Elekt energiya ishlab chiqaradigan tadbirkorlarni yagona elektr energiyasi tizimiga ulash bo'yicha usluby qo'llanma
Elektr energiya ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash bo`yicha normativ huquqiy hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 319-sonli qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-iyuldagi “Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 610-sonli qarori
Kirish
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda energetika samaradorligini oshirish, energiya xavfsizligini mustahkamlash hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida resurslarni tejovchi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Ushbu jarayon energiya ishlab chiqarish va iste’molida raqamlashtirish, hisob-kitob intizomini kuchaytirish, ekologik talablarga muvofiqlikni ta’minlash hamda investitsion loyihalarning barqarorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada, ishlab chiqarish xarajatlari qisqarib, energiya ta’minoti barqarorligi va iste’molchilar uchun xizmatlar sifati yaxshilanmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur uslubiy qo‘llanma elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetika tizimiga ulash tartibini aniq va tushunarli tarzda belgilab beradi. Qo‘llanma texnik shartlarni olish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, xavfsizlik va ekologiya standartlariga muvofiqlikni tasdiqlash, sinovdan o‘tkazish hamda ekspluatatsiyaga qabul qilish kabi bosqichlarni ketma-ket yoritadi. Shuningdek, u energetika sohasidagi mutaxassislar, tadbirkorlar, investorlar hamda elektr stansiyalarini loyihalash, qurish va tarmoqqa ulash bilan shug‘ullanuvchi barcha ishtirokchilar uchun amaliy yo‘l-yo‘riqlarni taqdim etadi.
Asosiy tushunchalar
Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulashda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
baholash — ishlab chiqaruvchilarning quvvatlarini yagona energetika tizimiga taʼsirini oʻrganish;
ixtisoslashtirilgan tashkilot — tarmoq holatini hamda quvvat oʻtkazuvchanligini laboratoriya yordamida tekshirib, baholovchi tashkilot;
loyiha tashkiloti — ishlab chiqilgan texnik shartlarga asosan qayta tiklanuvchi manba qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiquvchi tashkilot;
tarmoq egasi — kuchlanishidan qatʼi nazar, elektr uzatish tarmogʻiga ega boʻlgan korxona yoki yuridik shaxs;
texnik shartlar — muayyan quvvatlarni elektr tarmogʻining muayyan nuqtasiga ulash uchun zarur texnik talablar sanab oʻtilgan hujjat;
tizim operatori — elektr energiyasiga boʻlgan talab va taklifga taʼsir qiluvchi omillarni hisobga olgan holda, tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari — elektr energiyasini uzatish va yetkazib berish uchun moʻljallangan elektr energiyasini uzatish liniyalari, transformator podstansiyalari, taqsimlash punktlari;
elektr qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, transformatsiya qilish (transformator), uzatish, taqsimlash hamda energiyaning boshqa turiga aylantirish uchun moʻljallangan mashinalar, apparatlar, elektr uzatish liniyalari va yordamchi uskunalar yigʻindisi (ular oʻrnatilgan inshootlar va binolar bilan birga);
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi yoki salohiyatli ishlab chiqaruvchi (keyingi oʻrinlarda — ishlab chiqaruvchi) — oʻz ehtiyoji va (yoki) boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga sotish uchun elektr energiyasi (quvvatlar), shu jumladan, tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasi (quvvatlar) ishlab chiqaradigan yoki ishlab chiqarishni tashkil etish niyatidagi tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar, yuridik yoki jismoniy shaxs;
yagona elektr energetikasi tizimiga ulashning maqbul nuqtasi — ishlab chiqaruvchining mavjud quvvatini uzatish uchun elektr tarmogʻi xoʻjaligining kuchlanish darajasi va oʻtkazish qobiliyati boʻyicha mos boʻlgan ishlab chiqaruvchi joylashgan joyga yaqin joylashgan obyekti.
Ushbu qo‘llanma elektr energiyasi ishlab chiqaruvchining yangidan ishga tushiriladigan quvvatlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulashda, ishlab chiqaruvchining oldin ulangan elektr qurilmalari quvvatlari koʻpayishda, ishlab chiqaruvchining oldin ulangan elektr qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi nuqtalari oʻzgargan hollarda qo‘llaniladi.
O‘zining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash uchun ishlab chiqaruvchi elektr tarmoqlariga ulanish moʻljallanayotgan tashkilotdan yangi yoki qoʻshimcha energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarni ulashga texnik shartlarni olishi shart.
Oldin ulangan elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash nuqtasini oʻzgartirish zarur boʻlganda ham ishlab chiqaruvchi texnik shartlarni olishga majburdir.
Texnik shartlar ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi boʻyicha:
magistral elektr tarmoqlariga ulashda — “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ yoki uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ularda tegishli vakolatlar mavjud boʻlganda;
hududiy elektr tarmoqlariga ulanishda — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tegishli hududiy korxonasi tomonidan;
elektr energiyasi ishlab chiqaradigan korxonalarning elektr tarmoqlariga ulanishda — elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha tegishli korxona, shu jumladan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan;
isteʼmolchilarning elektr tarmoqlariga ulanishda — “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning (ulardan magistral elektr tarmoqlari sifatida foydalanilganda) va/yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan beriladi.
Yagona elektr energetikasi tizimining qabul qiluvchi elektr tarmogʻining kuchlanish sinfi va elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga ulashning maqbul nuqtasi ishlab chiqaruvchining beradigan mavjud quvvati quyidagicha bo‘lganida qabul qilinadi:
10 kVt gacha —
0,23 kV
3 kVt dan 100 kVt gacha —
0,4 kV
20 kVt dan 2 000 kVt gacha —
6 — 10 kV
1 000 kVt dan 20 000 kVt gacha —
35 kV
10 000 kVt dan 40 000 kVt gacha —
110 kV
20 000 kVt va undan yuqori —
220 kV
Ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulashga texnik shartlarni berish tartibi
Elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash, oldin ulangan elektr qurilmalari quvvatlarini koʻpaytirish yoki ulanish nuqtasini oʻzgartirish uchun ishlab chiqaruvchi elektr tarmogʻi egasiga buyurtmanoma beradi, ushbu buyurtmanoma uning veb saytida yoki interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida boʻlishi kerak.
20 kVt gacha quvvatli barcha ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ulash moʻljallanayotgan elektr tarmoqlari egasi buyurtmanomasi tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida uni oʻrganadi va ishlab chiqaruvchiga elektr tarmogʻiga ulanish uchun texnik shartlarni beradi.
20 kVt va undan yuqori quvvatni berish imkoni boʻlgan barcha ishlab chiqaruvchilar uchun tarmoqqa ulanishning imkoniyati boʻlishi mumkin boʻlgan variantlari, shuningdek, koʻrib chiqiladigan har bir variant uchun texnik shartlar tarmoqqa ulanishni oʻrganish yoki baholash asosida ishlab chiqiladi.
Texnik shartlarda ulanishning maqbul nuqtasi tarmoqqa ulanish uchun bajarilishi zarur boʻlgan ishlar hisobga olingan holda, baholash yakunlari boʻyicha berilgan xulosadagi taklif qilingan variantlardan elektr tarmoqlari egasi ishlab chiqaruvchi bilan birgalikda tanlanadi.
Texnik shartda
yangidan ulanadigan yoki qoʻshimcha quvvatni berishga ruxsatnoma
ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari tarmoqqa ulanish nuqtasi
ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalari tarmoqqa ulanishi uchun quriladigan elektr uzatish havo yoki kabel tarmoqlarining kuchlanish sinfi
ayrim hollarda — tashqi elektr taʼminoti sxemasining variantlarini ishlab chiqish zarurligi
yagona elektr energetikasi tizimining barqarorlik shartlariga sutkalik yuklamalarni qoplash jadvalini tartibga solishda ishtirok etish boʻyicha asoslangan talablar
qisqa tutashuv toklarining hisoblab chiqilgan miqdori, releli himoyaga, avtomatikaga, aloqaga, ortiqcha kuchlanishdan izolyatsiya qilish va himoya qilishga qoʻyiladigan talablar
ulanish nuqtasida kuchlanishning normal darajasini saqlash uchun reaktiv quvvatni kompensatsiya qilish boʻyicha talablar
ishlab chiqaruvchining elektr energiyasini hisobga olish asboblarini yagona elektr energetikasi tizimining elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan integratsiyalash zarurligi bilan birgalikda elektr energiyasini hisobga olishga qoʻyiladigan talablar
yetkazib beriladigan elektr energiyasi sifatiga qoʻyiladigan talablar
davlat standartlariga muvofiq barqarorlashtiruvchi qurilmalarni va elektr energiyasi sifati nazorati asboblarini oʻrnatishga qoʻyiladigan maxsus talablar
himoya avtomatikasi vositalariga yoki avariya vaziyatlarida ishlab chiqaruvchining energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalarini uzish qurilmalariga qoʻyiladigan oʻziga xos talablar
ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ishlatishni tashkil etish boʻyicha talablar
loyihalashtirish va ishlarni bajarishning amaldagi normalari hisobga olingan holda texnik shartlarga amal qilish muddati koʻrsatiladi
Ayrim hollarda texnik shartlarga ushbu ulanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa texnik talablar ham kiritilishi mumkin
Agar texnik shartlarning amal qilish muddati tamom boʻlgandan keyin tarmoqqa ulanish uchun zarur boʻlgan elektr tarmoq xoʻjaligi obyektlarini qurish boʻyicha ishlar bajarilmagan boʻlsa, texnik shartlar oʻz kuchini yoʻqotadi.
Agar texnik shartlar berilgan sanadan boshlab uch yil oʻtgandan keyin yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish uchun infratuzilmani qurish boshlanmasa, texnik shartlar oʻzining huquqiy maqomini yoʻqotadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari boʻyicha qurilayotgan elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha obyektlarga nisbatan ushbu talab tatbiq etilmaydi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish bo`yicha elektr energiyasi obyektlari qurish uchun tanlov e’lon qilinganda tanlov hujjatlariga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha korxonaning joylashgan joyi, turi va quvvati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, uning boshqa asosiy parametrlari
yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishning maqbul nuqtalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va elektr qurilmalariga ulanish boʻyicha boshqa zarur maʼlumotlar
qurilmalariga ulanishga texnik shartlar
Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash loyihalarini ishlab chiqish, ko‘rib chiqish va kelishish tartibi
Texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqaruvchining buyurtmasi boʻyicha ixtisoslashtirilgan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyiha tashkiloti ulash loyihasini quyidagilar bilan kelishadi:
texnik shartlarni bergan tashkilot bilan;
35 kV va undan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joylashgan ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalariga ulashda — “Oʻzenergoinspeksiya” bilan;
0,4 — 6 — 10 kV kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulashda — “Oʻzenergoinspeksiya”ning tegishli hududiy boʻlinmalari bilan kelishadi.
Yakka tartibdagi uyda yashaydigan jismoniy shaxs hisoblangan ishlab chiqaruvchining 0,23 — 0,4 kV kuchlanishli elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda ulash loyihasini “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boʻlinmalari bilan kelishishtalab qilinmaydi.
Texnik shartlarni bergan tashkilotlar va “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boʻlimi u kelishish uchun taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ulash loyihasini kelishadilar yoki uni kelishishni rad etadilar.
Ulash loyihasining texnik shartlar hamda elektr uskunalarini tuzilish qoidalari talablaridan chetga chiqishi ushbu loyihani kelishishni rad etishga asos boʻladi.
Ulash loyihasini kelishishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar loyiha tashkiloti tomonidan bartaraf etilgandan keyin takroran koʻrib chiqish va kelishish ulash loyihasi kelishish uchun takroran taqdim etilgan kundan boshlab uch ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Ishlab chiqaruvchilarning elektr qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash tartibi
Qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari nihoyasiga yetgach, ishlab chiqaruvchi ulanadigan elektr qurilmalarining tayyorligini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tarmoqlariga ulanadigan tashkilotga murojaat qiladi.
Texnik koʻrikdan oʻtkazish kunida “Oʻzenergoinspeksiya” yoki uning hududiy boshqarmasining vakolatli vakili, shuningdek, tarmoqlariga ulanadigan tashkilotning vakili joyning oʻziga chiqib, ishlab chiqaruvchi bilan birgalikda ishlab chiqaruvchining yangi ishga tushiriladigan elektr qurilmalarini montaj qilish va sozlashda texnik shartlar talablari bajarilishini, belgilangan normalar va qoidalarga rioya qilinishini, tayyorlangan ekspluatatsiya xodimlari va tegishli hujjatlar mavjudligi boʻyicha texnik koʻrikdan oʻtkazadi.
Texnik koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha bir kun muddatda dalolatnoma rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi ishlab chiqaruvchiga topshiriladi.
Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga tayyor emasligi to‘g‘risida dalolatnoma berilishiga quyidagilar asos bo‘ladi:
texnik shartlar talablari bajarilmaslik;
elektr qurilmalarini montaj qilish va sozlashda amaldagi normalar va qoidalardan chetga chiqilganlik;
tayyorlangan ekspluatatsiya xodimlari va zarur hujjatlar mavjud emasligi.
Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini plombalash, elektr energiyasini yetkazib berish shartnomasini tuzish va yagona elektr energetikasi tizimiga ulash
Ulash sxemasini tekshirish va plombalash yangi ishga tushiriladigan energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalari ishga tushirilishiga dalolatnoma olingandan keyin ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari, tarmoqlariga ulanadigan tashkilot tomonidan ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida bajariladi.
Yagona elektr energetikasi tizimiga elektr energiyasini yetkazib berishga shartnoma ishlab chiqaruvchi bilan tarmoqlarning egasi oʻrtasida tuziladi.
Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini isteʼmolchining elektr tarmoqlariga ulashda elektr energiyasi yetkazib berishda shartnoma tuzish tartibi ulash sxemasidan kelib chiqib, bevosita texnik shartlarda belgilanadi.
Jismoniy shaxsning yakka tartibdagi turar joyini 0,23 — 0,4 kV kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulashda elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish va plombalash tarmoqlar egasi tomonidan amalga oshiriladi.
Elektr energiyasini yetkazib berish uchun shartnoma tuzish, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish va plombalash, tarmoqlarning egasi tomonidan taʼminlanadi.
Yakunlovchi qoidalar
Texnik shartlarni, shu jumladan, qoʻshimcha texnik shartlarni ishlab chiqish va berish, loyihani yagona elektr energetikasi tizimiga ulashni kelishish, energiya ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga dalolatnoma berish, shuningdek, ishlab chiqaruvchining elektr energiyasini hisobga olish asboblarini tekshirish va plombalash toʻlov undirilmasdan amalga oshiriladi.
Ishlab chiqaruvchilarning energiya ishlab chiqaruvchi elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Harakatlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ishlab chiqaruvchi
Texnik shartlarni berish uchun tarmoqlar egasiga buyurtmanoma berish.
Zaruratga koʻra
2-bosqich
“HET” AJ
(20 kVt gacha)
Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini oʻrganish va ishlab chiqaruvchiga elektr tarmogʻiga ulanish uchun texnik shartlarni berish.
Besh ish kuni mobaynida
“HET” AJ
(20 kVt dan 500 kVt ni ham oʻz ichiga olgan quvvatga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchini ulashda)
Ulanishga buyurtmanoma nusxasini xabardor qilish uchun tizim operatoriga yuborish. Tarmoqqa ulashni baholash uchun sertifikatlashtirilgan tashkilotni belgilash.
Bir ish kun mobaynida
Tarmoqlar egasi (500 kVt dan ortiq quvvatga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchini ulashda)
Ulanishga buyurtmanoma nusxasini kelishish uchun tizim operatoriga yuborish. Tarmoqqa ulanishni baholash uchun sertifikatlashtirilgan tashkilotni belgilash.
Ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasini koʻrib chiqish, kelishish yoki asoslangan rad javobini tarmoqlar egasiga taqdim etish.
Besh ish kun mobaynida
4-bosqich
Ixtisoslashtirilgan tashkilot
Tarmoqqa ulanishni baholash va xulosani tarmoqlar egasiga taqdim etish.
Yigirma ish kuni mobaynida
5-bosqich
Tarmoqlar egasi
Baholash yakunlari boʻyicha berilgan xulosadagi takliflardan ulash variantini ishlab chiqaruvchi bilan kelishish.
Ishlab chiqaruvchining elektr qurilmalarini ulash uchun texnik shartlarni berish.
Xulosa olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida
6-bosqich
Maxsus loyiha tashkiloti
Ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash loyihasini ishlab chiqish.
Ulash loyihasini texnik shartlarni bergan tashkilotga va “Oʻzenergoinspeksiya”ga kelishish uchun yuborish.
Shartnomada belgilangan muddatlarda
7-bosqich
Texnik shartlarni bergan tashkilot,
“Oʻzenergoinspeksiya”
Ulash loyihasini kelishish.
Besh ish kun mobaynida
8-bosqich
Ishlab chiqaruvchi yoki ishlab chiqaruvchining ulanadigan elektr qurilmalarini ishlatadigan tashkilot
Ishga tushirish sxemasini tuzish.
Ishga tushirish sxemasini tarmoqlar egasi va tizim operatori bilan kelishish.
Ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish.
Ulanadigan elektr qurilmalarini montaj qilish va sozlashda texnik shartlar talablari bajarilishini va belgilangan normalar va qoidalarga rioya qilinishini tekshirish toʻgʻrisida tarmoqlar egasiga murojaat yuborish.
Ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan muddatlarda
9-bosqich
Tarmoqlar egasi va “Oʻzenergoinspeksiya”
Ishlab chiqaruvchi murojaat qilgan kundan boshlab texnik koʻrikdan oʻtkazish sanasini ishlab chiqaruvchiga maʼlum qilish.
Ikki ish kuni mobaynida
10-bosqich
“Oʻzenergoinspeksiya”, tarmoqlar egasi va ishlab chiqaruvchi
Texnik koʻrikdan oʻtkazish.
Tomonlar kelishgan muddatlarda, lekin murojaat qilingan kundan boshlab oʻn ish kunidan oshmagan muddatda
11-bosqich
“Oʻzenergoinspeksiya”
3-ilovaga muvofiq shakldagi dalolatnoma rasmiylashtirish.
Bir ish kuni mobaynida
12-bosqich
Ishlab chiqaruvchi, tarmoqlar egasi
Ishlab chiqaruvchining buyurtmanomasi boʻyicha ulash sxemasini tekshirish, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini plombalash va elektr energiyasi yetkazib berishga shartnoma tuzish.
Uch ish kun mobaynida
Izoh.
* 20 kVt dan 500 kVt ni ham oʻz ichiga oladigan quvvatga egalik qiluvchi ishlab chiqaruvchini ulashda chiqarib tashlanadi.
Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchini “IES” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarmoqlariga ulashda tizim operatoriga buyurtmanomalar nusxalari yuborilmasdan “HET” AJ bilan kelishish zarur.