Konlarni ochish va qayta baholash uchun pul mukofotlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma

Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasining “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi Qonuni

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 
245-sonli “Sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori

Kirish

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer qa’ridan oqilona foydalanish, foydali qazilmalar zaxiralarini qayta baholash, yangi konlarni izlash va o‘zlashtirish jarayonlarini rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Geologiya-qidiruv ishlarining zamonaviy usullar asosida olib borilishi, mavjud konlar bo‘yicha ma’lumotlarning aniqligini oshirish hamda sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan yangi konlarni aniqlash orqali mineral xomashyo bazasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot muassasalari, geologiya xizmatlari va investorlar faoliyatini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur uslubiy qo‘llanma sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalarning yangi konlarini ochganlik yoki mavjud konlarni tubdan qayta baholaganlik uchun beriladigan pul mukofotlarini tayinlash tartibini huquqiy va tashkiliy jihatdan izohlab beradi. Qo‘llanmada pul mukofotiga da’vogar shaxslar va tashkilotlar doirasi, mukofot miqdorini belgilash mezonlari, zarur geologik-hisoblash hujjatlarini tayyorlash talablari, ekspertiza va tasdiqlash bosqichlari hamda pul mukofotlarini tayinlash va to‘lash tartibi batafsil yoritiladi. Shuningdek, unda nizoli holatlarni ko‘rib chiqish, mas’ul organlar vakolatlari va ularning o‘zaro hamkorlik mexanizmlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar keltirilib, geologiya-qidiruv sohasida rag‘batlantirish tizimini yagona, izchil va shaffof tarzda qo‘llashga qaratilgan yondashuvlar aks etgan.

Umumiy qoidalar

Bilib oling!

Pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalarning ilgari maʼlum boʻlmagan konlarini ochgan, qidirgan, shuningdek ilgari maʼlum boʻlgan konda uning sanoat ahamiyatini jiddiy ravishda koʻpaytiradigan foydali qazilmalarning qoʻshimcha zaxiralarini yoki yangi foydali qazilmalar va qoʻshilib chiqadigan foydali komponentlarni ochgan, qidirgan shaxslar pul mukofoti olish huquqiga ega boʻladi.

Foydali qazilmalarning qoʻshimcha zaxiralari yoki yangi foydali qazilmalar va qoʻshilib chiqadigan foydali komponentlar aniqlanganligi munosabati bilan sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalarning ilgari maʼlum boʻlgan konini (kon uchastkasini) tubdan qayta baholash toʻgʻrisidagi qaror zaxiralar hisoblab chiqilgan materiallarni koʻrib chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Bilib oling!

Pul mukofoti faqat foydali qazilmalar koni (konning uchastkasi) zaxiralari belgilangan tartibda tasdiqlangandan keyin toʻlanishi mumkin.

Zaxiralar tasnifini foydali qazilmalarning har xil turlari konlariga nisbatan qoʻllashga doir yoʻriqnomaga muvofiq konlar geologik tarkibining murakkabligi boʻyicha toʻrt guruhga boʻlinadi.

S2 toifali qattiq foydali qazilma konlari zaxiralari foydali qazilma turiga va konning geologik tuzilishining murakkabligi guruhiga qarab:

a) geologik tarkibi murakkabligiga koʻra birinchi guruh konlari boʻyicha — tasdiqlangan zaxiralarning 30 foizi;

b) geologik tarkibi murakkabligiga koʻra ikkinchi guruh konlari boʻyicha — tasdiqlangan zaxiralarning 50 foizi;

v) geologik tarkibi murakkabligiga koʻra uchinchi guruh konlari boʻyicha — tasdiqlangan zaxiralarning 70 foizi;

g) geologik tarkibi murakkabligiga koʻra toʻrtinchi guruh konlari boʻyicha — tasdiqlangan zaxiralarning 100 foizi miqdorida hisobga olinadi.

Kompleks konning umumiy zaxiralari va sanoatdagi ahamiyati qazib olish rentabelligi texnologik sinovlar va texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar bilan tasdiqlangan qoʻshilib chiqadigan foydali komponentlar mavjud boʻlgan taqdirda oʻtkazma qiymat koeffitsiyentlarini qoʻllash yoʻli bilan asosiy foydali qazilmaga qayta hisoblab chiqib aniqlanadi.

Foydali qazilmalar konini (konning uchastkasini) ochganlik yoki tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofoti miqdorini belgilash tartibi

Foydali qazilmalarning yangi konini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konni (konning uchastkasini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofoti miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi materiallarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (keyingi oʻrinlarda Kon-geologiya vazirligi deb ataladi) huzuridagi Foydali qazilmalar konlarini ochganlik uchun mukofotlash boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.

Bilib oling!

Idoralararo komissiya Kon-geologiya vazirligi, yetakchi kon korxonalari hamda neft va gaz qazib oluvchi korxonalar, tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan shakllantiriladi.

Kon-geologiya vazirligining raisi Idoralararo komissiyaning raisi hisoblanadi. Idoralararo komissiyaning tarkibi tegishli korxonalar, tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan kelishgan holda Kon-geologiya vazirligi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Idoralararo komissiya tegishli Nizomga va zaxiralar tasnifini foydali qazilmalarning tegishli turiga qoʻllashga doir yoʻriqnoma asosida konni foydali qazilmalar zaxiralari miqdori boʻyicha konning tegishli guruhiga tegishli deb topadi va mana shu asosda konni ochganlik yoki tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofoti miqdorini belgilaydi.

Asl metallar, uran, volfram, qalay, molibden, boshqa nodir metallar yoki zaxiralari I guruh konlari uchun belgilangandan ancha oshadigan uglevodorodlar  konlari ochilgan taqdirda u Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan foydali qazilma konlari zaxiralari boʻyicha noyob hisoblanishi mumkin.

DIQQAT!

Bunda zaxiralari boʻyicha noyob foydali qazilma konini ochganlik uchun maxsus pul mukofoti miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi.

Maxsus pul mukofotining miqdori konni ochganlik, sanoat jihatidan baholaganlik uchun mukofotlashga tavsiya etilgan shaxslarning qoʻshgan shaxsiy hissasiga bogʻliq holda belgilanadi va u quyidagi miqdordan oshmasligi kerak:

a) asl metallar, uran, volfram, qalay, molibden va boshqa nodir metallar, uglevodorod xom ashyosining yangi konlarini ochganlik yoki ilgaridan maʼlum boʻlgan konni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun:

I guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 180 baravari miqdorida;

II guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida;

III guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;

IV guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida;

b) foydali qazilmalar boshqa turlarining yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun:

I guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari miqdorida;

II guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 90 baravari miqdorida;

III guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari miqdorida;

IV guruh konlari boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida.

Maxsus pul mukofotining eng katta summasi foydali qazilmalarning yangi konini ochgan shaxslarga yoki ularning ilgari maʼlum boʻlgan konni (kon uchastkasini) tubdan qayta baholashga eng koʻp hissa qoʻshgan shaxslarga tayinlanadi.

Mukofot mutaxassisning obyektni ochish va qidirish davridagi ishlari natijalariga qarab, uning pul mukofotini tayinlash toʻgʻrisidagi masalani hal etish davridagi ish joyidan qatʼi nazar, belgilanadi.

Agar konni ochgan shaxs zaxiralarni hisoblash bilan birga hisobot muallifi ham boʻlsa, u holda Idoralararo komissiya qaroriga koʻra pul mukofoti miqdori qoʻshimcha ravishda 10—20 foizga oshirilishi mumkin.

Mukofotlash uchun tavsiya etilgan boshqa shaxslarga maxsus pul mukofoti miqdori konni ochgan shaxslarga yoxud zaxiralarni hisoblash bilan birga hisobot mualliflariga belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.

Pul mukofotining maxsus miqdorini belgilash shartlari va uni to‘lash tartibi

Idoralararo komissiya ikki oy muddatda taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqadi va foydali qazilmalarning yangi konini ochgan, qidirgan shaxslarga yoki ilgari maʼlum boʻlgan konni (kon uchastkasini) tubdan qayta baholashga salmoqli hissa qoʻshgan shaxslarga pul mukofotining maxsus miqdorini belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Pul mukofotlarini toʻlash toʻgʻrisidagi qaror Idoralararo komissiya protokoli bilan rasmiylashtiriladi, protokol imzolangandan keyin besh kun muddatda mukofotlash uchun materiallar taqdim etgan korxonalarga, tashkilotlarga yuboriladi.

Idoralararo komissiya qarori asosida pul mukofotini toʻlash Kon-geologiya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Pul mukofotiga tavsiya qilingan shaxs vafot etgan taqdirda unga tegishli boʻlgan pul mukofoti uning merosxoʻriga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda toʻlanadi.

Pul mukofotini to‘lash manbai

Foydali qazilmalarning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida geologiya-qidiruv ishlari uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida Kon-geologiya vazirligi tomonidan toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga aniqlangan uglevodorod xom ashyosining yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlanadi.

“Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilgan holda qimmatbaho, rangli metallar va uranning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari Pul mukofotini to‘lash manbai tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq pul mukofotini to‘lash xarajatlari boshqa operatsion xarajatlarga kiritiladi.

Yakunlovchi qoidalar

Idoralararo komissiyaning foydali qazilmalarning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan baholaganlik uchun pul mukofotlarini toʻlash masalalari boʻyicha qarorlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

ILOVA

Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalar yangi konlarini (konning, foydali qazilmaning nomi) ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotiga tavsiya etilayotgan shaxslar roʻyxati

Kon _________________________________________________ yilda ochilgan.
Qidiruv (qayta baholash) ______________________________ yilda oʻtkazilgan.
Zaxiralar ___________________________ yilda oʻrganib chiqish holati boʻyicha
__________________________________________________ yilda tasdiqlangan.
Seysmologiya-qidiruv ishlari __________________________ yilda oʻtkazilgan

T/rFamiliyasi, ismi, otasining ismiManzili, yashash joyiIsh joyi va egallab turgan lavozimiKon ochilgan, qidirilgan yoki qayta baholangan davrda ishlagan vaqti (ishlagan yillari)Kon ochish va qidirishda (qayta baholashda) qatnashish tavsifi va darajasiMaxsus pul mukofotining taklif etilayotgan miqdori, soʻm

 

kon ochilgan va qidirilgan davrdahozirgi vaqtda

1

2

3

4

5

6

7

8

I. Konni ochgan va (yoki) qidirgan shaxslar.
II. Kon ochilishiga olib kelgan yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlarida bevosita qatnashgan va (yoki) konni qidirishga (tubdan qayta baholashga) va uning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashga alohida hissa qoʻshgan shaxslar.
Jami: ______________ soʻm
Korxona (tashkilot) rahbari ________________________________________
    (imzo, F.I.O. (gerbli muhr))