Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi “ “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish tartibini joriy etish toʻgʻrisida”gi 290-son qarori | ![]()
|
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Work and travel” xalqaro dasturlarida (keyingi oʻrinlarda — “Work and travel” dasturi) ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun foizsiz ssuda (keyingi oʻrinlarda — ssuda) ajratish taribi nazarda tutilgan.
Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllabquvvatlash jamgʻarmasi hisobidan har yili 2 000 nafargacha talaba yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ssuda ajratiladi;
Mazkur uslubiy qo’llanmada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi (ssuda oluvchi) — 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan, Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotining kunduzgi, kechki (smenali) yoki sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim shakli boʻyicha tahsil olayotgan (bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan, “Work and travel” dasturi doirasida ishlash va sayohat qilish uchun xorijiy davlatga borish va kelish bilan bogʻliq xarajat uchun ssuda ajratishni soʻrab belgilangan tartibda murojaat qilgan jismoniy shaxs; | |
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi; | |
viza — ariza beruvchi “Work and travel” dasturi doirasida ishlash va sayohat qilish istagida boʻlgan xorijiy davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasidan olingan, maʼlum muddat davomida oʻsha davlatda ishlash va sayohat qilish uchun berilgan hujjat; | |
ssuda — “Work and travel” dasturi doirasida xorijiy davlatga borishva kelish uchun aviachipta xarid qilish va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ariza beruvchi tomonidan qaytarish sharti bilan ajratiladigan qarz; | |
qarz shartnomasi — ssuda oluvchi va ssuda beruvchining huquq va majburiyatlari, ssuda miqdori, ssuda muddati, uni qaytarish shartlari, kafillik shartlari (agar kafil ishtirok etsa), nizolarni hal qilish tartibi va boshqa shartlarni belgilovchi huquqiy hujjat. |

Ssuda har yili arizalar topshirish ketma-ketligi boʻyicha 2 000 nafargacha talaba yoshlarga ajratiladi.
Bir kalendar yil davomida 2 000 nafar ariza beruvchiga ssuda ajratish maʼqullangandan soʻng ssuda ajratish uchun ariza qabul qilish toʻxtatiladi.
Ssuda ajratilgunga qadar, biroq ketma-ketligi boʻyicha ssuda ajratilgan ariza beruvchilardan keyin ariza topshirgan shaxslar keyingi yil uchun roʻyxatga qoʻyilmaydi hamda ssuda olish uchun kelgusi yilda qaytadan murojaat qiladi.

Ssuda ajratish maʼqullangan murojaatlar hamda ajratilgan ssudalar soni haqidagi maʼlumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytida doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish doirasida axborot almashinuvi Elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali amalga oshiriladi.
Ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun vakolatli organ tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda malakali mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Bunda ushbu mutaxassislar tomonidan arizalarning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va asossiz rad etilmasligi vakolatli organ tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.



Agar kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlari taqdim etilmagan boʻlsa, ariza beruvchi ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etishi haqida YIDXP orqali maʼlumot kiritadi. 
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning murojaati koʻrilmasdan qoldiriladi.
Ariza beruvchiga QR-kodli maʼlumotnoma yuborilgandan soʻng vakolatli organ uch ish kuni ichida ssudani tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi hisobvaragʻiga, Yoshlar ishlari boshqarmasi esa uch ish kuni ichida qarz shartnomasida rekvizitlari koʻrsatilgan ariza beruvchining bank kartasiga oʻtkazadi.
Ariza beruvchi xorijiy davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga berilgan vizada qayd etilgan xorijiy davlatda boʻlishning soʻnggi sanasidan boshlab bir oy ichida, agar ariza beruvchi ajratilgan ssuda hisobidan xorijiy davlatga bormagan boʻlsa, unga vakolatli organ tomonidan ssudani qaytarish haqida talabnoma yuborilgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida ajratilgan ssudani qarz shartnomasida koʻrsatilgan vakolatli organning tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga toʻliq qaytarishi shart.
Ushbu mablagʻlar yuqorida belgilangan muddatda qaytarilmagan hollarda tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi ariza beruvchiga va agar qarz shartnomasi kafil tomonidan imzolangan boʻlsa, unga ssudani oʻn besh kalendar kundan koʻp boʻlmagan muddatda qaytarish haqida notarius orqali yozma bildirishnoma yuboradi.
Ariza beruvchi yoki kafil jismoniy shaxs tomonidan yozma bildirishnoma talablari bajarilmaganda, tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi ikki ish kuni ichida muddati oʻtgan qarzdorlik boʻyicha ijro xati yozib berishni soʻrab notariusga murojaat qiladi hamda ijro xatini yozib berganlik uchun Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan davlat bojini toʻlaydi.
Notarius tomonidan bir ish kuni ichida yozib berilgan ijro xati ijro harakatlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi oʻrinlarda — Majburiy ijro byurosi) hududiy boʻlinmasiga taqdim etiladi. 
Majburiy ijro byurosi tomonidan undiruvni amalga oshirish imkoni boʻlmaganda, agar ariza beruvchi tomonidan sugʻurta polisi taqdim etilgan boʻlsa, qarzdorlik ushbu sugʻurta polisiga asosan sugʻurta tashkiloti tomonidan toʻlab beriladi. 
