Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun huquqiy qo'llanma

Kirish

Konstitutsiyada belgilangan soʻz, fikr erkinligi bilan bogʻliq huquqlar matbuot va axborotga doir bir qator soha qonunlarida ham oʻz aksini topgan. Jumladan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlar jurnalistlar va OAV, noshirlarning ijodiy faoliyati va erkinligi kafolatlarini taʼminlashga qaratilgan.

Jamiyatda ommaviy axborot vositalarining oʻrni va ahamiyati benihoya katta. Ular tom maʼnodagi toʻrtinchi hokimiyat sifatida hokimiyatning barcha tarmoqlari faoliyati va amaliyotidagi oʻzgarishlarga qatʼiy munosabat bildira oladigan, omma oʻrtasida ijtimoiy fikrni shakllantiradigan, jamiyatni harakatlantiradigan katta kuch hisoblanadi.

1948-yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 1966-yilgi Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va boshqa bir qator xalqaro hujjatlardagi ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir meʼyorlar milliy qonunchiligimizda oʻzining aksini topib borayotgani ham jamiyatimizda demokratik tamoyillar tobora mustahkam qaror topayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini har jihatdan himoya qiluvchi va kafolatlovchi bunday qonunchilik asoslari yaratilgan boʻlishiga qaramay, nega ularning jamiyatdagi yetakchi oʻrni sezilmayapti?

Jurnalistlar mavjud huquqiy imkoniyatlaridan hali yetarli foydalana olmayaptilar. Shuningdek, oʻzga manbalardan foydalanish hisobiga tayyor maqolalar eʼlon qilish odat tusiga kirib bormoqda. Jurnalist mavjud muammoni oʻrganishda imkon darajasida qonun meʼyorlarini qoʻllay olmayotgani, boshqacha aytganda, masalaga bir tomonlama yondashayotgani, xolislik va tanqidiy ruh yetishmayotgani koʻzga tashlanadi. 

Ayniqsa, jurnalistlarning sohalar boʻyicha ixtisoslashish jarayoni sekin kechayotgani ham ular faoliyati samaradorligiga taʼsir qilmoqda. Jurnalistlar oʻz huquq va erkinliklarini sud yoʻli bilan himoya qilishga odatlanishi, bu institut imkoniyatlaridan foydalanish orqali haqiqiy mustaqilligini taʼminlay borishlarini esda tutishlari lozim. Jurnalistlar amaldagi qonun lar ularga keng imkoniyatlar berayotganini yaxshi anglagan holda qaysi masalalarda cheklash va cheklanishlar mavjudligini ham bilib olishlari darkor.

Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunida oshkor etilmaydigan axborot manbalari va davlat sirlarini belgilovchi meʼyorlar mavjud. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 97–100, 1095–1097 moddalarida konfidensial axborotlar, tijorat siri, ishchanlik obroʻsi yoki shaxsiy sir va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi axborotlarni tarqatishda cheklashlar mavjud. Bunday maʼlumotlar faqat shu axborot va unga tenglashtirilgan manbalarga huquqi boʻlganlarning ruxsati bilangina eʼlon qilinishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Ushbu tartib dunyoning deyarli barcha mamlakatlari qonunchiligida mustahkamlangan boʻlib, unga rioya etilishi ustidan nazorat olib boriladi.

Amaldagi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimcha meʼyorlar muassis bilan tahririyat oʻrtasida shartnomaviy munosabatlarning oʻrnatilishi, muassisning huquq va majburiyatlari, ustav jamgʻarmasiga kiritilayotgan ulush miqdori, olingan daromadlarni taqsimlash, bir necha muassislik tartibida ommaviy axborot vositasi taʼsis etish, ommaviy axborot vositasi faoliyatini tugatish yoki toʻxtatish kabi koʻplab munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonunchilikdagi bu yangilik tom maʼnoda muassis bilan tahririyatning bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, mulkiy masalalarni qonun doirasida hal etish va tegishli javobgarlik chegaralarining belgilanganligi bilan ajralib turadi. Ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bogʻliq boshqa qabul qilingan qonunlar ham bu sohani yanada demokratlashtirish, jurnalistlar huquqlarini kengaytirish, iqtisodiy manbalarni shakllantirishga qaratilganligi bilan eʼtiborga loyiqdir.

Umuman olganda, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada mustahkamlash, ularning qonun doirasida ishlashini taʼminlash, oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni tashqi taʼsirlarsiz bajarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Toʻgʻri va haqqoniy axborot yetkazish, voqea va hodisalarni tahlil qilish, jamiyatdagi salbiy illatlarni koʻrsatib berish, ayniqsa, jamoat nazoratini oʻrnatish ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifalari boʻlib qolaveradi.

OAVDA SHAʼN VA QADR-QIMMATNI HIMOYA QILISH QANDAY TAʼMINLANADI?

Zamonaviy ommaviy axborot vositalari insoniy mezonlarga hurmat nazari bilan qarab, fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati, ularning eʼtiqodi yoki shaxsiy hayotlari bilan bogʻliq masalalarga putur yetkazmasliklari, oila, davlat siri, shuningdek qonun bilan qoʻriqlanayotgan boshqa sirlarga daxl etmasliklari ularning vazifasi va masʼuliyati sanaladi. Fuqarolik kodeksi va bir qator qonunlarda shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar doirasi, shaʼn va qadr-qimmat tushunchasi, tijorat sirlari va boshqalarga aniq taʼriflar berilgan.

Har qanday OAV oʻz faoliyatini amalga oshirar ekan, u albatta qonun bilan qoʻriqlanadigan  yuqoridagi huquq va erkinliklarga putur yetkazmasligi lozim. Bugungi kunda fuqarolar yoki yuridik shaxslar oʻz shaʼni va qadr-qimmatining hurmat qilinishi yoxud tashkilot sirlarini oshkor etilmasligini talab qilib sudlarga murojaat qilmoqdalar. Sud orqali muammoning koʻrib chiqilishi va uning hal etilishiga huquqiy davlatning bir xususiyati sifatida qarash kerak. Zero har qanday nizoli masalaga faqatgina sud organlari oydinlik kiritishi va huquqiy baho berishi mumkin. Biz bu amaliyotni yanada kengaytirishga erishishimiz, fuqarolarga bu tajribaning ahamiyatini kengroq tushuntirishimiz lozim. Toki har bir shaxs oʻzining huquqi buzilgan deb hisoblagan taqdirda huquqlarini tiklash masalasi sud organlarida koʻrib chiqilishiga erishsin.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/9f65c586-c02c-48b8-beaa-db0f97a92b1f.png

OAV ORQALI JAMOATCHILIK NAZORATI QANDAY TAʼMINLANISHI MUMKIN?

Bunday olib qaraganda, qonun ustuvorligini taʼminlash har bir fuqaroga tegishlidir. Biz qabul qilingan qonunlar muhokamasini, targʻibotini yaxshi tashkil etsak, qonunga daxldor sohalarda oʻzimizning huquq va erkinliklarimizni toʻgʻri qoʻllasak, huquqlarimiz buzilganda oʻzimizda va atrofimizdagi kishilarda sudga murojaat qilish hissini uygʻota olsak, qonun ustuvorli- gini taʼminlash va qonunni himoya qilishga koʻmaklashgan boʻlamiz.

Bu sohada esa OAVning oʻrni beqiyosdir. Jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolar huquqlari buzilayotganligini aniqlash, munosabat bildirish, ularga yordam berish va uni eʼlon qilish esa axborot vositalari xodimlarining burchi sanaladi. OAV jamoatchilik nazoratini oʻrnatadigan asosiy demokratik institutlardan hisoblanadi.

OAV jamiyatdagi nuqsonlar va illatlarga qarshi kurasha oladigan, tom maʼnoda hatto “hokimiyatning har uchala boʻgʻini”ga munosabat bildira oladigan oʻz minbariga ega boʻlgan subyektdir. OAV oʻziga berilgan qonuniy vakolati doirasida faoliyat yuritsa, albatta u jamoat nazoratini oʻrnata oladi. Uning yana bir tomoni shundaki, OAV keng aholi oʻrtasida u yoki bu koʻrinishda ijtimoiy fikrni shakllantira oladi. Umuman olganda, OAV faoliyatini yanada erkinlashtirish, ularning toʻla mustaqilligini taʼminlash, ularni jamiyatda ijtimoiy fikrni shakllantiruvchi kuchga, oʻtkazilayotgan islohotlarimizning jarchilariga aylantirish asosiy vazifa sifatida qaralmoqda.

 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/0d387ac1-2c57-4c6f-b4d2-51e116259c01.png

OAV MUASSISLARI BILAN TAHRIRIYATLAR OʻRTASIDAGI MUNOSABATLAR QANDAY TARTIBGA SOLINADI?

Keyingi vaqtlarda OAVlarining huquqiy maqomini kengaytirish, vakolatini yanada oshirish, muassislar bilan tahririyatlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishlar fikrimizning dalilidir. Qonun normalari har bir shaxs, jurnalist, OAV va boshqalarning axborotlarni hech bir moneliksiz, tez va qulay olishlari hamda erkin tarqatishlarini taʼminlashga qaratilgan.

Bir narsani unutmaslik lozim: OAVning erkinligi amaldagi qonunlarda va OAV Ustavlarida belgilangan. Demak, u mutloq erkin boʻlolmaydi. Chunki ularning erkinligi boshqa shaxslar va fuqarolar erkinligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak. Afsuski, bugungi kunda amaldagi qonunlarni bilib-bilmasdan turli koʻrinishda buzish holatlari uchrab turibdi. Bu holatlarga qonunni qasddan buzish, deb qaray olmaymiz. Ehtimol, ular qonun toʻgʻrisida toʻliq tasavvurga ega boʻlmaslik yoki uni toʻgʻri qoʻllay olmaslik, baʼzan esa hissiy kayfiyatlarga berilish natijasida yuzaga kelmoqda.

Qonunchilikning talabi shundan iboratki, maʼlum bir muassis yoki muassislar tahririyatning ichki ishlariga aralashishi mumkin emas. Tahririyatning ichki ishlari daromad olish, uni taqsimlash, xodimlarga ish berish, ijodiy materiallarni eʼlon qilish, oddiy, tanqidiy materiallar bosilayotganda hech kimdan ruxsat olmaslikdir. Muassisning senzura organi sifatida faoliyat yurgizishi yoki materiallarni oldindan tahrir qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Demak, qonunchilikka koʻra, muassis yoki muassislar bevosita tahririyat yoki bosh muharrir bilan shartnoma tuzadilar.

Shunday shartnomada ikkala tarafning huquq va majburiyatlari koʻrsatilishi kerak. Huquq va majburiyatlar nimalardan iboratligi va uning mazmuni esa amaldagi qonunda belgilangan. Muassis faqatgina qonunchilikda belgilangan holatda – Ustavda koʻrsatilgan yoki Taʼsis shartnomasi doirasidan chiqmaydigan huquqlarga ega boʻladi. Avvalo, muassis OAVni taʼsis etayotgan paytda Ustav jamgʻarmasini shakllantirishi, uning moddiy-texnik bazasini shakllantirishga koʻmaklashishi, tahririyatning bosh muharririni tasdiqlashi kerak. Xodimlarni ishga qabul qilish, ularning ijodiy ishlarini tahlil qilish yoki tahririyatning rivojlanish yoʻlini belgilab berishga muassisning haqqi yoʻq.

Shaxsiy hayot va so‘z erkinligi

SHAXSIY MAʼLUMOTLARNI OSHKOR QILISHNING HUQUQIY VA AXLOQIY JIHATLARI  

Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari (OAV) oʻzlari chop etayotgan axborotlarning toʻgʻriligi hamda ularni bayon etish shaklining odob doirasida boʻlishi uchun javobgardirlar.

Qonunchilik amaliyotida OAV orqali insonning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilganligi, tuhmat yoki haqorat qilinganligidan himoyalanish uchun turli fuqaroviy-huquqiy hamda jinoyat-huquqiy javobgarlik institutlari ishlab chiqilgan.

Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.

Har kim yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/cc99e7c0-133d-4079-8d21-65133c98f147.png

Har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega.

Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.

Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qoʻyishni va koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi. (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasi).

OAV insoniy mezonlarga hurmat nazari bilan qarab, fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati, ularning eʼtiqodi yoki shaxsiy hayoti bilan bogʻliq masalalarga putur yetkazmasliklari, oila, davlat siri, shuningdek qonun bilan qoʻriqlanayotgan boshqa sirlarga daxl etmasliklari ularning masʼuliyati sanaladi.

Aks holda bu Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99 va 100-moddalariga muvofiq OAV va muallif ustidan fuqarolik daʼvosi bilan sudga murojaat qilish zaruratini paydo qilishi mumkin. Unga koʻra, shaxsning hayoti va sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obroʻsi, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga boʻlgan huquqi, tasvirga boʻlgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tugʻilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli boʻlgan boshqa nomoddiy neʼmatlar tortib olinmaydi va oʻzga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi. Vafot etgan kishiga tegishli boʻlgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda boshqa shaxslar, jumladan, huquq egasining vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya etilishi mumkin (99-modda).

Fuqaro oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga koʻra, fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yoʻl qoʻyiladi. Agar fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agar bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.

Fuqaro ommaviy axborot vositalarida uning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi maʼlumotlar eʼlon qilinganda, u ayni oʻsha ommaviy axborot vositalari orqali chiqib, oʻzini himoya qilish huquqiga ega. Agar sudning hal qiluv qarori bajarilmasa, sud qoidabuzarga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan jarima solishga haqlidir. Jarimani toʻlash qoidabuzarni sudning hal qiluv qarorida nazarda tutilgan harakatlarni bajarish vazifasidan ozod etmaydi.

Oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar tarqatilgan fuqaro bunday maʼlumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va maʼnaviy ziyonning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir va bu huquq Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1021-1022-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Muayyan shartlar mavjud boʻlganda, jabrlanuvchi maʼlumotlarni oshkor etgan muallifni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Tuhmat” jinoyati toʻgʻrisidagi 139-moddasiga (agar haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va shaxsni sharmanda qiladigan maʼlumotlar tarqatilgan boʻlsa) yoki JKning 140-moddasiga (agar shaxsning qadr-qimmati beodoblik bilan tahqirlangan boʻlsa) muvofiq sudga berishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham insonning soʻz, fikr va eʼtiqod erkinligini kafolatlaydi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida kafolatlanishicha, «Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur boʻlgan doirada yoʻl qoʻyiladi».

Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligida ham aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini jinoyat protsessi prinsiplari sirasiga kiritiladi (Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 2-bobi 23-moddasi). OAV jinoyat protsessi qatnashchisi emas va shuning uchun undan jinoyat protsessining prinsipiga “amal qilish”ni talab qilish notoʻgʻridir.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/df211c53-65ee-4f73-8738-a8a2ba115ec1.png

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida “aybsizlik prezumpsiyasi” meʼyorlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida ifodalangan.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar taʼminlanadi.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas.

Bundan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi uning amal qilish doirasidagi shaxslarni aniq belgilaydi – bu “jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxs”, yani “ayblanuvchi”dir.

“Ayblanuvchi” atamasining mohiyati Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 45-moddasida ochib berilgan: “Ayblanuvchi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi haqida qaror chiqarilgan shaxsdir. Ayblanuvchi sudda – sudlanuvchi deb, hukm chiqarilganidan keyin esa, mahkum yoki oqlangan shaxs deb ataladi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasining asl mohiyatiga rioya etadigan boʻlsak, aybsizlik prezumpsiyasi shaxsga nisbatan uning Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi haqida qaror chiqarilgan paytdan boshlab va jinoyat-sudlov protsessi davomida amal qiladi, zero ayblov hukmi chiqarilgach, aybsizlik prezumpsiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasi 1-bandida koʻzda tutilgan “ishi sudda qonuniy tartibda koʻrib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi”, degan sharti bekor boʻladi (rad qilinadi). Endi u aybdor hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-bandida shaxsni ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir qilganlikda ayblab qilingan tuhmat haqida soʻz boradi, bu esa “ayblash” atamasi faqat ayblanuvchiga nisbatan ayblovning mohiyatini ifodalagan rasmiy hujjat havola etilishi tariqasidagina tushunilishi mumkin emasligini, har qanday shaxsning boshqa birovning jinoyat sodir etilishiga aloqadorligi borasidagi gaplariga ham tegishli ekanini koʻrsatadi.

Agar birovni jinoyat sodir qilganlikda ayblash tasdiqlanmasa, muayyan sharoitda JKning 139-modda 2-bandiga binoan nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish sifatida va yoki JKning 139-moddasining 3-bandiga binoan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblab tuhmat qilganlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin. Ammo bunday ayblovlar hech qachon ayblanayotgan shaxsning jinoyat-protsessual jarayonidagi “ayblanuvchi” maqomini yuzaga keltiruvchi asos boʻlolmaydi hamda shuning uchun “aybsizlik prezumpsiyasini buzish” sifatida talqin qilinishi mumkin emas.

Shunday qilib, har qanday shaxs ham oʻziga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinishiga daʼvo qilishi mumkin emas, faqatgina jinoyat protsessida ishtirok etishga jalb qilingan ayblanuvchi aybsizlik prezumpsiyasi himoyasi ostida boʻlishi lozim.

Shunga qaramay, protsessda ishtirok etmaydigan shaxslardan kimlar aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilishi kerak degan masala bahsliligicha qolmoqda. Bu masalada jahon tajribasini tahlil qilish uchun uchta xalqaro huquqiy hujjatga eʼtiborni qaratishga toʻgʻri keladi. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro pakt hamda Inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish toʻgʻrisida Yevropa konvensiyasidir.

Aybsizlik prezumpsiyasi masalasi asosan ommaviy axborot vositalarida jinoiy faoliyat faktlari yoritilganda yoki mansabdor shaxslarning jinoyatchilik borasidagi chiqishlari tufayli yuzaga kelmoqda. Albatta, bu masala Inson huquqlari boʻyicha Yevropa Komissiyasining nazaridan chetda qolmagan, Komissiyamansabdor shaxslarning protsessdan tashqarida ayblanuvchi hamda sudlanuvchining aybdorligi borasida mulohaza bildirishlarining yagona mezonlarini ishlab chiqqan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 11-moddasi 1-bandi ham, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro paktning 6-moddasi 2-bandi ham hamda Inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish toʻgʻrisida Yevropa konvensiyasi 6-moddasi 2-bandi ham bir-biriga oʻxshash boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasi 1-bandiga mosdir: (juzʼiy farqlar qavs ichida berilgan) «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda (qonunga binoan) oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi (hisoblanmaslik huquqiga ega)». Shuning uchun, tan olish kerakki, mazkur xalqaro hujjatlarga nisbatan xalqaro komissiya tomonidan berilgan sharhlar Asosiy Qonunimizning 26-moddasiga nisbatan ham toʻgʻri va adolatlidir.

Agar insonning aybdorligi qonunga binoan isbotlangan boʻlmasa, davlatning mansabdor shaxslari avvalgiday aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishlari kerak. Shundan kelib chiqadiki, mansabdor shaxslar sudgacha gumon qilinayotganlarning aybdorligi haqida bayonot berishi man qilinadi. Inson huquqlari boʻyicha Yevropa komissiyasi tushuntirishicha, bu qoida davlat ayblovchilariga ham taalluqlidir. Shunga qaramay, Komissiya davlatning mansabdor shaxslari jamoatchilikka jinoyat ishlari boʻyicha tergov ishlarining borishi toʻgʻrisida axborot berishlari, u yoki bu shaxs jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganligini aytishlari, u yoki bu shaxs jinoyat sodir etganligini tan olganligi toʻgʻrisida axborot berishlari mumkin deb hisoblaydi.

Sud amaliyotida, OAV nashrlarida aybsizlik prezumpsiyasining buzilishi iddao qilingan bazi holatlar uchraydi. Koʻpincha bu iddaolarga qaysidir bir shaxsning, muallif fikricha, noqonuniy yoki jinoiy faoliyatidan darak beruvchi maʼlumotlarning oshkor etilgani, bu shaxsning “oʻgʻri”, “poraxoʻr”,

“firibgar” va hatto “qotil” atalgani sabab boʻladi. Albatta, bu maʼlumotlar notoʻgʻri boʻlsa, ular rad qilinishi, haqiqat oshkor qilinishi lozim, jinoyat tarkibi mavjud boʻlsa, tuhmatchi yoki haqoratchi jazoga ham tortilishi mumkin. Bunday maʼlumotlar bilan shaʼni, qadr-qimmati asossiz, nooʻrin poymol etilgan jabrdiydalarning oʻzlarini himoya qilishlari uchun qonuniy yoʻllar yetarlidir.

SHAXSIY MAʼLUMOTLARNI HIMOYA QILISHNING KAFOLATLARI

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/2efae806-7d72-48a9-bb2d-cc2a7e5cde08.pngXalqaro-huquqiy hujjatlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 31-moddasiga koʻra, “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega”. Ushbu huquqning kafolati Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasida belgilangan.

 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/3a7545d5-9a5d-4176-84b1-c0f869b60c5d.png

 Konstitutsiyaning 31-moddasi beshinchi qismiga koʻra “Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qoʻyishni va koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi”. Ushbu huquq Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 16, 17, 20 va 21-boblarida kafolatlangan. Bugungi kunda shaxsiy maʼlumotlar insonning ajralmas huquqi sifatida tan olingan ekan, ularni oshkor qilish yoki uni huquq egasining roziligisiz oshkor etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/ba06dfad-37ad-4928-a167-5ce70ed26e4e.png

Maʼlumki, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari (OAV) oʻzlari chop etayotgan axborotlarning toʻgʻriligi hamda ularni bayon etish shaklining odob doirasida boʻlishi uchun javobgardirlar. Qonunchilik amaliyotida OAV orqali insonning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilganligi, tuhmat yoki haqorat qilinganligidan himoyalanish uchun turli fuqaroviy-huquqiy hamda jinoyat-huquqiy javobgarlik institutlari ishlab chiqilgan. Bu esa bugungi kun ommaviy axborot vositalari insoniy mezonlarga hurmat nazari bilan qarab, fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati, ularning eʼtiqodi yoki shaxsiy hayotlari bilan bogʻliq masalalarga putur yetkazmasliklari, oila, davlat siri, shuningdek qonun bilan qoʻriqlanayotgan boshqa sirlarga daxl etmasliklari ularning masʼuliyati sanalishi bilan izohlanadi.

 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/21f3c5f3-a092-41c4-9f1d-fe78b3920a8c.png

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 461-moddasida “Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish”ga oid norma belgilangan. Unga koʻra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish – eng kam ish haqining oʻn baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 

 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/88e29e9d-b883-4a5a-bfb8-a57a423183de.png

Muayyan shartlar mavjud boʻlganda, jabrlanuvchi malumotlarini oshkor etgan muallifni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Tuhmat” jinoyati toʻgʻrisidagi 139-moddasiga (agar haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va shaxsni sharmanda qiladigan malumotlar tarqatilgan boʻlsa) yoki JKning 140-moddasiga (agar shaxsning qadr-qimmati beodoblik bilan tahqirlangan boʻlsa) muvofiq sudga berishi mumkin.

 

FIKRINGIZ ASOSLI BOʻLSIN

Har bir insonning “shaxsiy hayot” haqida oʻz tasavvuri va tushunchasi boʻlib, bu maʼlum bir shaxsning yoshi, jinsi, kasbi, ijtimoiy mavqei va boshqa xususiyatlariga, shuningdek muayyan bir davrda u yoki bu jamiyatda mavjud boʻlgan axloq meʼyorlari, qoidalari, anʼanalari va urf-odatlariga bogʻliq.

Ishingizda tanlov oldida qolmasangiz, bu haqida gapirish oson: jamiyat uchun muhim maʼlumotlarni tarqatish orqali shaxsiy hayot chegaralaridan chiqish, yoki oʻzingizni har xil daʼvo va surishtiruvlardan himoya qilish. Shaxs daxlsizligi huquqini buzish xavfi, shubhasiz, insonlar haqidagi axborot bilan ishlaydigan har bir jurnalistni taʼqib qiladi. Va javobgarlik turlicha boʻlishi mumkin: jinoiy, maʼmuriy, fuqarolik-huquqiy.

Yodda tutish zarur: jamoatchilik manfaati nima ekanligini aniqlovchi tayyor mexanizm mavjud emas. Maqola (mediamaterial) muallifi materiali qahramonlari tomonidan bildirilishi mumkin boʻlgan daʼvolarga oʻzi javob berishga tayyor boʻlishi kerak. U shaxsiy hayot chegaralarining buzilishi bejiz boʻlmaganligini, bu jamiyat uchun muhimroq manfaatlarni himoya qilishda zarur ekanligini asosli va ishonchli tarzda, shu jumladan sudda isbotlab bera olishi kerak.

Jamoatchilik manfaatini himoya qilayotganingizga ishonch hosil qilish uchun oʻzingizga quyidagi savollarni berib koʻring:

Insonning shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish yoki shaxsiy maʼlumotlarini, fotosuratini chop etish chindan ham ijtimoiy nuqtayi nazardan zarur boʻlmoqdami? Bu biror muhim ijtimoiy masalani hal qilishga koʻmaklashadimi?

Siz gapirib bermoqchi boʻlgan insonning xatti-harakatlarida jamiyatga biror tahdid kuzatilmoqdami? Odamlar bu haqda bilishiga jiddiy zarurat bormi va maqolada bu aks etganmi?

Shaxs haqidagi shaxsiy maʼlumotlarni maqolada keltirmasdan turibtegishli muammoni yetarlicha yoritish imkoni mavjud emasmi?

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MAʼMURIY JAVOBGARLIK TOʻGʻRISIDAGI KODEKSIDAN KOʻCHIRMA

40-modda. Tuhmat

Tuhmat, yaʼni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish –

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

41-modda. Haqorat qilish

Haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

461-modda. Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish

Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish – bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT KODEKSIDAN

KOʻCHIRMA:

191-modda. Qonunga xilof ravishda axborot toʻplash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish

Sir tutiladigan fan-texnika, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdoga oid yoki boshqa shu kabi axborotni egasining roziligisiz oshkor qilish yoki undan foydalanish maqsadida har qanday usulda toʻplash, – bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Sir tutiladigan fan-texnikaga, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdoga oid va boshqa shu kabi axborotni egasining roziligisiz qasddan oshkor qilish yoki undan foydalanish xoʻjalik yurituvchi subyektga koʻp miqdorda zarar yetkazgan boʻlsa, – bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

237-modda. Yolgʻon xabar berish

Yolgʻon xabar berish, yaʼni jinoyat toʻgʻrisida bila turib yolgʻon xabar berish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakat:

a) ayblovning sunʼiy dalillarini vujudga keltirgan holda; b) gʻarazgoʻylik niyatlarida;

v) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab;

g) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan boʻlsa, – besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, –sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

239-modda. Surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini oshkor qilish

Surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning ruxsatisiz oshkor qilish, – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-658-sonli Qonuniga koʻra, yolgʻon axborot tarqatganlik uchun tegishli kodekslarga maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar kiritildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimcha (2022-modda) mazmuniga koʻra:

Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki internet tarmogʻida tarqatish – BHMning 50 baravari (ayni vaqtda ushbu summa jami: 15 mln soʻm) miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmogʻida tarqatish – BHMning 50–100 baravari miqdorida (ayni vaqtda ushbu summa jami: 15 – 30 mln soʻm) jarima solishga sabab boʻladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimcha (2446-modda) mazmuniga koʻra:

Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborot tarqatganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yoʻl qoʻysa, BHMning 150 baravarigacha (ayni vaqtda ushbu summa jami: 45 mln soʻm) miqdorida jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmogʻida tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (ayni vaqtda ushbu summa jami: 60 mln soʻm) miqdorida jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida yuqoridagi jinoyatlarni javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda sodir etganlik uchun yana ham ogʻirroq jazo choralari (BHMning 400 baravarigacha (ayni vaqtda ushbu summa jami: 120 mln soʻm) jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash) belgilangan.

Shuningdek, yolgʻon xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksiga koʻra shaxsning or-nomusi, qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli maʼnaviy zarar yetkazilgan boʻlsa, yetkazuvchining aybidan qatʼi nazar, maʼnaviy zarar qoplanishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.

So‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi xalqaro tajriba

Shaxsiy hayotni himoya qilish huquqi va soʻz erkinligi huquqi oʻrtasidagi oʻzaro yon bosishlarning asosiy mezoni jamoat manfaatidir. Bunda ishni koʻrib chiqishda sudlar jarayon natijalarining barcha oqibatlarini, shuningdek uning butun jamiyat koʻlamida soʻz erkinligiga taʼsirini hisobga olishlari kerak.

Yevropa sudi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa konvensiyasining 8 va 10-moddalari boʻyicha koʻplab ishlarni koʻrib chiqdi, qator qarorlar qabul qildi. Biroq, Yevropa sudining shu ikki huquqning toʻqnashuviga taalluqli qarorlari unchalik ham koʻp emas.

Yevropa Kengashi Parlament assambleyasining 1998-yildagi qarorida ommaviy axborot vositalari odamlarning shaxsiy hayotiga aralashishini koʻpincha ularning auditoriyasi xalq koʻziga tushgan insonlar haqida hamma narsani bilish huquqiga ega ekanligi bilan oqlaydilar, deb koʻrsatib oʻtilgan.

Har qanday insonning shaxsiy umri hayotning turli sohalaridan iborat: oʻta shaxsiydan professionallikkacha, oilaviydan jamoatchilikka xosgacha. Ingliz tilida “privacy” atamasi mavjud boʻlib, u shaxsiy hayotning barcha tomonlarini qamrab oluvchi keng qamrovli tushuncha hisoblanadi.

Ushbu tushuncha mohiyatini ifodalashga ilk bor 1890-yilda ikki yosh amerikalik advokatlar Uorren va Brandeys harakat qilishgan. Ular ayrim odamlarni sariq matbuotning betakalluf qiziquvchanligidan himoya qilish zarurligi isbotlangan maqolani chop etishdi. Ular oʻz pozitsiyasini shaxsiy hayotga aralashuv oddiy jismoniy zoʻravonlik keltirishi mumkin boʻlgan ruhiy ogʻriq va azob-uqubatlardan koʻra jiddiyrogʻiga sabab boʻlishi mumkinligi bilan asoslashdi.

Shaxsiy hayot tushunchasini toʻliq izohlash imkoni boʻlmaganligi uchun unga berilgan turli xil taʼriflar mavjud. Ularning eng qiziqarlisidan biri Yevropa Kengashi Parlament assambleyasining Ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyasida oʻz ifodasini topgan: «Shaxsiy hayot daxlsizligi – bu minimal tashqi aralashuv ostida oʻz hayotini yashash huquqi».

Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi shaxsiy hayot daxlsizligi (hurmati) huquqini «inson hayotini oshkoralikdan himoya qilgan holda oʻz xohish-istaklariga koʻra yashash huquqi» sifatida belgilab berdi. Bunda Yevropa sudi oʻz pretsedentlari bilan «shaxsiy hayot» tushunchasi aniq chegaralarga ega emasligini koʻrsatmoqda. Turli yillar davomida sud shaxsning ismi, surati, obroʻsi, jinsiy oriyentatsiyasi va hayoti, turar joyning daxlsizligi va yozishmalarning maxfiyligi, shaxsning jismoniy va psixologik yaxlitligi va shaxs haqidagi boshqa maʼlumotlarni “privacy”ning bir qismi sifatida tan olgan.

Misol:

2004 yilda Yevropa sudi shaxsiy hayoti fotosuratlari matbuotda chop etilgan Monako malikasi Karolin Grimaldining shikoyati boʻyicha qaror chiqardi. Sud fikriga koʻra, malikaga boʻlgan qiziqish faqat uning qirol oilasiga mansubligiga asoslangan edi, zero u hech qanday jamoat vazifalarini bajarmagan. Shuning uchun uning shaxsiy hayotiga aralashish noqonuniy deb tan olingan.

Yevropa sudi shaxsiy hayot tushunchasiga nafaqat insonning tashqi dunyo aralashuvisiz yashashini, balki boshqa odamlar bilan munosabatlarni amalga oshirish huquqini ham kiritadi. Shaxsiy hayotni himoya qilish huquqi kasbiy va jinsiy munosabatlarga, shaxsiy maʼlumotlarni toʻplash va saqlashga, ular bilan tanishish usuli va tartibiga, axloqiy va jismoniy yaxlitlik muammolariga taalluqlidir. Shaxsiy hayot tushunchasi insonning ismi va qiyofasiga aloqador.

OAVlar materiallarining alohida qismlarida ham shaxsiy hayot mavzusi koʻtarilishi Yevropa sudi uchun shaxsiy hayotga aralashish deb qaraladi. 

Janob Pek Yevropa sudiga quyidagi mazmundagi ish bilan murojaat qilgan. Pek koʻchada oʻz joniga qasd qilishga urindi. Uning barcha harakatlari kamera tomonidan yozib olinayotganidan bexabar edi. Yevropa sudiga keyinchalik murojaat qilgan arizachining qoʻlidagi pichoqni koʻrib, operator politsiyaga murojaat qildi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari Pekning yuzi yashiringan fotosuratlar bilan keltirilgan materialni chop etishdi. Bundan tashqari, televizorda kamera tasvirlari namoyish etildi, bunda Pekning yuzi yashiringan edi. Biroq, jurnalistlar tomonidan koʻrilgan ehtiyot choralariga qaramay, koʻplab qarindoshlar va doʻstlar uni dastur va gazetalarda tanib qolishdi. Teleradioeshittirish standartlari komissiyasi arizachining yuzini yashirishni yetarli emas deb topdi.

1) Jamoat joylarida jismoniy shaxslarni kuzatish shaxsiy hayotni himoya qilish huquqining buzilishi emas, agar kuzatuv yozib olish vositalari bilan qayd etilmasa.

2) Jamoat joyida yozilgan videoning tarqatilishi oʻzida shaxsiy hayot huquqining buzilishi ni namoyon qiladi.

3) Ruxsat olinmay, inson shaxsiy hayoti haqida har qanday shakldagi maʼlumotlar, jumladan video, ommaga taqdim etilishi mumkin emas. Bunday ruxsat boʻlmasa, odamning yuzi uni tanib boʻlmasligi uchun koʻrinmasligi kerak. Ushbu choralarsiz maʼlumotlarni tarqatish uchun juda asosli sabablar boʻlishi lozim.

Ammo bu qoidalar amal qilmaydigan holatlar mavjud. Shaxs haqidagi maʼlumotlarni qayd etib borish aynan qanday holatlarda yuz berganini inobatga olish kerak. Agar shaxs ommaviy aksiyalar yoki jinoyat sodir etish vaqtida koʻrsatilgan boʻlsa, unda ommaviy axborot vositalarida maʼlumot tarqatish voqealar ishtirokchilaridan ruxsat olishni talab qilmaydi, chunki bu harakatlar jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotadi. Va bu holda, insonning shaxsiy hayotni himoya qilish huquqi jamiyatning axborot bilan tanishish huquqidan ustun turmaydi.

Yevropa sudi tarqatilayotgan axborot ijtimoiy manfaatni koʻzlashi yoki koʻzlamasligini belgilaydi.

“Fon Gannoverskaya Germaniyaga qarshi” (fotosuratning gʻayriqonuniy chop etilishi haqida):

Monako shahzodasi Renye III ning toʻngʻich qizi, uning farzandlari va hamrohining jamoat muassasalarining birida olingan suratlari chop etildi. Yevropa sudi, shuningdek, malikani xarid qilayotgan, restoranda hamrohi bilan boʻlgan, velosiped uchgan, ot mingan vaqtida olingan boshqa fotosuratlarining chop etilishi holati boʻyicha ham ishni koʻrib chiqdi. Bundan tashqari, malikaning Parijdagi qarorgohidagi hayotini aks ettiruvchi fotosuratlar ham chop etilgan edi. Malika shaxsiy hayotiga sodir etilgan noqonuniy aralashuvdan shikoyat qilib, Germaniya sudiga murojaat etdi.

Bu holatda sud malikaning talablarini maʼqulladi. Bunga asos sifatida mashhur insonlar shaxsiy hayotni nafaqat uy devorlari ichida, balki ulardan tashqarida ham (agar ularning bu yerdagi xatti-harakati yolgʻizlikda qolish va tashqaridan kuzatilishni nazarda tutmasa) himoya qilish huquqiga ega ekanliklari toʻgʻrisidagi fikr keltirildi. Fotosuratlar malikaning shaxsiy hayotini buzganligi tan olindi va malika, garchi turli tadbirlarda qirol oilasi aʼzosi boʻlib ishtirok etsa-da, jamoat arbobi emasligi va uning shaxsiy hayotiga qiziqish ijtimoiy ahamiyatga ega emasligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Yevropa sudi fotosuratlarning chop etilishi asosli boʻlgan holatlar bilan bogʻliq ishlarni ham koʻrib chiqqan. Agar surat shaxsiy hayot haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilmasa, unda uni chop etishni taqiqlash uchun hech qanday sabab yoʻq. Ayniqsa, agar voqealar ishtirokchisi siyosatchi boʻlsa va uning suratlari hokimiyat veb-saytida ommaviy ravishda mavjud boʻlsa. Bu holda ijtimoiy ahamiyat birinchi oʻringa chiqadi.

Bu oldin mamlakat Bosh vaziri boʻlgan estoniyalik siyosatchining xotini bilan bogʻliq ish boʻlib, unda uning shaxsiy hayotiga daxldor maʼlumotlar gazetada chop etilgan edi. Estoniya sudlari jurnalistga jarima shaklidagi jinoiy jazo qoʻlladilar. Jurnalist Tammer Yevropa Konvensiyasining 10-moddasini buzganlik uchun Yevropa sudiga murojaat qildi.

Yevropa sudi muxbirning harakatlarini nomaqbul deb tan oldi. Bu holatda jamoat manfaati rol oʻynamagan, chunki oldingi Bosh vazirning rafiqasi omma eʼtiboridagi shaxs boʻlmagan va materialni chop etish paytida uning hayoti mamlakatdagi vaziyatga taʼsir koʻrsatmagan.

“Jamoat manfaati” iborasi aniq bir taʼrifga ega emas. Biz faqat uni aniqlashga yordam beradigan baʼzi mezonlar haqida gapirishimiz mumkin.

Yodda tutish kerak boʻlgan asosiy jihat – bu shaxsiy manfaatlarni deb ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni jamoatchilik muhokamasidan cheklashga yoʻl qoʻymaslik. Jamoat manfaati tushunchasi qanchalik keng boʻlsa, shunchalik maqsadga muvofiqroqdir.

Yevropa sudining fikriga koʻra, shaxsga nisbatan jinoiy ayblovlarni taqdim etish bilan bogʻliq faktlar va mamlakat Prezidentining jamoatchilikdan yashirgan kasalligi haqidagi maʼlumotlar ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.

Balansning yuridik ahamiyatga ega mezonlari tizimi:

Balans mezonlari

Shaxsiy hayotni hurmat qilish huquqi

Soʻz erkinligi

Joy mezoni

Jamoat joyi

-

+

istisnolar boʻlishi mumkin

Jamoat joyi boʻlmagan hududda

+

-

Tarqatilayotgan axborot xarakteri

Axborot ijtimoiy ahamiyatga ega

-

+

Axborot ijtimoiy ahamiyatga ega emas

+

-

Shaxs mavqei

Omma eʼtiboridagi shaxslar

-

+

Oddiy shaxs

+

-

Koʻrinib turibdiki, omma eʼtiboridagi odamlarning shaxsiy hayotiga taalluqli baʼzi faktlar aholida qiziqish uygʻotishi mumkin, ammo bu shaxsning omma eʼtiborida ekanligining oʻzi ommaviy axborot vositalarining aralashuvini oqlash uchun yetarli emas. Shunga koʻra, bolaning shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarning chop etilishi faqat uning ota-onasi jamiyatda egallagan mavqei bilan oqlanmaydi.

Oddiy fuqarolarning shaxsiy hayoti, aksincha, iloji boricha ommaviy axborot vositalarining eʼtiboridan himoya qilinishi kerak. Asosiy qoida shundaki, ularning shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlar ularning roziligisiz ommaga oshkor qilinmasligi kerak. 

OAV va intellektual mulk

OAV tomonidan intellektual mulk sohasini yoritishda eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan xatolardan biri bu “kontrafakt” soʻzi bilan “qalbaki” soʻzlarini sinonim sifatida ishlatishlaridir.

Noqonuniy sotilgan tovarlarga nisbatan “kontrafakt” va “qalbaki” kabi tushunchalar koʻpchilik uchun maʼno jihatidan oʻxshash boʻlishi mumkin, ammo ular sinonim emas.

Kontrafakt mahsulot – bu intellektual mulk huquqlarni buzgan holda ishlab chiqarilgan va sotiladigan tovarlardir. Kontrafakt ishlab chiqaruvchilar taniqli brendlar va logotiplarni oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarga joylashtirish orqali xaridorlarni chalgʻitishga urinadilar.

Qalbakilashtirish – bu mahsulot xomashyosini, xossalari va mezonlarini ataylab oʻzgartirish yoki ularni almashtirib qoʻyish tushuniladi. Odatda, qalbaki mahsulot ishlab chiqaruvchilar asl brend, logotip yoki mahsulot dizaynini oʻzgartirmagan holda yashirin sexlarda mahsulotlarni isteʼmolga yaroqsiz, talab va meʼyorlarga mos kelmagan holda tayyorlaydilar.

Odatda, OAV tomonidan mualliflik huquqlari oldindan qanday muhofazalanadi, roʻyxatdan oʻtish tartibi qanday, muallif oʻz ijod namunasiga qanday egalik qiladi degan savollar bilan murojaat qilinadi.

Mualliflik huquqi bilan bogʻliq munosabatlar “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.

Aslida fan, adabiyot va sanʼat asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti boʻyicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni roʻyxatdan oʻtkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Fuqarolik kodeksining 1046-moddasiga koʻra, asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan boʻlsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb eʼtirof etiladi.

OAV vakillari tomonidan mualliflarning huquqlari buzilgan taqdirda “Muallif ijod qilishi kerak, u mualliflik huquqlarini himoya qilish bilan band boʻlmasligi kerak” degan fikrlar bildiriladi.

Xalqaro tajribaga koʻra, mualliflar oʻz huquqlarini mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarga aʼzo boʻlish orqali himoya qilishadi. Bu yoʻl butun dunyoda eng samarali usul hisoblanadi. Sababi, muallif oʻz huquqlari buzilganida har safar tegishli idoralarga ariza bilan murojaat qilmaydi, balki bu vazifani mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar amalga oshiradi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasida hozirgi kunda 6 ta yoʻnalishda jamoat birlashmalari roʻyxatdan oʻtgan holda oʻz faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-bobi mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlarga bagʻishlangan boʻlib, unda qayd etilganidek, oʻzi boshqarayotgan huquqlarni himoya qilish uchun zarur boʻladigan har qanday yuridik harakatlarni bajarish, muallif bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan haqni yigʻish, taqsimlash va toʻlash mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishga moʻljallangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Intellektual mulk obyektlariga muhofaza hujjatlarini berish tartibi boʻyicha juda koʻp nooʻrin eʼtirozlar boʻladi. Bunda asosan talabnoma topshirilganiga ancha muddat boʻlgani va hanuzgacha talabnoma topshiruvchilarga muhofaza hujjati berilmayotgani yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirishadi. Aslida intellektual mulk obyektlariga muhofaza hujjatini olish tartibi tegishli qonunlar bilan belgilab qoʻyilgan. “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq ixtiro boʻyicha topshirilgan talabnoma 18 oy muddatda koʻrib chiqiladi. Buning sababi shundaki, agar muallif tomonidan yaratilgan ixtiro butun dunyo miqyosida undan bir oy yoxud bir kun oldin muddatda topshirilgan boʻlsa, ixtiroga muhofaza hujjatini berish bekor qilinadi. Bu holatda asosan arizachilarning talabnoma topshirgan sanasi ustunlik qiladi.

Intellektual mulk sohasida guvohnoma va patent tushunchalari mavjud. Odatda, OAV vakillari intellektual mulk obyektlarining muhofaza hujjatini umumiylashtirib “patent” soʻzi bilan ifodalashadi. Ammo ularning orasida farq bor. Guvohnoma va patent intellektual mulk obyekti maʼlum bir shaxsga tegishli ekanligini tasdiqlovchi yuridik kuchga ega hujjatdir.

Bu hujjatlar faqat obyekt turiga qarab farqlanadi. Qonunchilikka muvofiq intellektual mulk obyektlaridan faqatgina ixtiroga, sanoat namunasiga, foydali modelga va seleksiya yutuqlariga patent beriladi. Boshqa intellektual mulk obyektlariga nisbatan patent tushunchasi ishlatilmaydi. Masalan, tovar belgisiga nisbatan muhofaza hujjati sifatida guvohnoma beriladi.

Intellektual mulk sohasini yoritishda OAV vakillarining bilishi muhim boʻlgan talablardan biri intellektual mulk obyektlari hisoblanadigan tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilaridan foydalanilishida ekspert xulosasini olmasdan oldin ulardan foydalanish huquqbuzarlik sifatida baholanadi.

Bunda tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilaridan foydalanayotgan subyekt huquq egasining ruxsatini olgan boʻlishi yoki oʻzaro shartnoma tuzgan boʻlishi mumkinligini inobatga olish lozim. 

Huquqiy manbalar bilan ishlash

Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi axborot izlash tizimi (bundan buyon  matnda “LexUZ” QMMB AIT yoki LexUZ tizimi deb yuritiladi) huquqiy axborot izlash tizimi boʻlib, normativ-huquqiy hujjatlarni oson hamda qulay shaklda qidirish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasiga Oʻzbekiston Respublikasining 2016 yil 23 sentyabrdagi Qonuniga muvofiq 2017 yil 25 sentyabrdan normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilgan.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/71dc274e-5b86-434e-8e9b-0ffe909c53d2.png

LexUZ tizimining maqsadi – yuridik va jismoniy shaxslarning meʼyoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini taʼminlash orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirishdir.

QMMB AIT “LexUz” normativ-huquqiy hujjatlarning rekvizitlari, tarkibiy qismlari (matni) va yuridik tahlil kartochka- laridagi maʼlumotlari asosida, shu jumladan:

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatori;

Qonunchilikning mavzuli maʼlumotnomasi;

Alfavit-predmetli koʻrsatkichi;

Tushuncha va terminlar maʼlumotnomasi asosidagi keng qamrovli axborot izlash tizimiga ega.

LexUZNING XUSUSIYATLARI

Mobillik. LexUz tizimidan dunyoning istalgan mamlakatidan turib foydalanish mumkin. Buning uchun sizga faqatgina Internet tarmogʻiga ulangan kompyuter (yoki boshqa qurilma) kerak boʻladi. Biror-bir qoʻshimcha dasturiy taʼminotni oʻrnatish shart emas.

Qulaylik. Boshqa mavjud dasturlarni doimo yangilab borish lozim, bu esa foydalanuvchilardan qoʻshimcha mablagʻ yoki vaqt talab qiladi. LexUz tizimidan foydalanuvchi bu haqda bosh qotirishiga hojat yoʻq.

Ishonchlilik. LexUz tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli boʻlib, barcha hujjatlar faqat rasmiy manbalardan foydalangan holda kiritilishi tizimdagi maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlaydi.

Bepullik. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 340-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasidan keng foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2010-yil 1-yanvardan boshlab barcha foydalanuvchilar Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasidan bepul foydalanishi mumkinligi belgilangan. LexUZ tizimida ishlashni boshlash uchun veb-brauzerni (Internet Explorer, Mozilla Firefox, Opera, Google Chrome va hokazo) ishga tushiring va www.lex.uz manzilini tering. 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/68d688d1-3d05-471e-b613-03d17f7b7472.png

LexUZning bosh sahifasi menyu va bir nechta bloklardan iborat, xususan:

Tizim menyusi;

Funksional menyusi

“Qidiruv” bloki;

“Qonunchilik sohalari” bloki;

“Qonunchilikdagi yangiliklar” bloki;

Milliy bazadagi hujjatlar statistikasi;

“Foydali resurslar” bloki.

Rasmiy hujjatlar tugmasi bosilganda “Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy eʼlon qilish” boʻlimi ochiladi. Ushbu boʻlimga kirgandan soʻng hujjat qabul qilgan organ tanlansa, ushbu organ tomonidan qabul qilingan Normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilingan sanasi boʻyicha xronologik tartibda chiqadi.

Foydalanuvchi uchun qoʻllanma – LexUZ tizimi bilan ishlash uchun foydalanuvchi qoʻllanmasi.

Yuridik tahlil kartochka rekvizitlari – yuridik tahlil kartochka rekvizitlari tavsiflangan sahifa.

Izlash rekvizitlari roʻyxati – tizimda normativ-huquqiy hujjatlarni qidirish uchun rekvizitlar roʻyxati.

Axborot taqdim etish shartlari – axborot taqdim etish shartlari toʻgʻrisida maʼlumot.

Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik toʻplami – ushbu sahifada “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”ning elektron shakli yillar boʻyicha joylashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻplami – ushbu sahifada “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻplami”ning elektron shakli joylashtirilgan.

Kutubxona – yuridik adabiyotlar kutubxonasi.

Konstitutsiyaviy huquq lugʻati (oʻzbek tilida) – tizimlashtirilgan yuridik terminlar lugʻati.

Qonunchilik tarmoqlarining umumhuquqiy klassifikatori – Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2012-yil 2-martdagi 53-mh-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik tarmoqlarining Umumhuquqiy klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi.

LEX.UZ tizimida qanday roʻyxatdan oʻtiladi?

LexUZ tizimida foydalanuvchiga qulay boʻlishi uchun ONE ID, Google Account, Facebook orqali roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratilgan.

Diqqat! LexUZ tizimida roʻyxatdan oʻtish uchun ishlaydigan elektron pochta manzilingiz (e-mail) boʻlishi kerak, tizimda ishlashda ushbu manzil foydalanuvchining nomi (logini) hisoblanadi.

Izlash shakli (izlashning qoʻshimcha shartlari bilan) – maxsus shakl boʻlib, normativ-huquqiy hujjatlarni qulay tarzda qidirish uchun koʻp hollarda ishlatiladigan rekvizitlar asosida yaratilgan. Izlash funksiyasi tizimda eng asosiy qismi hisoblanib, barcha foydalanuvchilar kirishi mumkin boʻlgan izlashning oddiy qidiruv shakliga (qoʻshimcha shartlar bilan) hamda roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar kirishi mumkin boʻlgan izlashning kengaytirilgan qidiruv shakliga (kengaytirilgan shakl tavsifi quyida keltirilgan) boʻlinadi.

Tizim bazasi boʻyicha qidiruvning oddiy shakli bosh sahifada joylashgan. Masalan, “tadbirkor” degan soʻz ishlatilgan normativ-huquqiy hujjatni (NHH) topish uchun ushbu soʻzni kiritish joyiga terishingiz va “Izlash” tugmasini yoki

“Enter” klavishini bosishning oʻzi yetarli.

Tizim sizning soʻrovingiz boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini, yaʼni izlov natijasini chiqarib beradi (roʻyxat hujjatlarning qabul qilingan sanasi boʻyicha saralab beriladi).

Qidirishning kengaytirilgan shakli yuqorida tavsiflangan qidirishning oddiy shakliga qaraganda qidirish uchun koʻproq rekvizitlarga ega boʻlib, u hujjatlarni izlash uchun murakkab soʻrovlar tayyorlash imkonini beradi. Ushbu rekvizitlar alohida varaqlar koʻrinishida turkumlangan (Bazaviy parametrlar, hujjatning amaldaligi, hujjatning rasmiy eʼlon qilingan manbasi, klassifikatorlar/koʻrsatkichlar, maxsus parametrlar).

Ushbu shaklning pastki qismida sizning soʻrovingizni ketma-ket umumlashtirib boradigan qator mavjud.

Hujjat raqami – hujjat raqamini kiritish uchun ishlatiladi. Agarda “Adliya vazirligida roʻyxatga olingan” tugmasi tanlangan boʻlsa, izlash Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning NHHlari boʻyicha amalga oshiriladi.

Hujjatning qabul qilingan sanasi – hujjatning qabul qilingan sanasini kiritish joyi qulaylik uchun kalendar koʻrinishida ishlab chiqilgan. Agar hujjat qabul qilingan aniq sanasini bilsangiz “dan” va “gacha” kiritish joylariga aynan oʻsha bir sanani kiritishingiz lozim. Agar hujjatning qabul qilingan sanasini taxminiy sana deb hisoblasingiz, oʻzingiga kerakli sanalar oraligʻini belgilashingiz mumkin. Masalan, “dan” kiritish joyiga “01.04.2012”, “gacha” kiritish joyiga “30.04.2012” tering. Bunday qidiruvda tizim sizga ushbu sanalar oraligʻida qabul qilingan barcha hujjatlar roʻyxatini chiqarib beradi.

Hujjat tili – hujjat tilini tanlash.

Hujjat nomi – hujjat nomida boʻlishi mumkin boʻlgan soʻzlar yoki jumlalarni qidirish.

Hujjat turi – berilgan roʻyxat boʻyicha hujjat turini tanlash (masalan, qonunlar, farmon, qaror, yoʻriqnoma, buyruq va boshqalar).

Matndagi soʻz yoki jumla – hujjat matnidagi soʻzlar yoki jumlalarni izlash.

“Matn boʻyicha aniq izlash” funksiyasi – kalit soʻzni kiritgan holda kerakli hujjatni izlashingiz mumkin boʻladi.

Masalan: Siz “oʻquv” soʻzi ishatilgan hujjatni izlamoqdasiz. Shunda tizim aynan “oʻquv” soʻzi mavjud boʻlgan hujjatlarning roʻyxatini chiqarib beradi.

Hujjatni qabul qilgan organ – berilgan roʻyxat boʻyicha tegishli organni tanlash joyi (masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqalar).

Hujjat holati – ushbu maydon yordamida hujjatlarning amaldagi, oʻz kuchini yoʻqotgan va amalda boʻlmagan hujjatlar boʻyicha filtrlash mumkin.

Hujjat tusi – ushbu maydon orqali normativ-huquqiy hujjatlar, operativ va boshqalar, oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kabi toifalardan birini tanlab hujjatlarni saralash mumkin.

“Advice.uz” huquqiy axborot portali

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/0fae6dd4-2251-41e4-a86f-3ba62d312175.png

“Advice.uz” huquqiy axborot portali Adliya vazirligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. 

Hozirda portal “Madad” NNT yurituvida boʻlib, fuqarolar oʻzlarini qiziqtirgan huquqiy axborot va maʼlumotlar bilan 24 soat mobaynida uzluksiz tanishish imkoniyati mavjud. Buning uchun internet tarmogʻiga ulangan mobil telefon yoki kompyuterning mavjudligi kifoya. Portal tashkil etilgandan beri 1,5 mlndan ortiq foydalanuvchilar portaldan foydalanishgan va kunlik foydalnuvchilar soni bugungi kunda oʻrtacha 9 ming kishini tashkil qiladi.

Shuningdek, portalda 29 ta boʻlim mavjud va bu boʻlimlarda 2500 tadan ortiq huquqiy kontentlar sodda, ravon tilda joylashtirilgan. Ushbu kontentlar doimiy ravishda qonunchilikdagi oʻzgarishlar bilan muvofiq ravishda yangilab boriladi. Bundan tashqari portalda onlayn maslahatchi xizmati ham mavjud boʻlib, ushbu xizmat orqali fuqarolar huquqiy savollariga onlayn tarzda javob olishlari mumkin. Hozirgi vaqtga qadar 170 mingga yaqin murojaatlar onlayn ravishda muassasaga yuborilgan. Fuqarolardan asosan ijtimoiy himoya, mehnat munosabatlari, sud-huquq va uy-joy masalalariga oid murojaatlar kelib tushmoqda. 

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/0d8cab82-83b0-418d-8ae3-1d011a35ad97.png

Feyk yangiliklar davrida qanday yashash va axborot bilan qanday ishlash kerak?

TERMINLARGA ANIQLIK KIRITIB OLAMIZ

Fakt – ishonchli dalillar bilan keltirilgan voqea. Ishonchliligi isbotlangan bilim.

Fakt – real voqea; ishonchli dalillar bilan mustahkamlangan hodisa; sodir boʻlgan va sodir boʻlayotgan voqea. Fakt – haqiqat sinonimi va jurnalistik asarning asosi. Mediada chop etilgan yolgʻon fakt qizgʻin muhokamalarga sabab boʻladi. Keyinchalik keltirilgan raddiyalar feyklar kabi keng qamrovga ega boʻlmaydi.

Faktoid – OAVda keng yoritilganligi bois faktga oʻxshab ketadigan yolgʻon xabar.

Feyk – ishonchsiz, yolgʻon, boʻrttirilgan yoki notoʻliq axborot.

Dezinformatsiya – yolgʻon axborot bilan chalgʻitish, adashtirish.

Faktcheking – feyk yangiliklar, tekshirilmagan xabarlarga qarshi yagona qurol.

Faktcheking tamoyillari: mustaqillik, xolislik va aniqlik.

FEYK SHAKLLARI

Qalbaki matnli, foto yoki video xabarlar va audio-formatlar; Buyurtmaga koʻra loyiha, asar va hattoki mashhur shaxsning “yaratilishi”;

Feyk akkauntlar post va layklar uchun moʻljallanib, maʼlum vazifalarni bajaradi.

“Deep-fakes” – sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda maʼlumotlar, fotosuratlar va videolarni soxtalashtirish.

FEYKLARNI YARATISH VA TARQATISH MAQSADLARI

Manipulyatsiya va afzalliklarga ega boʻlish. Misol – iqtisodiy mavzuda.

Kapitalizatsiyaning oʻsishi uchun chiqarilgan soxta xabar.

Eʼtiborni tortish. Loyiha, harakatlar yoki shaxslarni ilgari surishda qoʻllaniladigan piar.

Tashuvchilarga ziyon yetkazish. Xabarga oʻtish yoki xabardan oʻtish vaqtida virus tushiradi.

Xordiq. Maxsus yaratiladigan dasturlar.

Trafikni oshirish. Maʼlum resursga kiruvchilar soni oshishi uchun ishonchsiz xabarlar va igʻvolar.

Diskriminatsiya. Faqatgina tahqirlash maqsadida yaratiladigan yangiliklar (jins, din, millat, til va h.k.).

Diskreditatsiya. Ustuvorliklarga ega boʻlish, igʻvogarchiliklar, tartibsizliklarni keltirib chiqarish uchun qoʻllaniladi (siyosat, savdo va h.k.).

Firibgarlik. Vositalarga ega boʻlish uchun qoʻllaniladi. Masalan, shaxs, loyiha va shu kabilar uchun mablagʻ yigʻishda.

NIMA UCHUN FEYKLAR HAQQONIY AXBOROTDAN KOʻRA TEZROQ TARQAYDI?

Feyklar kuchli hissiyotlarni keltirib chiqaradi – jahl, qoʻrquv, vahima.

Hayot va salomatlikka oid “xabarni” koʻrib inson tekshirilmagan axborotni qarindosh va doʻstlariga yuborib, atrofidagilarni qutqarishga yoki xavfsizligini taʼminlashga intiladi.

Natijada odamlar feykni yanada tez shiddat bilan barcha kuchlarni ishga solib tarqatadi.

Sience Post satirik sayti “Facebook foydalanuvchilarining 70% ilm-fan haqidagi maqolalarni sharhlashdan oldin faqatgina ularning sarlavhasini oʻqiydi” degan sarlavhali yangilikni chop etdi.

“Ushbu maqolaning bevosita saytdan repostlari 50 mingga yetmoqda: foydalanuvchilar oʻzlarini xuddi mualliflar kabi tutmoqda”, deyilgani bejiz emas edi.

“Haqiqat shimini kiyguncha, yolgʻon dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi”.

 Uinston ChERCHILL, britaniyalik davlat arbobi va siyosatchi

FAKTLARNI NIMA UCHUN TEKSHIRISH KERAK?

Asosiy sabab: yolgʻon faktlar oʻquvchida dunyo haqida yolgʻon tasavvur hosil qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, nashrni obroʻsizlantiradi. Ishonchni yoʻqotish oson, qaytarish – juda qiyin.

Bundan tashqari, qonunchilikda ishonchli xabarlar niqobi ostida mish-mishlar tarqatish mumkin emasligi belgilab berilgan.

Sifatsiz faktcheking yoki uning yoʻqligi baʼzi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

1-MISOL:

Pokiston Isroilga feyk yangilikka javoban yadro quroli bilan tahdid qildi. 2016-yil dekabr oyida Xavaja Asif Tvitterda Isroil Islomobodga yadro quroli bilan tahdid solib, Pokistonda ham yadro quroli borligini unutayotgani haqida yozdi. Mudofaa vaziri soxta yangiliklar sayti boʻlgan AWD News oʻz sahifasida joylashtirgan maqolaga shunday munosabat bildirdi.

Maqola sarlavhasi shunday edi: “Isroil mudofaa vaziri: Agar Pokiston biron bahona bilan Suriyaga qoʻshin yuborsa, biz uni yadroviy zarba bilan yoʻq qilamiz”. Aytgancha, sariq maqola mualliflari hozirgi emas, balki sobiq mudofaa vaziri boʻlgan Moshe Yaalon haqida yozishgan edi. Qolaversa, ular yana bir nechta lavozimlarni chalkashtirib yuborishdi.

Isroil davlatining mudofaa vazirligi esa, oʻz navbatida, Yaalon bu kabi gaplarni aytmaganligini va Asif havola qilayotgan voqea uydirma ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Tushunmovchilik bartaraf etildi.

2-MISOL:

Edgar Uelch pissaxonada fitna nazariyasi sabab oʻt ochdi.

28 yoshli Shimoliy Karolina fuqarosi Vashingtondagi Comet Ping Pong pissaxonasiga yetib keldi va miltiqdan ota boshladi. Hech kim jarohatlanmadi, erkakning oʻzi hibsga olindi.

Maʼlum boʻlishicha, u “pissageyt” boʻyicha oʻzi surishtiruv oʻtkazmoqchi edi. Bu Xillari Klinton, bachchabozlarning maxfiy jamiyati va Comet Ping Pong egasi oʻrtasidagi aloqa haqida hikoya qiluvchi fitna nazariyasidir. Edgar Uelch pissaxonada bolalar saqlanmasligiga ishonch hosil qilib politsiyaga taslim boʻldi.

Pizzagate AQSHda 2016-yilda prezidentlik saylovlari vaqtida paydo boʻlgan. Internet foydalanuvchilari Wikileaks oshkor qilgan Klinton shtabi boshligʻining yozishmalarini oʻrganishdi va baʼzi soʻzlar kodlangan boʻlib, bachchabozlik bilan bogʻliq ekanligi haqidagi qarorga kelishdi.

Balki buni kimdir hazil tariqasida qilgandir. Biroq, hodisa mashhur boʻlib ketda va feyk yangiliklar saytlari boʻylab tarqab ketgan. (4chan va Reddit).

3-MISOL:

Britaniyalik tibbiyot xodimining maqolasi qizamiq avj olishiga olib keldi. 1999-yilgacha Buyuk Britaniyada aholining 95% qizamiqqa qarshi emlangan edi.

Keyinchalik esa emlashga qarshi chiquvchilar hisobiga koʻrsatkich 80% ga tushdi. 2008-yilning noyabr oyida uni yuqtirib olganlar butun 1996-yil davomida kasallanganlar soniga teng boʻldi.

Vahimaga Endryu Ueykfild sababchidir. Tibbiyot xodimi qizamiq, qizilcha va tepkiga qarshi emlanish autizmga olib kelishi mumkinligini eʼlon qildi. Emlashga qarshi chiqqan Endryuning maqolasi nufuzli tibbiy jurnal Lancet tomonidan chop etildi.

1998-yilgacha Endryu Ueykfildni yuzidan kamchilik tanirdi. Lancet maqolani chop etgach, hammasi butkul oʻzgardi: uni televizorda koʻp koʻrsata boshlashdi.

Hech kim Ueykfildning natijalarini takrorlay olmadi va BMJ jurnali mustaqil surishtiruv oʻtkazdi. Maʼlum boʻlishicha, tibbiyot xodimi tasodifan emas,

balki tadqiqot natijalarini ataylab toʻqib chiqargan. Unga muntazam emlash autizmga olib kelishi mumkinligini isbotlash foydadan xoli emasdi.

Buni tushuntirish oson: Ueykfild va uning hamkasbi Carmel Healthcare asoschilaridan biri boʻlgan. 1996-yilda olim tanadagi qizamiq virusining izlarini aniqlash uchun tezkor testni patentlab olgandi. Sinov toʻplamlari Carmel Healthcare uchun asosiy biznes vositasiga aylanishi kerak edi. Endryu uch yil ichida kompaniya ular orqali 28 million yevro ishlab topishi mumkinligiga ishongan.

KIMGA FOYDA KELTIRADI?

Xordiq chiqaruvchi media, jumladan jiddiy jurnalistika niqobiga yashirinadigan OAV

Misollar:

Onion.

FogNews.

HOBOSTI.

Smixer.

Jiddiy OAV tahririyatlari baʼzida oʻzlari ham bu kabi materiallarni chop etishadi. Fake news joylashtirish uchun ular xakerlar tomonidan buzilgan hollar ham boʻlgan. Xususan, 2013-yil ning aprel oyida xakerlar AQSHning yetakchi axborot agentligi Associated Press akkauntiga kirib, Oq uyda portlash yuz bergani va Barak Obama jarohat olgani haqida yozishgan edi.

Prankerlar va trollar

2017-yil may oyida OAVda belarus muallifi va adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich vafoti haqidagi xabar paydo boʻldi. Bu feykni italiyalik Tomasso Debenedetti oʻylab topdi.

Undan avval italiyalik jurnalist Mixail Gorbachyov, Fidel Kastro va Bashar Asad vafoti haqidagi yolgʻon maʼlumotlarni Twitter orqali feyk profillardan tarqatgan edi. Xususan, Debenedetti

BuzzFeed, The Guardian, The Huffington Post va boshqa OAV obuna boʻlgan Sergey Shoygu akkauntini yuritgan.

Tomas rejasi: jurnalistlar juda ishonuvchan boʻlganligi bois afsonalarni yaratishni davom ettirish.

“Qora” marketologlar 

Muayyan brend haqida soʻz ketgan Fake news OAV va ijtimoiy tarmoqlarda juda keng muhokama qilinishi mumkin. Bu bepul piar. 

Toʻqima voqeaga misol:

26 yoshli hindistonlik Axe brendi ishlab chiqaruvchisi Unilever ustidan “yolgʻon” va “ichki azob-uqubatlar” sabab arz qildi. Daʼvogar 7 yildan beri mahsulotlardan foydalanib kelib, garchi reklamada bunga ishora qilingan boʻlsa-da, qizlarni oʻziga jalb qila olmadi. Erkak kishi goʻyo oqsoch uni kaltaklaganidan keyin sudga borgan: u Axe dezodarantini surtib, uning oldida yalangʻoch boʻlib turib oldi. Yangilik kulgili va haqiqatdan yiroq ekanligi koʻrinib turibdi. Biroq, u koʻplab ommaviy axborot vositalari, xususan, Lenta.ru va KP.UA tomonidan qayta-qayta chop etildi. Raqobatchilar ushbu texnologiyadan marketing urushini olib borish uchun ham foydalanishlari mumkin. U yetkazadigan zarar jiddiy boʻlishi ehtimoli bor. 

Misol:

AQSH prezidentlik saylovlaridan soʻng darhol PepsiCo bosh direktori Tramp tarafdorlariga: “Pepsi doesnʻt want your business” degan soʻzlar bilan murojaat qilgan. Aslida Indra Nuyi bu kabi gaplarni aytmagan va hatto Donaldni gʻalabasi bilan tabriklagan. Biroq, ushbu feyk keltirib chiqargan kompaniyaning boykoti isteʼmolchilar ishonchi va fond birjasidagi aksiyalar qiymatining pasayishiga olib keldi.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/39806372-1365-4fb4-8ed1-581e5f8c0196.png

FAKE NEWS BILAN KURASHUVCHI LOYIHALAR:

FactCheck – Pensilvaniya universiteti loyihasi. U AQSHning yirik siyosiy arboblari debat, chiqishlar, intervyu va press-relizlarda nimalar gapirishini kuzatib boradi.

PolitiFact – FactCheck kabi Amerika siyosatida soʻzga chiqayotganlarning vajlari aniqligini baholaydi.

The Fact Checker – Washington Post gazetasidagi boʻlim. Maqsad: siyosiy arboblarning soʻzlarini tahlil qilish, haqiqatni ochish uchun qoʻllaniladigan murakkab muammo va “kodli soʻzlarni” izohlash.

Storyful – yangiliklarni yoritadigan tashkilotlarga tekshirilgan va haqqoniy yangiliklarni taqdim qiladigan kompaniya.

Ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni tekshirayotib, Storyful material joylashtirilgan sana, joy va shaxsini aniqlaydi. Kompaniya xodimlari barcha tafsilotlarni chuqur tahlil qilishadi: ob-havo, joy obyektlari va hatto videoning fonida eshitiladigan radioeshittirishlarni. Bularning barchasi autentifikasiya qilish uchun muhimdir.

Snopes – shahar afsonalari, mish-mishlar, shubhali hikoyalar va boshqa baxsli axborotni tanqidiy oʻrganishga ixtisoslashgan.

Storyzy – ishonchli va shubhali manbalar roʻyxatini shakllantirish bilan shugʻullanadigan xizmat (faktchek-servis). Asosiy yoʻnalishi: yangilik iqtiboslarini tekshirish.

Wikitribune – “Vikipediya” yaratuvchisining feyk xabarlarga qarshi ishlangan pilot loyihasi. Wikipedia.org saytidan farqli ravishda yangi maydoncha gibrid model boʻyicha ishlaydi: kontentni ham koʻngillilar, ham professionallar yaratadi.

rossiyalik resurslar Noodleremover.news, Telegram-kanal @checkroom.

Qozogʻistondagi factcheck.kz portali MediaNet Xalqaro jurnalistika markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

Factcheck.kg maʼlumotlarni tekshirish resursi 2018 yil iyul oyida yaratilgan. Factcheck.kg Jurnalistning kasb etikasi meʼyorlari va Qirgʻiziston qonunchiligiga tayanadi.

@antifake_uz telegram-kanali (Oʻzbekiston) – Oʻzbekistonda feyklarni va yolgʻon axborotni tekshiradigan rasmiy resurs.

QLEVER platformasi – yoshlarning mediasavodxonlik sohasidagi bilimlarini oshirish va feyklarning oldini olishga moʻljallangan. http://qlever.asia saytida onlayn oʻynasa yoki Android uchun ilovani yuklab olsa boʻladi.

Yaqinda fake news bilan kurashishni Google va Facebook ham boshlashdi: ular shubhali va haqqoniy yangiliklarni oʻzgacha belgilab boradi.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/b8a57e4d-3400-4115-9399-69093310d247.png https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/3698cbc3-72b8-4148-ac1d-d9751230e4fb.png

Aniqlanishicha, yoshlar manba ishonchliligini obunachilar soni, tasvirlar dizayni va oʻlchamiga qarab baholarkan.

Obunachilar soni va dizaynga qarab ishonchlilikni aniqlab boʻlmaydi.

Faktchekerning asosiy quroli – ikkilanish. Shaklga ishonib, qoliplar izidan ketish notoʻgʻri, tanqidiy tafakkurni rivojlantirish muhim. Bu bilan faktcheking ilmiy faoliyatni, masalan, tarixchining mehnatini eslatadi.

FAKTCHEKING TAMOYILLARI

Tezkor yangilikni chop etishdan oldin bir nechta muhim bosqichlardan oʻting:

Birlamchi manbani / bir nechta mustaqil manbalardan tasdiqni toping.

“Inson” manbai ishonchliligini tekshirish boʻyicha chek qogʻoz:

Unda maʼlumot olishga chindan ham imkon bormi?

Axborotni tasdiqlash uchun undagi maʼlumotlar yetarlimi?

Bungacha u tasdiqlangan axborotni berganmi?

Unga nima motivatsiya beradi?

U oʻzini manba sifatida koʻrsatib oʻtishga rozimi?

Balki kimdir voqea haqida undan koʻra koʻproq maʼlumotga egadir?

Jurnalist barcha voqea, kompaniya va insonlarga teng ishonchsizlik bilan qarashi kerak.

Qarshi tomonning fikrini soʻrash

Agar barcha manbalar masala boʻyicha bir xil pozitsiyaga ega boʻlsalar, material noxolis boʻladi. Hech boʻlmaganda barcha jalb etilganlar va bunga aloqador shaxslarning fikrini soʻrashga harakat qilib koʻrish kerak. Boshqa tomonning respondentlari dastlabki maʼlumotni tasdiqlashlari yoki rad etishlari, muhim tafsilotlarni aniqlashtirib berishlari mumkin.

Har qanday voqea yoki ziddiyatning barcha manfaatdor tomonlariga gapirish imkoniyatini berganingizga ishonch hosil qiling.

Imkon qadar koʻproq qoʻshimcha maʼlumotlarni topish va ularni qayta tekshirib chiqish

Barcha manbalar soʻrov qilingan boʻlsa, biron-bir qoʻshimcha maʼlumot olishga urinib koʻrish lozim: rasmiy hujjatlar, hisobotlar, foto va videotasmalar. Shundan soʻng, qoralama tayyor boʻlgach, barcha maʼlumotlar qayta tekshiriladi.

Agar shaxsning F.I.O., lavozimi yoki kompaniya nomi bilan bogʻliq gumon tugʻilsa, unga albatta murojaat qilish va aniqlik kiritib olish zarur. Shu bilan bir qatorda, omma eʼtiboriga havola etilgan maʼlumotdan ham tekshirsa boʻladi.

NYUANS: muallif/jurnalistning oʻzi ham aniq faktlarni tekshirishga toʻsqinlik qilishi mumkin. Oʻzingizga berishingiz kerak boʻlgan savollar:

Bundan shaxsiy manfaat koʻzlayapsizmi?

Isbotlashni istayotgan natijani miyamda saqlayapmanmi?

Miyamda oʻtirib qolgan gʻoyani isbotlash uchun faktlarni ataylab moslashtirib olmayapmanmi?

Agar shu savollarning hech boʻlmasa biriga ijobiy javob bersangiz, unda noxolis axborot taqdim etish xavfi bor.

Jurnalist ishining xolisona kechishiga taʼsir qilishi yoki shunday taassurot uygʻotishi mumkin boʻlgan barcha insonlar, moddiy va nomoddiy ragʻbatlardan uzoq boʻlishga majbur.

IJTIMOIY TARMOQLAR BILAN QANDAY ISHLASH LOZIM?

Bir tomondan ijtimoiy tarmoqlar jurnalist, muallif va muharrirlarning ishini osonlashtirsa, boshqa

tomondan, hammasini murakkablashtiradi. Facebook maʼlumotlariga koʻra, ijtimoiy tarmoqlardagi 2–3 % akkauntlar – feyk, bu esa 60 millionga yaqin degani. Har doim hushyor turish lozim. Faktlar boʻyicha ijtimoiy tarmoqlardan olingan qancha koʻp isbot topilsa, shuncha yaxshidir.

Ijtimoiy tarmoqda manbani tekshirish boʻyicha chek-qogʻoz:

Akkaunt qachon yaratilgan?

Tasmada faqat repostlarmi yoki mualliflik kontent ham bormi?

Joylashtirilayotgan yangiliklar, profil va manba obuna boʻlgan sahifalar oʻrtasida bogʻliqlik bormi?

Foydalanuvchi tomonidan avvalroq yuklangan foto va videolar qanday?

Inson boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham bormi? U yerda u faolmi?

Foydalanuvchi kimlar bilan doʻst? “Doʻstlar”da shubhali akkauntlar bormi?

Foydalanuvchining suratlari ravshanmi?

Unga yuborilgan EXIF-maʼlumotli tasvirlar tahlili nimadan darak beradi?

Eng toʻgʻri variant: uzoq oʻylamasdan telefon raqamini topish va u bilan bogʻlanish.

Voqea haqida faqat bir inson bilishi ham ajablanarlidir. Koʻproq inson xabar berishi bu haqiqatdan ham sodir boʻlganligi ehtimolini oshiradi.

FAKTCHEKING VOSITALARI

Tanqidiy aqldan tashqari faktcheker maxsus vositalarni ham bilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda oxirgi yangiliklarni qidirayotgan boʻlsangiz, Storyful Multisearch xizmatidan foydalanib koʻring. Chrome uchun bu quyidagicha ishlaydi: kalit soʻzni kiritasiz – Twitter, YouTube, Vimeo va boshqa ijtimoiy tarmoqlar boʻyicha qidiruv natijalari ochiladi.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda manba profilini topmoqchi va aloqa qilish uchun maʼlumotlarni olmoqchi boʻlsangiz, WebMii, “Yandeks.Lyudi” yoki Pipl sizga ayni muddao.

Bu maqsadlarda NTechLab taqdim qilgan FindFace xizmatidan ham foydalansa boʻladi: servis odamlarni “Vkontakte” orqali suratidan qidiradi. Ilgari uning foydalanuvchilari qidiruvda boʻlgan jinoyatchilarni bir necha bor aniqlashgan. 2017-yilda NtechLab tomonidan ishlab chiqilgan yuzni aniqlash algoritmlari poytaxtning videokuzatuv tizimiga kiritildi.

FindFace bepul akkaunti 30 tagacha soʻrov oʻtkazishga imkon beradi.

Suratning aslligini tekshirish uchun TinEye va qidiruv tizimlari xizmatlaridan foydalansa boʻladi: “Kartinki Google” va “Yandeks.Kartinki”. Tasvirdan metamaʼlumotlarni olish va Photoshop taʼsirini aniqlash uchun sizga FotoForensics yordam beradi.

Agar domen va sayt haqida maʼlumot olish kerak boʻlsa, WHOIS, SimularWeb, PR-CY, 2ip yoki RDSBar plaginidan foydalaning (Chrome, Firefox va Opera uchun).

Matnning aslligi text.ru, Advego yoki ETXT orqali tekshiriladi. Afsuski, hozir oʻzbek tilida buni amalga oshirishning imkoni yoʻq. Variant sifatida qidiruv tizimlaridan foydalansa boʻladi. 

Jurnalistning kasb etikasi

Oʻzbekistonda jurnalistikaning oʻz-oʻzini boshqarish institutlari hali yetarli darajada rivojlanmaganligicha qolmoqda. Yetakchi xorijiy mamlakatlarda axloq qoidalari oʻzini oʻzi boshqarish vositalari sifatida uzoq yillardan beri va samarali qoʻllanilgan, kasbiy va axloqiy meʼyorlarga rioya qilish ustidan ichki tahririyat nazorati mexanizmi yaratilgan.

 

Nashrning obroʻsiga putur yetkazmaslik

Gʻarb mamlakatlarining tajribali nashrlari veb-saytlarida, qoida tariqasida, nashrning axloqiy siyosatiga bagʻishlangan maxsus boʻlim mavjud boʻlib, unda axloq kodeksidan erkin foydalansa boʻladi. Bu amaliyotni “Financial Times” gazetasi (Buyuk Britaniya), “Business Week” jurnali (BW), “New York Times” va “Washington Post” nufuzli ijtimoiy-siyosiy gazetalarida qoʻllashadi.

Ayrim mamlakatlarda iqtisodiy masalalar bilan shugʻullanuvchi jurnalistlar uchun «tarmoq» kodekslar ishlab chiqilgan, masalan, Ispaniyadagi Iqtisodiy sharhlovchilar assotsiatsiyasi xulq-atvori kodeksi.

Keltirib oʻtilgan nashrlarning tahririyat kodekslarining kirish qismida axloqiy va kasbiy jurnalistikaning eng yuqori standartlariga rioya qilish asosiy prinsip sifatida tan olingan. Kodekslarga rioya qilish uchun javobgarlik birinchi navbatda muharrirlar va noshirlarga tegishli, ammo axloqiy meʼyorlarga bosma nashrni chop etish, shuningdek uning onlayn versiyasini tayyorlashda ishtirok etgan barcha shtatga kirgan va kirmagan xodimlar (FT, BW, NYT kodekslari) rioya qilishlari kerak. Bundan tashqari, baʼzi kodekslarda (BW va NYT) nashrning obroʻsiga putur yetkazmaslik uchun xodimlarning ish vaqtidagi xatti-harakatlari ham benuqson boʻlishi kerakligi taʼkidlangan. 139 ta band batafsil yoritilgan NYT kodeksida tegishli “On Our Own Time” boʻlimi bor.

FT ishbop nashri Matbuotga tushgan shikoyatlar komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Kasbiy faoliyatning tahririyat kodeksiga tayanadi (Editorsʻ Code of Practice). Bu komissiyaning Buyuk Britaniyada nufuzi baland.

Ushbu Kodeksda 16 ta boʻlim mavjud: «Aniqlik», «Javob berish huquqi», «Shaxsiy hayot (privacy)», «Haqorat, tahqir (harassment)»,

«Birovning qaygʻusiga aralashish», «Bolalar», «Jinsiy jinoyatlar qurboni yoki guvohiga aylangan bolalar», «Kasalxonalar»,

«Jinoyatchilikning yoritilishi», «Yashirin qurilmalar va moslamalar», «Jinsiy zoʻravonlik qurbonlari», «Kamsitish», «Moliyaviy jurnalistika», «Maxfiy axborot manbalari», «Jinoiy jarayonlarda guvohlarning koʻrsatmalari», «Jinoyatlar uchun jazo».

«Jamoat manfaati» tamoyili

Muayyan maʼlumotni nashr etishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishda muharrirlar «jamoat manfaati» tamoyilidan (public interest) kelib chiqishi kerak. Bu tamoyil jinoyatlar yoki jiddiy qoidabuzarliklarni aniqlash va oshkor qilish; aholi salomatligi va xavfsizligini himoya qilish; jamoatchilikni shaxs yoki tashkilot harakati yoki bayonoti bilan adashtirishlardan himoya qilishni oʻz ichiga oladi.

Sifatli jurnalistikada maʼlumot bilan ishlashda quyidagi tamoyillarga rioya qilish ayniqsa muhimdir: aniqlik (agar xatoga chindan ham yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, uni, uzr soʻragan holda, iloji boricha tezroq tuzatish kerak), axborot manbalarining maxfiyligini saqlash, sharh, taxmin va haqiqatni aniq ajratish.

Iqtisodiyot, biznes, siyosat bilan bir qatorda nashrlar ijtimoiy va madaniy sohalarga taʼsir qilganligi sababli, shaxsiy hayotga aralashish chegaralari, jinoiy hodisalarni yoritish, bolalar bilan suhbatlashish va boshqalar boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan bandlar ham, shubhasiz, qiziqish uygʻotadi.

BW jurnalining tahririyat kodeksi davriy nashrlar va raqamli ommaviy axborot vositalari uchun koʻrsatmalar ishlab chiqqan Amerika jurnal muharrirlari jamiyati ASME kodekslariga asoslanadi. BW jurnali kodeksida toʻrtta boʻlim mavjud: «Aniqlik», «Haqqoniylik», «Adolat» va «Mualliflik huquqlari». Hujjatda taʼkidlanishicha, BW baholovchi, talqin qiluvchi jurnalistikaga ixtisoslashgan, shuning uchun u mutlaqo obyektiv boʻlishni oʻz zimmasiga olmaydi, shu bilan birga, talqinlar faktlarga asoslangan boʻlishi kerak va maqolalar subyektlari – odamlar va tashkilotlarga jurnal sahifalarida oʻz fikrlarini bildirish imkoniyati berilishi lozim. Agar baʼzi odamlar yoki tashkilotlar izoh berishdan bosh tortsa, bu haqida maqola matnida aniq koʻrsatib oʻtiladi.

BW kodeksida axborot manbalari bilan ishlash qoidalari batafsil bayon qilingan. Axborotning toʻrt turi mavjud:

«Chop etish uchun» (“on the record”) – jurnalistlar intervyuda taqdim etilgan barcha materiallardan manbani koʻrsatgan holda foydalanishlari mumkin (BW aynan shunday maʼlumotni afzal koʻradi).

«Manbani koʻrsatib oʻtmagan holda» (“not for attribution”) – jurnalistlar axborotdan erkin foydalanishadi, ammo manbani oshkor etmaslikka rozi boʻlishadi (axborot olishning bu usuli birinchisiga qaraganda kamroq ishonch uygʻotadi, ammo baribir maqbul hisoblanadi). Shu bilan birga, jurnalistlar bunday maʼlumotlarni qayta tekshirish uchun bir nechta manbalardan foydalanishlari kerak.

«Chop etish uchun emas» («off the record») – jurnalist manbadan olingan maʼlumotni nashr etmaslikka rozi boʻladi (ushbu usuldan imkon qadar foydalanmaslik kerak, bundan faqat oʻziga xos boʻlgan yagona manbadan intervyu olishning yagona usuli boʻlgan holatlar mustasno).

«Standart iqtibos keltirish» (“routine attribution”): «u aytdi» degan jumlaga havola jurnalist manbadan shaxsan oʻzi – press-konferensiya yoki telefon orqali – iqtibos olganligini anglatadi; «u bayonotda» yoki «hisobotda» aytdi degan jumla iqtibos yozma bayonot, pressreliz yoki ekspert hisoboti kabi hujjatlardan olinganligini anglatadi. “U elektron pochta orqali intervyu bergan” deganda ham xuddi shu maʼno tushuniladi. Agar boshqa ommaviy axborot vositalari materiallaridan iqtibos ishlatilsa, uni koʻrsatib oʻtish maqsadga muvofiq, masalan: “Prezident Smit Assoshieyted Pressga aytib oʻtdi”.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/3d0a2173-4021-4c2a-b35b-5c5b647e09b6.png

Ishonchli manbalardan foydalanish

Umuman olganda, shuni taʼkidlash kerakki, sifatli matbuot ishonchli, tekshirilgan maʼlumot manbalaridan va uni olishning halol usullaridan foydalanishga intiladi. Shunday qilib, ishbilarmonlik matbuotida jurnalistik tekshiruvlarni oʻtkazish juda qiyin, chunki nomaʼlum maʼlumot manbalaridan, pullik maʼlumot beruvchilardan, “niqob” usulidan foydalanish, tinglash moslamalari va maʼlumotlarni tuzatish uchun yashirin qurilmalarni qoʻllash taqiqlangan yoki maksimal darajada cheklangan (NYT, WP kodekslari).

Masalan, WP gazetasi axborotdan manbaning maxfiyligini saqlagan holda foydalanishga imkon beradi, ammo bunga koʻproq istisno tariqasida qaraladi:

“Jurnalist axborot manbasini koʻrsatmaslik uchun asosli sabab topishi va ushbu sababni maqolada koʻrsatishi kerak. Biroq, deyarli har doim hech boʻlmasa taxminan maʼlumot manbasini – muassasa, lavozimni koʻrsatish va uni materialga kiritish mumkin”.

Jurnalist boshqa shaxslarni, ayniqsa, boshqa kasb vakillarini – politsiya xodimlarini, shifokorlarni, advokatlarni va boshqalarni taqlid qilmasligi kerak. Shu bilan birga, jurnalist, odatda, jamoatchilik uchun mavjud boʻlgan maʼlumotlarni qidirib, oʻzining kasbini ochiq bildirishga majbur emas. Masalan, teatr yoki restoran tanqidchilari hamda tovarlar va xizmatlar haqida yozadigan boshqa jurnalistlar oʻrganish obyektlarini oddiy tashrif buyuruvchilar, foydalanuvchilar nuqtayi nazaridan, ularning kasbiy mansubligi toʻgʻrisida maʼlumot bermasdan baholashlari mumkin (NYT, WP kodekslari).

Axloqiy hujjatlar koʻchirmachilikka (plagiatga) toqatsiz munosabatda yondashuv bir xildir: boshqa ommaviy axborot vositalaridan olingan materiallarga havolalar albatta keltirilishi kerak (NYT, WP kodekslari).

Shaxsiy va ishbilarmonlik munosabatlari oʻrtasidagi aniq chegaralar

Shaxsiy va ishbilarmonlik munosabatlari oʻrtasida aniq chegaralarni belgilash kerak. Xodimning qarindoshlari va boshqa oila aʼzolari oʻrtasidagi ishbilarmonlik va kasbiy munosabatlar boʻlim rahbarlariga maʼlum boʻlishi kerak. Agar maʼlumot manbalari jurnalistning doʻstlari va qoʻshnilari boʻlsa, unda ular bilan hamkasblaridan biri ishlagani yaxshiroq (WP, NYT kodekslari).

BW, WP, NYT Amerika nashrlarining tahririyat kodekslarida “manfaatlar toʻqnashuvi” deb atalgan omilga yoʻl qoʻyilmasligi doimiy ravishda taʼkidlanib, ushbu ziddiyatni qanday ifodalash mumkinligi va uni qanday bartaraf etish kerakligi haqida batafsil tushuntirishlar olib boriladi.

 

“Manfaatlar toʻqnashuvi”ning manbalaridan biri bu reklama joylashtirish, reklama beruvchilar va homiylar bilan oʻzaro aloqalar va jurnalistik, reklama va PR faoliyatini birlashtirish masalasidir.

BW kodeksida tahririyat va reklama materiallari aniq ajratilib, bu ikkalasining ham maxsus dizayni orqali amalga oshiriladi. Nashrning onlayn versiyasida reklama beruvchilarning veb-saytlariga olib boradigan giperhavolalar (notijorat maqsadlardan tashqari) mavjud emas.

Reklama va jurnalistika oʻrtasidagi munosabatlarning axloqiy jihatlari, ayniqsa, NYT kodeksida batafsil bayon etilgan. Xususan, reklama materiallari jurnalistikaga moslashib olmasligi, jurnalistlar esa reklama yoki PR faoliyati bilan shugʻullanmasligi kerakligi taʼkidlangan. Reklama boʻlimi yoki reklama beruvchilar bilan reklama vaqti yoki mazmuni, yangiliklar vaqti yoki mazmuni, doimiy yoki mustaqil muxbirlarni tayinlash toʻgʻrisida maʼlumot almashishga (muharrirlarning ruxsatisiz) yoʻl qoʻyilmaydi.

Jurnalistlar

kitoblar, filmlar, televizion dasturlar yoki boshqa dasturlar, mahsulotlar yoki korxonalarga oʻz materiallarida ijobiy tavsiyalar bermaydi;

adabiy va boshqa ijodiy faoliyatni targʻib qilishda qatnashmaydi.

https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/e50a6e71-782d-49cc-b4a6-ea43a2a7b695.png

 

  https://api-sharh.lex.uz/media/uploads/ckeditor/d0107ff4-fbb7-4c18-a844-7a38f75a6f95.png

 

 

 

Jurnalistlar oʻz maqo- lalarida oila aʼzosi yoki yaqin doʻsti tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar va xizmatlar toʻgʻrisida xabar bera olmaydilar. Shunday qilib, kodeks nashr sahifalarida “yashirin reklama” nashr etilishini  istisno qiladi.

 

 

 

 

Siyosiy faollik jurnalistik xolislik va adolatlilik tamoyillarini amalga oshirishga ham toʻsqinlik qilishi mumkin. Shuning uchun yuqori sifatli nashrlar oʻzlarining siyosiy mustaqilligini eʼlon qilishga intilishadi. Masalan, BW kodeksida shunday deyilgan: “Biz siyosiy nomzodlar va siyosiy partiyalarni qoʻllab-quvvatlamaymiz, biz keynsianlar emasmiz, biz monetarizm yoki «takliflar iqtisodiyoti” nazariyasi tarafdorlari boʻlmaymiz. Siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy siyosatning barcha masalalari boʻyicha biz qamrov va sogʻlom tahlilning toʻliqligi asosida oʻz hukmimizni chiqarishga harakat qilmoqdamiz».

WP jurnalistlarga ushbu gazetaning obyektiv va adolatli nashr sifatida obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan siyosiy aksiyalar, ijtimoiy harakatlar, namoyishlar, siyosiy va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etishdan uzoqroq boʻlishni tavsiya qiladi. Xodimlarning qarindoshlaridan ushbu qoidalarga rioya qilishi talab qilinmaydi, ammo ularning rasmiy mavqei va jamoat hayotidagi ishtiroki ham nashrni obroʻsizlantirishi mumkin.

NYT kodeksi siyosat va hukumat toʻgʻrisida beriladigan maʼlumotlarda qatʼiy betaraflikni talab qiladi, shuningdek ish joyida nomzodning surati tushirilgan koʻkrak nishonlarini taqish yoki boshqa qandaydir siyosiy qoʻllab-quvvatlash usullarini namoyish qilishni taqiqlaydi. Shu bilan birga, har qanday fuqaro singari, jurnalist ham ovoz berish va partiya saylovlari oldidan roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega.

Bundan tashqari, jurnalistlar bepul oziq-ovqat va ichimliklar, transport xizmatlari uchun toʻlovlarni va turar joy binolarini ijaraga berish kabi takliflarni qabul qilmasliklari kerak (qabul qiluvchi mamlakatning madaniy anʼanalari yoki boshqa holatlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan baʼzi istisnolardan tashqari, masalan, mansabdor shaxsning yashash joyida jurnalistga taklif qilingan tushlik), shuningdek uchinchi shaxslar foydasiga berilgan maʼlumot sifatida qaralishi mumkin boʻlgan afzalliklardan (sovgʻalar, chiptalar, chegirmalar, kompensatsiya va boshqa imtiyozlar) voz kechishi lozim. Bu kabi qoidalarning mavjudligi jurnalistlar mustaqilligi masalalari qanchalik nozik ekanligidan dalolat beradi.