi meʼyor ham mavjud.
Bu qoida Oʻzbekiston huquqiy tizimida xalqaro huquqning milliy huquqdan ustunligi tamoyili nazarda tutilganligi bilan bogʻliq.
Xalqaro huquqning ustuvorligi – bu xalqaro huquq normalari va davlatlarning majburiyatlarining ichki tartib-qoidalaridan ustunligidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir”. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunda xalqaro shartnomani imzolash va tuzish kabi tushunchalar berilgan boʻlib, bu Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishini nazarda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini imzolash – xalqaro shartnomani tuzish bosqichi yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga boʻlgan roziligini, agar xalqaro shartnomada imzolash shunday kuchga ega ekanligi nazarda tutilgan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasining va muzokaralarda ishtirok etayotgan boshqa tomonlarning imzolash shunday kuchga ega boʻlishi kerakligi haqidagi kelishuvi boshqacha tarzda belgilangan boʻlsa yoki imzolashga shunday kuch berish maqsadi muzokaralarda ishtirok etayotgan tomon vakilining vakolatlaridan kelib chiqsa yoxud muzokaralar vaqtida bildirilgan boʻlsa, bildirish shakli.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish – xalqaro shartnomaning mazmunini shakllantirish, uning matnini qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishga doir tartib-taomillar ketma-ketligi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligi xalqaro shartnomani imzolash, notalar, xatlar yoki xalqaro shartnomani tashkil etuvchi boshqa hujjatlar almashish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish, unga qoʻshilish orqali yoki ahdlashuvchi tomonlar kelishib olgan boshqa har qanday usulda bildirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu Qonun talablarini hisobga olgan va xalqaro shartnoma qoidalaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish usulini aniqlaydi.
Umuman olganda, koʻrib chiqilayotgan sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish manbalari sifatidagi maxsus, umumiy qonunlar, xalqaro shartnomalar xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash sohasida bir-birini mustahkamlash va toʻldirishga qaratilgan.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar — jinslarning notengligini bartaraf etish, xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy yoki asos bo‘ladigan tengligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun davlat organlari tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy hamda institutsiyaviy xususiyatga ega chora-tadbirlar;
gender — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati;
gender statistikasi — davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risida har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi;
gender-huquqiy ekspertiza — normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
genderga oid audit — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek genderga doir kompleks yondashuvni o‘rganish va baholash;
jins bo‘yicha bevosita kamsitish — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq to‘lash;
jins bo‘yicha bilvosita kamsitish — bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash;
genderga doir kompleks yondashuv — davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyatini, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etish.
4-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
demokratizm;
xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi;
jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;
ochiqlik va shaffoflik.
5-modda. Jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik
Xotin-qizlar va erkaklar davlat tomonidan kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Quyidagilar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:
bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish vazifalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda farqlarni belgilash;
qonunda belgilangan tartibda muddatli harbiy xizmatga chaqirish;
ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish;
xotin-qizlar va erkaklar mehnatini muhofaza qilishda ularning reproduktiv salomatligini saqlash xususiyatlari;
majburiyatlar faqat muayyan jinsdagi shaxslar tomonidan bajarilishi mumkinligiga asoslangan holda kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish;
qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda huquqiy jihatdan ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash;
xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeyini mustahkamlashga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan ijobiy choralar.
6-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash kafolatlari
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishini kafolatlaydi.
Xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka erishish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning ishtirokini kengaytirish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish hamda ularning oldini olish maqsadida davlat tomonidan gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘riladi.
7-modda. Gender-huquqiy ekspertiza
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, gender-huquqiy ekspertiza xulosasi ushbu normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqqan yoki qabul qilgan organga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi:
jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiq emasligini aniqlashga;
jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlarini umumiy baholashga;
normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflarni aniqlashga;
jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yadigan, aniqlangan normalarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgandir.
8-modda. Gender statistikasini shakllantirish
Davlat statistika organlari gender ko‘rsatkichlari asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yig‘ishni, unga ishlov berishni, uni to‘plashni, saqlashni, tahlil qilishni va e’lon qilishni amalga oshiradi.
Gender ko‘rsatkichlarini shakllantirish:
davlat statistika organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat statistik kuzatuvlariga;
davlat boshqaruvi organlarining ma’muriyatga oid ma’lumotlariga;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan muntazam ravishda amalga oshiriladigan statistik kuzatuvlarga asoslanadi.
Gender ko‘rsatkichlari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining statistik ma’lumotlari asosida ham shakllantirilishi mumkin.
81-modda. Genderga oid auditning asosiy vazifalari
Genderga oid auditning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini o‘rganish;
davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatini genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini o‘rganish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilish holatini baholash;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
82-modda. Genderga oid auditni o‘tkazish va uning natijalarini ko‘rib chiqish tartibi
Genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida o‘tkaziladi.
Genderga oid audit davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati asosida o‘tkaziladi.
Genderga oid auditni o‘tkazish uchun tegishli sohada zarur bilimga va ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar jamoatchilik asosida jalb etilishi mumkin.
Genderga oid audit natijalariga doir axborot va takliflar genderga oid audit o‘tkazilganidan keyin Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga o‘n ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi genderga oid audit natijalariga doir axborotni va takliflarni bir oy ichida ko‘rib chiqadi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi genderga oid audit natijalariga doir axborotni va takliflarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda genderga doir kompleks yondashuvni bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Genderga oid audit natijalari to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
9-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
mazkur sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish va takomillashtirish;
mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirish;
jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtirok etishini ta’minlash;
mehnatga oid va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;
oilani, bolalikni ijtimoiy jihatdan himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, mas’uliyatli onalik va otalikni shakllantirish;
jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga qaratilgan axborotdan jamiyatni himoya qilish;
mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga doir chora-tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish maqsadida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish.
10-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlari, milliy harakatlar rejalari va strategiyalarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi hamda amalga oshirilishini va ularni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi hamkorligini ta’minlaydi;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni belgilaydi.
12-modda. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining vakolatlari
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi:
xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida gender tenglikka erishishga, oilani mustahkamlashga, onalik, otalik hamda bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligiga erishishga, davlat xizmatining rahbarlik lavozimlariga ilgari surish chog‘ida jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipini ta’minlashga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
gender tenglikni, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarning joriy holatini o‘rganish, mavjud muammolarni tanqidiy jihatdan tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘radi;
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy faolligini erkaklar bilan teng ravishda oshirish choralarini ko‘radi;
davlat organlarining jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtiradi;
jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitilganligi munosabati bilan og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus muassasalarni tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish va ularni bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalariga doir murojaatlarini qabul qilishni, ko‘rib chiqishni va tahlil qilishni amalga oshiradi hamda buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan choralar ko‘radi;
genderga oid auditni o‘tkazish rejasini tasdiqlaydi va genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyatini belgilaydi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash va bu sohadagi xalqaro standartlarga rioya etish borasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
har yili O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining qo‘mita faoliyati hamda sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimi to‘g‘risidagi axborotini eshitadi.
121-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalarining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida:
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashda ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash choralarini ko‘radi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini berish to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni va axborotni muntazam ravishda yig‘ishni hamda tahlil qilishni ta’minlaydi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari, shuningdek ularni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudlarga arizalar (shikoyatlar) va da’volar beradi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
zarur hollarda, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qiladi, ishchi guruhlar tuzadi.
13-modda. Davlat organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida:
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni va axborotni muntazam ravishda yig‘ishni hamda tahlil qilishni ta’minlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning buzilishiga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularni tiklash bo‘yicha choralar ko‘radi;
xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ta’minlash masalalari yuzasidan kadrlarning kasbiy tayyorgarligi tizimini takomillashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi hamda bunga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha fuqarolarning madaniyat darajasini va xabardorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar ko‘radi hamda bunga ko‘maklashadi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni amalga oshirishga faol jalb qilish maqsadida ular bilan hamkorlikni rivojlantiradi;
xotin-qizlar va erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan ham onalarga, ham otalarga bola parvarishi uchun ta’til berish orqali shart-sharoitlar yaratadi;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘radi va ularni bekor qiladi;
mehnat bozorida xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ilgari surish, ishga joylashtirish uchun o‘qitish hamda sharoitlar yaratish yuzasidan xususiy sektor bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxs (bundan buyon matnda vakolatli shaxs deb yuritiladi) belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining o‘rinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
Davlat organlarining rahbarlari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari ishtirokida maslahat-kengash organlarini tuzishi mumkin.
14-modda. Davlat organlaridagi vakolatli shaxsning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Vakolatli shaxs:
faoliyatning tegishli sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga rioya etilishini ta’minlaydi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash holatini tahlil qiladi, gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar qo‘llanilishining maqsadga muvofiqligini o‘rganadi hamda ularni qo‘llash to‘g‘risida takliflar kiritadi;
jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga barham berish yuzasidan axborot faoliyatini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda doimiy asosda amalga oshiradi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasida gender ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqadi, tahlil qiladi hamda zarur hollarda ular haqida vakolatli organlarga xabar beradi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha xodimlarning kasbiy darajasini oshirish choralarini ko‘radi;
jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishning namoyon bo‘lish faktlarini bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘radi.
15-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish tizimini takomillashtirishga, erkaklar bilan teng ravishda xotin-qizlarning ijtimoiy hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun bandlik sohasida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga, shu jumladan kasanachilikni tashkil etishga, oilalar uchun ijtimoiy xizmatlar tarmog‘ini yaratishga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat organlarining qarorlarini, davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar va ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik qiladi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirishga qaratilgan o‘quv, axborot-ma’rifiy tadbirlarini amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda davlat organlariga ko‘maklashadi;
jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitilgan shaxslarning huquqlarini davlat organlarida va sudda himoya qilishga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
16-modda. Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash
Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash orqali davlat boshqaruvida turli jinsdagi shaxslarning ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi kafolatlanadi.
Davlat xotin-qizlarga erkaklar bilan teng sharoitlarda va hech bir kamsitishsiz xalqaro miqyosda davlatning vakili bo‘lish hamda xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘radi.
Davlat xizmatiga qabul qilish chog‘ida va uni o‘tash davrida jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishdagi tenglik malakaga va kasbiy tayyorgarlikka muvofiq ta’minlanadi.
Davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda ko‘tarilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlangan holda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatida xizmatchilarning lavozim toifalarini hisobga olgan holda bir jinsdagi xodimlarning lavozimlarni egallashi uchun kvotalash tizimini belgilashni nazarda tutuvchi gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni qo‘llashga ruxsat beriladi. Kvota vaqtinchalik chora sifatida joriy etiladi hamda u davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligiga erishilishiga qarab bekor qilinishi mumkin.
Davlat organlari rahbarlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligiga rioya etilishi zarur.
Davlat organlarining rahbarlari va tegishli mansabdor shaxslar xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishda teng huquqlilikni ularning qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq ta’minlashi shart.
17-modda. Davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash uchun tanlovlarda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta’minlanishi kerak.
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning ma’lumoti va kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi. Shunga o‘xshash ma’lumotlar xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga doir chora-tadbirlar ko‘rish uchun davlat xizmatchilarini attestatsiyadan o‘tkazish, xizmat bo‘yicha ko‘tarish masalalarini hal qilishda davlat organlarining kadrlar xizmatlari tomonidan taqdim etiladi.
18-modda. Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash
Xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega.
Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
19-modda. Saylov komissiyalarini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov hamda referendumlar o‘tkazish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
20-modda. Iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat organlari va mulk shaklidan qat’i nazar tashkilotlar rahbarlari jamiyatning iqtisodiy resurslaridan, shu jumladan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk, yer, moliyaviy aktivlar, kreditlar, ijtimoiy jamg‘armalardan, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining erkin tanlangan turlaridan xotin-qizlar va erkaklarning teng foydalanishini ta’minlashi shart.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi.
21-modda. Mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Ish beruvchi mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida quyidagilarni ta’minlaydi:
ishga yollashda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni;
teng mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarga teng ish haqini (mukofotni) hamda xotin-qizlar va erkaklar ishining sifatini baholashga doir teng yondashuvni;
xizmatda ko‘tarilish, qayta tayyorlash va malaka oshirishda teng imkoniyatlarni;
texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ish hajmlarining qisqarishi oqibatida xodimlarning soni (shtati) yoki ishning xususiyati o‘zgarishi yoxud korxona, muassasa va tashkilot tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda qonunda belgilangan afzalli huquqlarni bergan holda xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari tengligini;
oilani ijtimoiy himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farzandlari bor ayollar va erkaklar foydalana oladigan amaliyotni joriy etish va rivojlantirishni, homilador hamda emizikli ayollar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishni;
xotin-qizlar va erkaklarning hayot faoliyatini hamda sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlaydigan, shu jumladan reproduktiv funksiyalarni saqlaydigan xavfsiz mehnat sharoitlarini;
mehnat munosabatlarida shaxslarning qadr-qimmatini poymol qilishga olib keluvchi nomaqbul muomalaga yoki kamsituvchi mehnat sharoitlarini yaratishga yo‘l qo‘yilmasligini;
xotin-qizlar va erkaklar uchun mehnat faoliyatini, jamiyat hayotida ishtirok etishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish uchun teng sharoitlar yaratishni, shu jumladan mehnat qilish imkoniyatini beradigan, bolalarni parvarishlash bo‘yicha muassasalar tarmog‘ini tashkil etish va kengaytirish orqali sharoitlar yaratishni.
22-modda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Mehnat munosabatlarini jamoa-shartnomaviy jihatdan tartibga solish chog‘ida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydigan qoidalarni jamoa shartnomalari va kelishuvlariga kiritish, ularning kasbiy va oilaviy majburiyatlarni qo‘shib bajarishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash shart.
Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash majburiyatlarini tashkilotlarning va ular tarkibiy bo‘linmalarining vakolatli shaxsi zimmasiga yuklatish;
ishga qabul qilish va xizmat bo‘yicha ko‘tarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish;
xotin-qizlar va erkaklar mehnatiga haq to‘lashda notenglikni bartaraf etish.
23-modda. Ijtimoiy himoya sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat organlari, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarning huquqlarini teng darajada hisobga olishi shart.
Xotin-qizlar va erkaklar ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishda teng huquqlarga ega.
24-modda. Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Oila, onalik, otalik va bolalik davlat muhofazasidadir.
Xotin-qizlar va erkaklar oilaviy munosabatlar sohasida teng huquq hamda majburiyatlarga ega.
Oilaviy munosabatlar sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun huquq hamda imkoniyatlarning tengligi quyidagilarga asoslanadi:
xotin-qizlar va erkaklar nikoh tuzishining ixtiyoriyligiga;
majburiy va erta nikohlarga yo‘l qo‘yilmasligiga;
er va xotinning shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari tengligiga;
oilaning ichki mojarolarini o‘zaro kelishuv bo‘yicha hal qilishga;
uy mehnatiga nisbatan xotin-qizlar va erkaklar huquq hamda majburiyatlarining tengligiga;
bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishda, voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashda teng ishtirok etishga.
Ota-onalar kichik yoshdagi bolalarni, nogironligi bo‘lgan oila a’zolarini parvarishlash bo‘yicha nafaqalar olishda teng huquqlarga ega bo‘ladi.
Bola tug‘ilishi munosabati bilan ona ham, ota ham haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga ega. Bolani parvarishlash bo‘yicha ta’tilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga ko‘ra ular o‘rtasida bo‘linishi mumkin, bunda ota-ona ta’tildan uni qismlarga bo‘lgan holda foydalanishi mumkin.
25-modda. Uy mehnatini bajarishda teng munosabatlar kafolatlari
Uy mehnati jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas, u ayollar va erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshiriladi.
26-modda. Ta’lim, ilm-fan hamda madaniyat sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat ta’lim olish huquqini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlaydi.
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning ta’lim olish, qayta tayyorlash va malaka oshirishning barcha turlaridan foydalanishga, ta’lim va ilmiy jarayonni amalga oshirishda ishtirok etishga hamda madaniyatdan, madaniy qadriyatlar va merosdan foydalanishga doir teng huquq va imkoniyatlarini;
turli ta’lim dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning genderga oid ma’rifatini oshirishga ko‘maklashishni;
jinslardan birining ustunligi g‘oyasiga asoslangan noto‘g‘ri tasavvurlardan xoli o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va chop etishni;
o‘quv dasturlari va darsliklarni jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipiga muvofiqlik yuzasidan muntazam ravishda monitoring qilishni;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan axborot-ma’rifiy tadbirlarni rag‘batlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni.
Ta’lim sohasidagi vakolatli organ ta’lim dasturlarini, ta’lim muassasalarining dasturlarini hamda rejalarini ularning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi jihatidan ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va malaka oshirish kurslari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha kursni o‘z ichiga olishi kerak.
27-modda. Sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘z huquqlarini amalga oshirishga, shu jumladan malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga, qulay tibbiy xizmatlardan foydalanishga, oilani rejalashtirishga va reproduktiv salomatlikni himoya qilishga bo‘lgan teng imkoniyatlarini;
zarur bo‘lgan hollarda, xotin-qizlarning turli ehtiyojlarini hisobga olib, ayniqsa, homiladorlik, tug‘ish davrida va tug‘ishdan keyingi davrda xotin-qizlarga bepul xizmatlar ko‘rsatgan, shuningdek homiladorlik va emizish davrida tegishli oziq-ovqat bilan ta’minlagan holda, sog‘liqni saqlash sohasidagi strategiya va dasturlarning amalga oshirilishini;
tibbiy ta’lim sohasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni qabul qilishni;
sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tafovutlarni hisobga oluvchi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga ko‘maklashishni.
28-modda. Jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish faktlari ustidan shikoyat qilish
Agar shaxs o‘zini jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmatlarga haq to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.
29-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
30-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
31-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
32-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
1-modda
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida inson huquqlari qonun ustuvorligi bilan himoya qilinishi kerakligi koʻrsatib oʻtilgan. Xalqaro huquq va milliy qonunchilik konstitutsiya va qonunlarning boshqa qonunchilik hujjatlariga nisbatan soʻzsiz ustunligini tan oladi. Qonun meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning asosiy turlaridan biridir.
Normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat koʻrsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.
Konstitutsiya, kodekslar, qonunlar va parlament qarorlari qonunchilik hujjatlari hisoblansa, davlat rahbarining farmon va qarorlari, hukumat qarorlari, vazirlik va idoralarning farmoyishlari va qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlari hisoblanadi, chunki ular qonunchilik hujjatlariga muvofiq va ular ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilinadi.
Qonunchilik hujjatlarining yuqori iyerarxik darajada joylashuvi qonunlarni, odatda, davlatning oliy vakillik organi boʻlgan parlament tomonidan qabul qilinishi bilan bogʻliqdir. Jamiyat va davlat uchun eng muhim masalalar, jumladan, inson huquqlariga taalluqli masalalar odatda qonunlar darajasida tartibga solinadi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi dastlab 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida mustahkamlab qoʻyilgan edi. Shundan soʻng, 2023-yil 30-aprelda boʻlib oʻtgan referendumda umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririga ham xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy norma kiritildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida “Davlat xotinqizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi”, deb qoʻshimcha kafolatlangan».
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi bitta konstitutsiyaviy norma bilangina qamrab olinmaydigan juda koʻp jihatlarni oʻz ichiga oladi. Shu bois ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Misollar va eng yaxshi tajribalar
Masalan, Shveysariyada 1995-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar tengligi toʻgʻrisida”gi Federal qonuni qabul qilingan boʻlib, uning maqsadi ayollar va erkaklar oʻrtasidagi amaldagi tenglikka koʻmaklashishdir. Bu maqsaddan kelib chiqadiki, amalda ayollar va erkaklar oʻrtasidagi tengsizlik bilan bogʻliq ijtimoiy muammo mavjud va bu qonun uni hal etiishga qaratilgan.
Finlyandiya qonun chiqaruvchi organi ham ana shunday yondashuvga amal qiladi. Xususan, Finlyandiyaning “Erkaklar va xotin-qizlar tengligi toʻgʻrisida”gi qonunining maqsadi gender asosidagi kamsitishlarning oldini olish, erkaklar va ayollar oʻrtasidagi teng huquqlilikka koʻmaklashish, shuningdek, ayollarning, ayniqsa mehnat sohasidagi holatini yaxshilashdir. Maqsadidan kelib chiqib, ushbu Qonunning qoidalari uch turga boʻlinadi: gender tenglikni taʼminlashga koʻmaklashuvchi qoidalar, kamsitishlarni taqiqlash, shuningdek, qonun ijrosini huquqiy himoya qilish va nazorat qilish bilan bogʻliq qoidalar.
Jamiyat hayotining barcha sohalarida kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlash, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqlari, erkinliklari va imkoniyatlarini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish, kamsitishning oldini olish va bartaraf etishga koʻmaklashish kabi harakatlar Gruziyaning “Gender tenglik toʻgʻrisida”gi qonuni maqsadlari sifatida belgilangan.
Ozarbayjon Respublikasining “Gender (erkak va ayol) tenglikni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining maqsadi jinsiy mansubligiga koʻra kamsitishning barcha shakllariga barham berish, erkaklar va ayollar uchun siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng imkoniyatlar yaratish etib belgilangan.
Qirgʻiziston Respublikasining “Erkaklar va ayollar uchun teng huquq va teng imkoniyatlarning davlat kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunining maqsadi jamiyat hayotining barcha jabhalarida ayollar va erkaklarning tenglikka erishishdan iborat.
Yuqoridagi misollar maqsadlarining mazmuni qonunchilikning gender tengsizlik muammosini qonunchilik darajasida hal qilishga intilishidan dalolat beradi. Bunday yondashuv, oʻz navbatida, qonunning maqsadini belgilash talablariga javob beradi.
Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni maqsadini biroz boshqacha tarzda ifodalab, uni ayollar va erkaklar uchun huquq va imkoniyatlar tengligini taʼminlashning konstitutsiyaviy kafolatlariga toʻliq mos keluvchi, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash shaklida taqdim etishimiz mumkin.
Bu borada Moldova tajribasi qiziqish uygʻotadi, bu yerda maxsus qonun gender tenglikning konstitutsiyaviy kafolatlarini taʼminlashning batafsil mexanizmi hisoblanadi. Xususan, Moldova Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunining maqsadi, Moldova Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan, jins belgisi asosidagi kamsitishning barcha shakllarining oldini olish va ularga barham berish uchun ayollar va erkaklarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va hayotning boshqa sohalarida teng huquqlarini amalga oshirishni taʼminlashdan iborat.
Ushbu qonunning qabul qilinishi BMTning Inson huquqlari boʻyicha shartnomaviy organlari, jumladan, BMTning Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistonning davriy hisobotlarini koʻrib chiqish natijasida qatʼiy tavsiya etilgan. BMT IHKning Oʻzbekiston maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlariga koʻra taqdim etilgan Universal davriy sharhida (UDSH) ham ana shular tavsiya qilindi. Qonunning qabul qilinishi qonunchilikni xalqaro standartlarni hisobga olgan holda takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Koʻpgina global gender indekslarida (reytinglarida) xotin-qizlar huquqlari boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega yetakchi davlatlar Islandiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Daniya va Shvetsiya hisoblanadi. Bu mamlakatlarning barchasida gender tenglik boʻyicha qonunlar amal qiladi.
Umuman olganda, qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar holatini yaxshilash, ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga eʼtiborni kuchaytirish, ularning oʻz huquqlarini roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, barcha sohalarda gender tafovutini kamaytirishga xizmat qiladi.