O‘zbekiston o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalari uslubiy qo‘llanma
O‘zbekiston o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar
“O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonun
“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi PF–90-son Farmoni
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-noyabrdagi “Respublika o‘rmonlarini himoya qilish bo‘yicha ayrim me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 506-sonqarori
Kirish
O‘rmonlar davlat mulki – umummilliy boylik bo‘lib, ulardan oqilona foydalanish lozim hamda ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Shuningdek,“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 68-maqsadi o‘rmonlar maydonini kengaytirishni, 70-maqsadi iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish kabilarni nazarda tutadi.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun bir qator ko‘rsatkichlarga erishish talab etiladi, xususan:
- yerlarni eroziyadan va melioratsiya obyektlarini qum ko‘chishidan saqlash uchun 26 200 gektar ihota daraxtzorlarini barpo etish;
- respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga yetkazish, daraxt va buta urug‘lari tayyorlashni 840 tonnaga oshirish;
- o‘rmon fondining tog‘ va tog‘oldi hududlari plantatsiyalarini barpo qilish, cho‘l hududlarida o‘simliklarni ko‘paytirish, hududlarda himoya o‘rmonzorlarini barpo etish;
- o‘rmon xo‘jaliklari va milliy tabiat bog‘lari, tog‘li va cho‘l hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida ekoturizm, tog‘, ov va safari turizmini joriy qilish va boshqalar.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ushbu maqsad va ko‘rsatkichlariga erishishda tabiatni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunchilikka, shu jumladan, o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish zarur bo‘ladi.
Bu vazifalarni amalga oshirishda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilganO‘zbekiston o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma katta hissa qo‘shadi degan umiddamiz.
Umumiy talablar
O‘zbekiston Respublikasi o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalarining bajarilishi ustidan davlat nazorati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi o‘z tasarrufida bo‘lgan davlat o‘rmon fondi hududida o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari bajarilishi ustidan idoraviy nazoratni amalga oshiradi.
Vazirliklar va idoralarga biriktirilgan o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalarining bajarilishini nazorat qilish tegishli vazirliklar va idoralarga yuklanadi.
Joylardagi davlat hokimiyati organlari va o‘rmon xo‘jaligi korxonalari yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan davrda aholining va transport vositalarining o‘rmonlarga kirishini taqiqlashlari mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalarida nazarda tutilmagan yong‘inga qarshi qo‘shimcha talablarni belgilashlari mumkin.
Hokimliklar belgilaydigan qo‘shimcha talablar O‘zbekiston Respublikasi o‘rmonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga va o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha boshqa me’yoriy hujjatlarga zid bo‘lmasligi, shuningdek yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan davrda muayyan uchastkalarda o‘rmonlardagi ishlarni to‘xtatib qo‘ymasligi kerak.
O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, shuningdek jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Yong‘in xavfi mavsumida ignabargli daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan joylarda, eski kuyuklarda, o‘rmonning ziyon yetkazilgan uchastkalarida, o‘rmonning kesilgan daraxt qoldiqlari va tayyorlangan yog‘och-taxta qoldirilgan daraxt kesilayotgan uchastkalarida, o‘tlar qurigan joylarda, shuningdek daraxtlar shox-butoqlari ostida gulxan yoqish taqiqlanadi.
Qolgan joylarda atrofi kamida 4 metr kenglikda ma’danlashtirilgan maydonchalarda gulxan yoqishga ruxsat etiladi. Zarurat tugashi bilan gulxan puxtalik bilan o‘chirilgan bo‘lishi kerak.
Joylardagi davlat hokimiyati organlari zarur hollarda:
o‘rmonda belgilangan uchastkalarda yoki yong‘in xavfi mavsumining belgilangan davrlarida gulxan yoqishni;
o‘rmonga yonib turgan gugurt, sigaret qoldiqlarini tashlashni va tamaki trubkasidan cho‘g‘li kulni qoqishni;
o‘rmonda ov qilishda tez yonib ketadigan yoki tutab yonadigan materiallardan bo‘lgan tiqinlardan foydalanishni;
moyli yoxud benzin, kerosin va boshqa yonuvchi moddalar shimdirilgan artish materiallarini o‘rmonda maxsus ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilmagan joylarda qoldirishni;
o‘rmonda dvigatel ishlab turgan paytda yonilg‘i baklariga yonilg‘i quyishni, dvigatelning energiya tizimi nosoz bo‘lgan mashinalardan foydalanishni, yonilg‘i quyilayotgan mashinalar yonida chekish yoki ochiq olovdan foydalanishni to‘liq taqiqlab qo‘yishi mumkin.
O‘rmon yalangliklarida, sayhonliklarda, o‘tloqlarda o‘tlarni yoqish hamda Davlat o‘rmon fondi yerlarida hamda o‘rmonlarga, himoya va ko‘kalamzorlashtirish daraxtzorlariga bevosita tutashgan yer uchastkalarida ang‘izlarni yoqish taqiqlanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar quyidagilarga majburdirlar:
o‘rmonda yo‘llar qurilayotganda, gaz quvurlari, neft quvurlari va mahsulot quvurlari yotqizilayotganda, elektr uzatish, aloqa, radiolashtirish liniyalari va boshqa kommunikatsiyalar o‘tkazilayotganda qolgan yog‘och-taxta va boshqa tez yonadigan materiallarni o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan belgilanadigan tartibda va muddatlarda yig‘ishtirib olish;
o‘rmonda ishlar bajarilganda yonilg‘i va moylash materiallarini tegishli standartdagi yopiq idishlarda saqlash, yong‘in xavfi mavsumida ular saqlanadigan joylarni o‘simlik qatlamidan, daraxt qoldiqlaridan va boshqa tez yonadigan materiallardan tozalash hamda kamida 1,4 metr kenglikda ma’danlashtirilgan polosa bilan atrofini o‘rash;
o‘rmonda ishlar bajariladigan va obyektlar joylashgan joylarda yoki madaniy-ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda O‘rmon agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan normalar bo‘yicha o‘rmonlardagi yong‘inlarni o‘chirish uchun yong‘inga qarshi asbob-uskunalar va vositalarga ega bo‘lish;
Ko‘rsatib o‘tilgan o‘t o‘chirish asbob-uskunalari va vositalarini darhol foydalanishga to‘liq tayyor holda saqlashga majburdirlar.
Yong‘inlarni o‘chirish uchun yong‘inga qarshi asbob-uskunalar va vositalar bilan ta’minlash normalari tasdiqlanmagan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ishlar bajariladigan va obyektlar joylashgan joylarda dastlabki o‘t o‘chirish vositalari (suv quyilgan bochkalar, qum solingan qutilar, o‘t o‘chirgich, boltalar, belkuraklar, supurgilar va boshqalar)ga ega bo‘lishga majburdirlar.
yong‘in xavfi mavsumida o‘z tarkibida yoki o‘rmonda ishlar bajaruvchi ayrim bo‘linmalarda, shuningdek o‘rmonda joylashgan qo‘rg‘onlarda ishlovchilar va boshqa fuqarolardan iborat yong‘inga qarshi ko‘ngilli drujinalarni tuzishga majburdirlar.
O‘rmonni maishiy va qurilish chiqindilari bilan ifloslantirish, ularda axlat uchun axlatxonalar tashkil etish taqiqlanadi.
Daraxt kesayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga qo‘yiladigan talablar
Daraxt kesayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek fuqarolar, kesish usuli va vaqtidan qat’i nazar, yog‘och tayyorlash bilan bir vaqtda daraxt kesish joylarini yog‘och qoldiqlardan tozalashga majburlar.
Tozalash usullari har bir alohida holatda daraxt kesish chiptalarida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ko‘rsatiladi.
Daraxt tanlab va bosqichma-bosqich kesilganda, shuningdek yoppasiga kesilganda yog‘och tayyorlovchilar nihol va yosh daraxtlarni saqlab qolishga majburdir, o‘rmonning daraxt kesilayotgan uchastkasini yog‘och qoldiqlaridan tozalashda yondirilmaydigan usullar qo‘llanishi kerak.
Daraxt kesish joylarini tozalashda yog‘och tayyorlovchilar quyidagitalablarni bajarishlari shart:
daraxt qish vaqtida kesilganda kesish joylarini ko‘klamda yana tozalash;
kesilgan daraxt qoldiqlarini chiritish (yoqish) uchun g‘aramlarga yoki uyumlarga taxlab qo‘yish yoki o‘rmon yonidan kamida 10 metr masofada o‘rmonning daraxt kesilayotgan uchastkasi bo‘ylab ularni maydalab sochib yuborish;
kesish joylarini kesilgan daraxt qoldiqlarini yondirish usuli bilan tozalashda yondirishni yong‘in xavfi mavsumi boshlangunga qadar tugallash;
Yozgi yog‘och tayyorlashdan qolgan daraxt qoldiqlarini va kesish joylarini ko‘klamda tozalashdan to‘planib qolgan kesilgan daraxt qoldiqlarini yong‘in xavfi mavsumi tugagandan keyin kuzda yondirish.
O‘rmonning daraxt kesilayotgan uchastkalarida kesilgan daraxtlar qoldiqlarini yoppa uyumi bilan yondirish taqiqlanadi.
Yong‘in xavfi mavsumida o‘rmonning daraxt kesilayotgan uchastkasida qoldirilayotgan tayyorlangan yog‘och mahsulotlari shtabellangan yoki sarjinlangan bo‘lishi kerak.
Tayyorlangan yog‘ochlar faqat ochiq joylarda:
joylashtirish maydoni 8 gektargacha bo‘lganda yaproqli o‘rmon chetidan – 20 metr, 8 gektar va undan ortiq bo‘lganda esa – 30 metr;
joylashtirish maydoni 8 gektargacha bo‘lganda ignabargli va aralash o‘rmon chetidan – 40 metr, 8 gektar va undan ortiq bo‘lganda – 60 metr masofada joylashtiriladi.
Joylashtirish joylari va ular atrofidagi ko‘rsatib o‘tilgan yong‘inga qarshi masofa tez yonadigan materiallardan tozalangan bo‘lishi va kamida 1,4 metr kenglikda ma’danlashtirilgan polosa bilan, quruq tuproqlardagi ignabargli daraxtzorlarda esa – bir-biridan 5–10 metr masofada ikkita shunday polosa bilan atrofi o‘ralishi kerak.
Ayrim korxona va tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
Tasarrufida temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari bo‘lgan korxonalar va tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
Tasarrufida o‘rmon dahalari orqali o‘tadigan faoliyat ko‘rsatayotgan temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar:
temir yo‘llar va shosse yo‘llar bo‘ylab ajratilgan polosani shoxshabbalar, yog‘och qoldiqlari va boshqa tez yonadigan materiallardan tozalangan holda saqlashga;
mazkur polosalar chegarasi bo‘ylab ignabargli daraxtzorlarda yong‘in xavfi mavsumi mobaynida 1,4 metr kenglikdagi ma’danlashtirilgan polosani, quruq tuproqdagi ignabargli daraxtzorlarda va kesilgan joylarda bir-biridan 5 metr masofada bo‘lgan 2 ta shunday polosalarni tozalangan holatda saqlashga;
yo‘llar yaqinida joylashgan quruq tuproqdagi ignabargli daraxtzorlarda, tekis taxlangan shpallar va qordan himoya qiluvchi to‘siqlar, shuningdek yog‘och ko‘priklar, turg‘un platformalar, turar joylar va yo‘l nazoratchilari budkalari atroflarida yong‘in xavfi mavsumi mobaynida eni kamida 1,4 metr bo‘lgan ma’danlashtirilgan polosa qurish va uni tozalangan holatda saqlashga majburdirlar.
Temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari o‘tadigan o‘rmon massivlaridan foydalanganda yuridik va jismoniy shaxslar Qo’llanmaning I va II boblarida ko‘rsatib o‘tilgan umumiy talablarga rioya qilishlari kerak.
O‘rmonda yong‘in paydo bo‘lganda darhol uni o‘chirish chora-tadbirlari tashkil etiladi va ko‘riladi. Ko‘rsatib o‘tilgan talablarni buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan zarar uchun ma’muriy yoki mulkiy javob beradilar.
Neft-gaz qidiruv va neft-gaz qazib oluvchi korxonalar va tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
Neft-gaz qidiruv va neft-gaz qazib oluvchi korxonalar va tashkilotlar davlat o‘rmon fondi hududida ishlarni bajarayotganda quyidagilarga majbur:
yong‘in xavfi mavsumi mobaynida burg‘ulash qudug‘i va boshqa inshootlar uchun ajratilgan hududlarni yog‘och qoldiqlari va tez yonadigan materiallardan tozalangan holda saqlashga, ushbu hududlar chegaralari bo‘ylab eni kamida 1,4 metr bo‘lgan ma’danlashtirilgan polosa qurish va uni yong‘in xavfi mavsumi mobaynida tozalangan holatda saqlashga;
burg‘ulanayotgan va foydalanilayotgan quduqlardan 50 metr radiusdagi (neft va gaz quduqlaridan yopiq tizim bo‘yicha foydalanilganda 25 metr radiusda) maydonni daraxtlar va butalardan to‘liq tozalashga;
neft ochiq idishlarda va kotlovanlarda saqlanishiga, shuningdek yonuvchi moddalar bilan hududlarning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
agar neft chiqindilari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinsa, neft chiqindilarini yoqib yuborish tartibi va vaqtini o‘rmon xo‘jaliklari bilan kelishib olishga majburdir.
Tasarrufida elektr uzatish, aloqa, radiolashtirish liniyalari va quvurlar bo‘lgan korxonalar va tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
Tasarrufida elektr uzatish, aloqa, radiolashtirish liniyalari va quvurlar bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar yong‘in xavfi mavsumi mobaynida ushbu liniyalar o‘tgan o‘rmon so‘qmoqlarini xavfsiz holatda saqlashga va quruq joylarda bunday liniyalarning yog‘och machtalari va simyog‘ochlari atrofini qazib qo‘yishga majburdirlar.
Tasarrufida quvurlar bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar yong‘in xavfi mavsumi mobaynida o‘rmon massivi orqali o‘tadigan quvurlar bo‘ylab ajratilgan polosalar va qo‘riqlanadigan hududlarning yong‘inga nisbatan xavfsiz holatini saqlashga va liniya nazoratchilari turadigan uy-joylar atrofida, shuningdek quvurlardagi quduqlar atrofida eni 2-2,5 metr bo‘lganma’danlashtirilgan polosa qurishga majburdirlar.
O‘rmonlarda qidiruv ishlarini olib boruvchi korxonalar va tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
Qidiruv, geodeziya, geologiya, o‘rmon tuzish ekspeditsiyalari va boshqa ekspeditsiyalar, partiyalar va otryadlar ishlar boshlangunga qadar ishlar bajariladigan joyni, asosiy bazalarning o‘rnashish joyini, shuningdek o‘rmonda yurish yo‘nalishlarini ishlar bajariladigan hududlardagi o‘rmon xo‘jaliklarida ro‘yxatdan o‘tkazishga majburdirlar.
O‘rmonlarda madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazuvchi tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
O‘rmonlarda madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazuvchi sayyohlik bazalariga, bolalar sog‘lomlashtirish lagerlariga, dam olish uylariga va boshqa tashkilotlarga yong‘in xavfi mavsumida doimiy dam olish joylarini, sayyohlar to‘xtaydigan joylarni va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni faqat o‘rmon xo‘jaliklari bilan kelishgan holda ushbu uchastkalarda o‘rmon xo‘jaliklari ko‘rsatmasi bo‘yicha gulxan yoqish va axlat to‘plash joylari jihozlangandagina tashkil etishga ruxsat etiladi.
O‘rmon xo‘jaliklariga qo‘yiladigan talablar
O‘rmon xo‘jaliklari quyidagilarga majburdirlar:
o‘rmonda yong‘inga qarshi oraliq joylar, yo‘llar, yong‘inga qarshi ma’danlashtirilgan himoya polosalari, zovurlar, suv havzalarini qurishga, o‘rmonlarni yog‘och qoldiqlaridan va boshqa tez yonadigan materiallardan tozalashga va o‘rmonlarning yong‘in xavfsizligini oshirishga yo‘naltirilgan boshqa o‘rmon xo‘jaligi tadbirlarini o‘tkazish;
aholi, o‘quvchilar, o‘rmonda ishlar olib boruvchi yoki obyektlarga ega bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlari o‘rtasida olov bilan ehtiyot bo‘lib muomala qilish va o‘rmonlardagi yong‘inlarni o‘chirish qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish;
keng foydalaniladigan o‘rmon yo‘llari bo‘ylab o‘rmonda olov bilan ehtiyot bo‘lib muomala qilish zarurligi va yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiruvchi e’lonlar va plakatlarni o‘rnatish;
o‘rmon yo‘llari bo‘ylab dam olish va chekish uchun umumiy foydalaniladigan joylarni jihozlash;
o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida paydo bo‘ladigan yong‘inlarni o‘z vaqtida aniqlash va tugatishni ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish.
O‘rmonlardagi yong‘inlarni o‘chirish bo‘yicha talablar
O‘rmonlarda ishlar bajaruvchi yoki qo‘rg‘onlar, yo‘llar, omborlar, inshootlar va boshqa obyektlarga ega bo‘lgan o‘rmon xo‘jaliklari va boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar
ishlash joylarida, qo‘rg‘onlar yaqinida, yo‘llar, omborlar va boshqa obyektlarda o‘rmonlardagi yong‘inlar paydo bo‘lgan taqdirda
darhol o‘z kuchlari va vositalari bilan ushbu yong‘inlarni o‘chirish choralarini ko‘rishga va yong‘in to‘g‘risida yong‘in muhofazasi organiga va tegishli o‘rmon xo‘jaligiga yoki joylardagi davlat hokimiyati organlariga xabar berishga majburdir.
Jismoniy shaxslar o‘rmonlardagi yong‘inni payqaganda darhol uni o‘chirish choralarini ko‘rishga, o‘z kuchi bilan yong‘inni o‘chirish iloji bo‘lmaganda yong‘in muhofazasi organiga, o‘rmon xo‘jaligi va ichki ishlar organlari xodimlariga yoki joylardagi davlat hokimiyati organlariga xabar berishga majburdirlar.
Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari yong‘inni o‘chirish rahbari, o‘rmon xo‘jaliklarining o‘rmonni muhofaza qilish xodimlari talabiga ko‘ra joylardagi davlat hokimiyati organlari qarorlariga muvofiq o‘rmonlardagi yong‘inlarni o‘chirish uchun texnika vositalarini tezda jo‘natishga majburdir.
O‘rmonlardagi yong‘inlarni o‘chirish uchun jalb qilinadigan jismoniy shaxslar tumanlar hokimliklari qarorlariga muvofiq ushbu ishlarni o‘rmon xo‘jaliklarining o‘rmonni muhofaza qilish xodimlari, Davlat yong‘in nazorati organlari va mansabdor shaxslari rahbarligida bajaradi.
Javobgarlik va yong‘in yetkazgan zararni aniqlash
Yuridik va jismoniy shaxslar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘rmondan foydalanishda va o‘rmonlarda ishlarni bajarishda yong‘in xavfsizligi qoidalarining umumiy talablariga rioya qilishlari kerak.
O‘rmonda yong‘in paydo bo‘lishi bilan darhol ishlarni tashkil etishga va uni o‘chirish choralarini ko‘rishga majburdirlar.
O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan zarar uchunO‘zbekiston Respublikasi qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Yong‘in yetkazgan zararni aniqlash
O‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan zararni undirish miqdorini hisoblab chiqarish va yong‘in paydo bo‘lishining turli sabablari va daraxtlar hamda boshqa o‘simliklarning zararlanish darajasiga ko‘ra, daraxtlar qurishi yoki yog‘och nobud bo‘lishiga oid da’vo summalarining hisob-kitobi qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq belgilanadi.
YONG‘INNI O‘CHIRISHNING DASTLABKI VOSITALARI
O‘rmon xo‘jaligi yurituvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda bo‘lishi zarur bo‘lgan vositalar
1
minish va yuk ortish egarlari bo‘lgan otlar
2
ko‘chma yong‘in motopompasi yoki kichik ko‘chma o‘rmon motopompalari
3
ranetsli (safarxaltasi) o‘rmon o‘t o‘chirgichlari – suv purkagichlar
zarur suyuqliklarni tashish uchun sig‘imi 20 litrli kanistralar
7
ish kiyimlari va maxsus poyabzal, ichimlik suvi uchun sig‘imi 20 litrgacha bo‘lgan bidonlar yoki kanistralar, suv uchun krujkalar
8
birinchi yordam ko‘rsatish uchun tibbiy dori qutichalari
Ko‘rsatib o‘tilgan barcha vositalar yong‘in xavfi mavsumi boshlanishidan bir oy oldin o‘rmonlardagi yong‘inlarga qarshi kurash ishlariga to‘liq tayyor holga keltirilgan bo‘lishi kerak.
Uchastkalar (o‘rmon xo‘jaligi uchastkalari)da o‘t o‘chirish anjomlari va vositalarini saqlash uchun o‘rmon uchastkasi boshliqlari (o‘rmonchilar)ga biriktirilgan binolar, shuningdek mayda ta’mirlash uchun asbob-uskunalar va anjomlar bo‘lishi kerak.
O‘rmon xo‘jaligi korxonalarining mansabdor shaxslari yong‘in anjomlarining saqlanishi va ularning o‘rmonlardagi yong‘inlarni o‘chirishda to‘g‘ri ishlatilishi uchun to‘liq javob beradi.
Anjomlar ishdan chiqqanligi yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanilganligi, shuningdek o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilganligi, ushbu sabablarga ko‘ra o‘rmonlarda yong‘in chiqqanligi uchun o‘rmon xo‘jaligi korxonalarining mansabdor shaxslari amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javob beradilar, yoki o‘rmon xo‘jaligiga yetkazilgan zarar uchun mulkiy javob beradilar.
I L O V A L A R
TUSHUNCHALAR IZOHI
O‘rmon
o‘rmon fondi yerlaridagi o‘zaro ta’sir ko‘rsatuvchi va atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadigan, ekologik va ijtimoiyiqtisodiy ahamiyatga ega daraxtlar, butalar va boshqa tabiiy obyektlar (yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi) majmui;
O‘rmonlarni muhofaza qilish
o‘rmonlarga salbiy ta’sirlarning oldini olishga qaratilgan faoliyat;
O‘rmonlarni qayta tiklash
kesilgan, yong‘inlar, o‘rmon zararkunandalari, kasalliklari hamda boshqa salbiy ta’sirlar oqibatida shikast yetkazilgan daraxt va butalar o‘rnida iqlim sharoitlariga mos keladigan daraxt va butalar turlarini ekish.
O‘rmondan foydalanuvchilar
o‘rmondan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
Yong‘in xavfi mavsumi
o‘rmonda qor qatlami ketgan paytdan boshlab barqaror yomg‘irli kuz ob-havosi kelgungacha yoki qor qatlami paydo bo‘lgan davrgacha vaqtni qamrab oluvchi muddat