Tadbirkorlar uchun maslahatlar uslubiy qo‘llanma

Kirish

Jamiyatning iqtisodiy negizlari mamlakat rivojlanishining kafolati hisoblanadi. Oʻzbekistonning bu boradagi harakatlarining asoslari quyidagilardan iborat:

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

Yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Bozor munosabatlarini mulksiz tasavvur etib boʻlmaydi. Talab va taklif qoidalari toʻliq ishlashi uchun barcha mulk turlari va ularga boʻlgan huquq kafolatlangan boʻlishi kerak.

Umummilliy boyliklarning ahamiyati juda yuqoridir. Umummilliy boylik Oʻzbekistonning rivojlanishi va kelajagi hamdir.

Hozirda butun dunyoda yer osti va yer usti boyliklarining miqdori kamayib bormoqda va bu munosabatlarni yanada yaxshiroq huquqiy jihatdan tartibga solish hamda himoyalash juda muhim sanaladi.

Tadbirkorlik faoliyati tushunchasi va yakka tartibdagi tadbirkorlik toʻgʻrisida maʼlumot

Tadbirkor – tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi shaxs, foydali ishni tashkillashtiruvchi korxona, firma egasi, biznesmen, iqtisodiy va moliyaviy foyda olish harakatini qiluvchi fuqaro hisoblanadi.

Tadbirkorlik faoliyati – tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan, oʻzi tavakkal qilib va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatdir.

Yodda tuting!

Tadbirkorlik faoliyati subyektlari (tadbirkorlik subyektlari) belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik – jismoniy shaxs (yakk tartibdagi tadbirkor) tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirishdir.

Yodda tuting!

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 31-moddasiga asosan yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi, biroq yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan jismoniy shaxslarga soliq solish va ularga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash maqsadida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qaraladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor (keyingi oʻrinlarda YATT deb yuritiladi) tomonidan mustaqil, mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yoʻl qoʻyadigan oʻzga ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi.

YATT Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda xodimlarni yollashga haqli. 

Yodda tuting!

YATTlarda xodimlarni yollash Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan tartibga solinadi.

YATT tomonidan yollangan xodimlar elektron tartibda my.soliq.uz saytining interaktiv xizmatlar qismidagi “Yollangan xodimlarni roʻyxatdan oʻtkazish” boʻlimi orqali hisobga qoʻyiladi.

YATTlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari boʻyicha koʻpi bilan besh nafargacha xodimlarni yollash huquqi berilgan.

YATT tomonidan mehnat daftarchasi yuritilmaydi.

YATT bilan mehnat munosabatlariga kirishgan jismoniy shaxslarga YATT sifatida qaralmaydi va ular YATT nomidan huquqiy hujjatlarni imzolash huquqiga ega emas.

Xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan YATTlar tomonidan faoliyat faqat bitta manzil boʻyicha shoxobchada amalga oshiriladi.

YATTlar tomonidan soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritish soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlagan YATTlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yodda tuting!

YATTlarga xodim uchun Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlash majburiyati yuklanadi.

YATT bilan mehnat shartnomasini tuzmasdan faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar aniqlangan taqdirda, YATT xodimlar sonini yashirganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirayotgan YATTlar tovarlar tayyorlash (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun shogirdlarni ularga tegishlicha haq toʻlagan holda jalb etishga haqlidir.

Yodda tuting!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PF–5242-son Farmoni bilan tasdiqlangan Hunarmandchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ish, xizmat koʻrsatish) turlarining roʻyxati tasdiqlangan.

Oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan doimiy xodimlar yollashga yoʻl qoʻyilmaydi. Istisno hollarda oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirishda vaqtincha bir martalik ishlarni amalga oshirish uchun oila aʼzolari hisoblanmaydigan fuqarolarning jalb etilishiga yoʻl qoʻyiladi. Bu holda ular bilan ishlarni bajarish vaqti uchun fuqarolik-huquqiy shartnoma tuziladi.

Yodda tuting!

Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyuldagi 216-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 81-bandiga asosan oilaviy tadbirkorlik subyekti YATTlar uchun qonunchilikda belgilangan roʻyxat boʻyicha faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.

Dehqon xoʻjaligining faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va dehqon xoʻjaligi aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil etmasdan ham amalga oshirilishi mumkin.

Yodda tuting!

Oʻzbekiston Respublikasi “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi hisobga qoʻyilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi.

Aylanmadan olinadigan soliq Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tijorat faoliyati uchun moʻljallangan tovarlarni olib kelishni (importni) amalga oshiruvchi YATTlarga tatbiq etilmaydi. 

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar deganda mehnat daromadi olishga yoʻnaltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish boʻyicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, YATTlar sifatida roʻyxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxslar tushuniladi.

Yodda tuting!

Oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar shugʻullanadigan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4742-son qarori bilan tasdiq langan.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish 2 xil yoʻl bilan amalga oshiriladi:

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;

Davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda.

Yodda tuting!

Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz vakolatxonasini ochishdan (akkreditatsiya muddatini uzaytirishdan) manfaatdor boʻlgan xorijiy tijorat tashkiloti davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda elektron shaklda ariza beradi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-fevraldagi 76-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi. 

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandiga asosan tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchi oʻzining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega boʻlgandan soʻng:

- “biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” – davlat xizmatini tanlaydi; 

- tadbirkorlik subyektlariga    tegishli  soʻrovnomani shakllantiradi; 

- soʻrovnomani shakllantirish jarayonida ariza beruvchi tijorat tashkilotlari tomonidan firma nomini tanlash va bir xilligining tekshirilishi Tizim tomonidan avtomatik tarzda amalga oshiriladi;

- tadbirkorlik subyekti – yuridik shaxslar soʻrovnomasiga davlat tilidagi taʼsis hujjatlari (ariza beruvchi taʼsis hujjatlarini oʻz ixtiyoriga koʻra qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda namunaviy shakllar asosida yoki boshqa shakllarda rasmiylashtirish huquqiga ega) ilova qilinadi; 

- soʻrovnoma oxiriga yetganidan soʻng davlat boji toʻlovi amalga oshiriladi. 

Yodda tuting!

Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi va uni tugatish yakunlangan paytdan eʼtiboran tugatiladi.

 - Davlat roʻyxatidan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) uchun yuborilgan soʻrovnomalar muassislari tarkibida: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar koʻrsatilgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar; 

- chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar; 

- boshqa tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslarda majburiy tartibda koʻrsatilgan shaxslarning elektron raqamli imzosi bilan imzolanadi.

Yodda tuting!

Soʻrovnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar: elektron hujjat shaklida, qogʻozda rasmiylashtirilgan hujjatlarning “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalari shaklida ilova qilgan holda joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.

Markaz orqali roʻyxatdan oʻtkazish tartibi.

Ariza beruvchilar davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun shaxsan kelgan holda markazga murojaat qilish huquqiga ega.

Markazga oʻzi kelib murojaat qilinganida qogʻoz hujjatlarning asl nusxalari bir nusxada taqdim etiladi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ masʼul xodimiga hujjatlar oʻzi kelib ariza beruvchining vakili tomonidan taqdim etilsa:

- uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, harbiy bilet, haydovchilik guvohnomasi, shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasidagi yashash joyini tasdiqlovchi boshqa hujjat); 

- ariza beruvchi vakilining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma, shartnoma, tadbirkorlik subyekti – yuridik shaxs muassislarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan qarori, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hujjatlar) taqdim etiladi.

Yodda tuting!

Ishonchnoma Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi nomidan berilgan boʻlsa, belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan boʻlishi lozim. Chet el yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan berilgan ishonchnomalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan (legalizatsiya qilingan yoki Gaaga Konvensiyasiga aʼzo davlatlarining biri tomonidan apostil shtampi bosilgan yoxud Minsk Konvensiyasi aʼzo davlatlaridan biri hamda ikki tomonlama xorijiy davlatlar bilan tuzilgan xalqaro shartnomalarga (masalan, Turkiya bilan) koʻra gerbli muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi (tarjimasi notarial tasdiqlanishi) lozim.

Ayrim davlatlar tomonidan Oʻzbekiston tomonidan apostil shtampi qoʻyilgan hujjatlar tan olinmasa (masalan, Avstriya va Germaniya) ushbu davlatlarning apostil qoʻygan hujjatlari ham bizda tan olinmaydi va oʻzaro hujjatlar legalizatsiya qilingan holda tan olinadi.

             

Yodda tuting!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat muassasalariga xoʻjalik jamiyatlarini taʼsis qilish hamda ularning ustav fondida ishtirok etish taʼqiqlangan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi “Davlat muassasalarini isloh qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–123-son qarori).

 

Yodda tuting!

Bank hisobvaragʻini ochish tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida joylashtirilgan bank hisobvaragʻi shartnoma ofertasini akseptlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Roʻyxatdan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat bojlari va boshqa yigʻimlar miqdori toʻgʻrisida maʼlumotlar

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ruyxatidan va qayta ruyxatdan oʻtkazishda Oʻzbekistan Respublikasi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan davlat boji stavkalarining miqdorlari quyidagicha belgilangan:

T/r

Tadbirkorlik subyektlari nomlanishi

Davlat boji miqdori

1.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda

BHMning 1 baravari

2.

Sugʻurtalovchilar va sugʻurta brokerlari, auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari, birjalar, lombardlar, investitsiya fondlarini, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va gʻamlash korxonalari uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalarni, bozorlarni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlari bilan aksiyadorlik  jamiyatlari (shu jumladan xolding) shaklida tashkil etilayotgan xoʻjalik birlashmalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda

BHMning 4 baravari

3.

Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini, yuridik shaxs tashkil etmagan YATTlarni, yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbir korlik subyektlarini hamda yuridik shaxslar birlashmalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazilganda

BHMning 1 baravari

Yodda tuting!

Davlat bojlari, yigʻimlari va boshqa majburiy toʻlovlar faqat milliy valyutada undiriladi, konsullik yigʻimlari bundan mustasno (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5177-son Farmoni)

Dehqon xoʻjaliklarini, davlat korxonalari negizida tuzilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarini, shuningdek xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi. 

Advokatlik byurolarini, advokatlik firmalarini va advokatlar hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun BHMning 1 baravari miqdorida, qayta roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun ularni birinchi marta davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun belgilangan summaning 20 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Yuridik maslahatxonalarni tashkil etganlik uchun BHMning 1 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan maʼlumotlar berilganligi uchun undiriladigan yigʻimlar stavkalari

T/r

Amalga oshiriladigan harakatlar

Yigʻimlar miqdorlari

oʻzi kelib

Internet jahon axborot tarmogʻi orqali

 

I. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida  yangi namunadagi guvohnomani berish*

1.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yangi namunadagi guvohnomani berish

Bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida

Koʻrsatilgan summaning 90 foizi miqdorida

II. Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan  maʼlumotlarni berish, maxfiy axborot bundan mustasno

2.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan tadbirkorlik subyektining oʻzi toʻgʻrisida koʻchirma

Bepul

Bepul

3.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan koʻchirma, maxfiy axborot bundan mustasno

Bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida

Bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida

4.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan tadbirkorlik subyektining  oʻziga nisbatan bitta hujjatni berish

Bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida

Bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 foizi miqdorida

5.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan soʻralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi toʻgʻ- risida maʼlumotnoma berish

Bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida

Bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida

6.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reestridan tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan maʼlumotlar bundan mustasno

Bir qatori – bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 foizi miqdorida, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10,0 baravaridan oshmagan miqdorda

 

* 2017-yil 1-aprelga qadar roʻyxatdan oʻtkazilgan tadbirkorlik subyektlari uchun bir vaqtning oʻzida.

Demak, 2017-yil 1-aprelga qadar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va hozirgi kunga qadar qayta roʻyxatdan oʻtmagan tadbirkorlik subyektlari qayta roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida davlat boji toʻlashi bilan bir qatorda yangi namunadagi guvohnoma olganlik uchun yigʻim toʻlashlari lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 16-bandiga asosan reestrdan hujjatlarni, shu jumladan elektron shaklda taqdim etish toʻlov asosida amalga oshiriladi, ularni davlat organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyekti tomonidan oʻziga nisbatan soʻrovnomalari boʻyicha taqdim etilishi bundan mustasno.

Mazkur Nizomning 5-bandida Reestrdagi quyidagi maʼlumotlar ochiq hisoblanmagan maʼlumotlar qatoriga kiritilgan:

taʼsis hujjatlari; 

topshirish dalolatnomasi; 

taqsimlash balansi;

chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxona ustav fondiga kiritilayotgan intellektual mulkni baholash toʻgʻrisidagi hisobot;

pasport maʼlumotlari (seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilgan);

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud boʻlganda);

yuridik shaxs muassislarining pasport maʼlumotlari va yashash joyi haqidagi axborotlar. 

Tijorat tashkilotlarining firma nomiga oid qonunchilik talablari

Oʻzbekiston Respublikasi “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan firma nomida quyidagi belgilar koʻrsatilmasligi kerak:

1. Davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki toʻliq nomi;

2. Tarixiy yoki Oʻzbekiston Respublikasida mashhur boʻlgan shaxsning toʻliq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;

3. Firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar;

4. Jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid boʻlgan belgilar.

Firma nomida:

- ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, ilgariroq ustuvorlikka ega boʻlgan firma nomlari; 

- ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari); 

- belgilangan tartibda hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari); 

- belgilangan tartibda qonunchilik hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan tovarlar kelib chiqqan joylarning nomlari bilan, shunday nomdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazish hollari bundan mustasno, adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga oʻxshash boʻlgan belgilar ham koʻrsatilmasligi kerak.

Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki tashkilotning ruxsati boʻlsa, firma nomiga kiritilishi mumkin.

“Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan masʼuliyati cheklangan jamiyatning toʻliq firma nomi jamiyatning toʻliq nomini va “masʼuliyati cheklangan jamiyat” soʻzlarini oʻz ichiga olishi kerak. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning qisqartirilgan firma nomi uning toʻliq yoki qisqartirilgan nomini hamda “masʼuliyati cheklangan jamiyat” degan soʻzlarni yoki MChJ abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak.

Chet elliklar ishtirokida tashkil etilayotgan jamiyatning firma nomiga uning muassislari qaysi davlatga mansubligini koʻrsatuvchi qayd kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-oktyabrdagi “Yuridik shaxslarning nomlari va ramzlarida davlatning rasmiy nomidan foydalanishni tartibga solish choratadbirlari toʻgʻrisida”gi 286-son qaroriga asosan “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Oʻzbekiston” rasmiy nomlaridan, shuningdek ulardan hosila soʻzlardan quyidagilar oʻz nomlari va ramzlarida foydalanish huquqiga ega:

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan yoki faoliyatini tashkil etish amalga oshiriladigan yuridik shaxslar, agar ularning nomlari tegishli hujjatlarda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarga tutilgan boʻlsa;

ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari; 

yuridik  shaxslar            respublika         ahamiyatiga      ega       boʻlgan birlashmalari;

respublika nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek nomlarida bosh tashkilotning toʻliq nomi koʻrsatiladigan ularning alohida boʻlinmalari; 

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan murojaatlari asosida xorijiy inves titsiyalar ishtirokidagi korxonalar.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasining 2014-yil 9-dekabrdagi 6 va 5-mb-son qarori (2014-yil 10-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazilgan, roʻyxat raqami 2633) bilan tasdiqlangan Yuridik shaxslarning nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek undan hosila soʻzlarni qoʻshish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 2-bandiga koʻra: “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Oʻzbekiston” rasmiy nomlaridan hosila soʻzlar – davlatning rasmiy nomini bildiruvchi “Oʻz” affiksi va “Oʻzbek” soʻzi orqali yasalgan soʻzlar (masalan, “Oʻzeksport”, “Oʻzbek-Turkman Kapital”, “UzRos Import”, “Uzbekwest” va shu kabilar)dir.

Yodda tuting!

Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish yuridik shaxs tugatilgan yoki uning firma nomi oʻzgartirilgan taqdirda, tugatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Davlat statis tika qoʻmitasining 2014-yil 9-dekabrdagi 6 va 5-mb-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik shaxslarning nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek undan hosila soʻzlarni qoʻshish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (roʻyxat raqami: 2633, 10.12.2014-y.) 15-bandiga asosan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻzlarining tashabbusiga asosan yoki ushbu organlar va ularning tizimiga kiruvchi tashkilotlarning muassisligida tashkil etilayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning firma nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek undan hosila soʻzlarni qoʻshish yuzasidan adliya organlariga murojaat etish huquqiga ega.

Tashkil etilayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar firma nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek undan hosila soʻzlarni qoʻshish yuzasidan davlat boshqaruvi organlari sifatida faqat vazirliklar, agentliklar, qoʻmitalar, markazlar, inspeksiyalar, shuningdek ular huzurida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladigan davlat boshqaruvi tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari sifatida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari murojaat qilishlari mumkin.

Sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining firma nomida ilgari tashkil etilgan sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining firma nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining filiallari nomlari mustasno (Oʻzbekiston Respublikasi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Auditorlik tashkilotining firma nomida “auditorlik tashkiloti” degan soʻz birikmasi boʻlishi va bu nom boshqa auditorlik tashkilotlarining firma nomlari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga oʻxshash boʻlgan belgilarni oʻz ichiga olmasligi kerak.

Oʻzi haqidagi maʼlumotlar Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reestriga kiritilgan sanadan eʼtiboran uch oy davomida u toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Auditorlik tashkilotlarining reestriga kiritilmagan tijorat tashkiloti oʻz nomida “auditorlik tashkiloti” degan soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.

Auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reestridan chiqarilgan taqdirda, auditorlik faoliyatini amalga oshirishga va firma nomida “auditorlik tashkiloti” degan soʻz birikmasidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi (Oʻzbekiston Respublikasi “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Birjaning firma nomida “birja” soʻzi boʻlishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga javob bermaydigan yuridik shaxs oʻz firma nomida “birja” soʻzidan, undan hosil boʻlgan soʻzlardan va soʻz birikmalaridan foydalanishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno (Oʻzbekiston Respublikasi “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Investitsiya fondining toʻliq nomi tegishincha “investitsiya fondi” degan soʻz birikmasini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak hamda boshqa investitsiya fondlarining nomiga oʻxshash boʻlishi mumkin emas. Investitsiya fondi boʻlmagan yuridik shaxs lar oʻz nomida “investitsiya fondi” degan soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas (Oʻzbekiston Respublikasi “Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Davlat korxonasining firma nomida “davlat korxonasi” soʻzlari boʻlishi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktyabrdagi 215-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat korxonalari toʻgʻrisidagi nizom).

Oilaviy korxona toʻliq firma nomiga ega boʻlishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqli. Oilaviy korxonaning toʻliq firma nomi uning toʻliq nomini va “oilaviy korxona” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak. Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “oilaviy korxona” degan soʻzlarni yoki “OK” abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Xususiy korxona toʻliq firma nomiga ega boʻlishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqli. Xususiy korxonaning toʻliq firma nomi uning toʻliq nomini va “xususiy korxona” degan soʻzlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Xususiy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “xususiy korxona” degan soʻzlarni yoki “XK” abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi Qonuni). 

Jamiyat davlat tilidagi va bir vaqtda jamiyatning ixtiyoriga binoan boshqa tillardagi toʻliq firma nomiga ega boʻlishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqlidir.

Masʼuliyati cheklangan jamiyatning toʻliq firma nomi jamiyatning toʻliq nomini va “masʼuliyati cheklangan jamiyat” soʻzlarini oʻz ichiga olishi kerak. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning qisqartirilgan firma nomi uning toʻliq yoki qisqartirilgan nomini hamda “masʼuliyati cheklangan jamiyat” degan soʻzlarni yoki “MCHJ” abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak.

Aksiyadorlik jamiyati oʻzining tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan toʻliq firma nomiga ega boʻladi va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Oʻzbekiston Respublikasi “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining:

- 8-moddasiga asosan toʻliq shirkatning firma nomi yo uning barcha ishtirokchilari nomini (nomlanishini), shuningdek “toʻliq shirkat” degan soʻzlarni yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan nomini (nomlanishini), shuningdek “toʻliq shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi;

- 28-moddasiga asosan kommandit shirkatning firma nomi yo barcha toʻliq sheriklarning nomlarini (nomlanishini) va “kommandit shirkat” degan soʻzlarni yoxud kamida bitta toʻliq sherikning “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan holdagi nomini (nomlanishini), shuningdek “kommandit shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 69-moddasiga asosan kooperativning firma nomi kooperativning nomini, shuningdek “ishlab chiqarish kooperativi” degan soʻzlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.

Xususiy bandlik agentligi firma nomiga ega boʻlishi va bu nomda “Xususiy bandlik agentligi” degan soʻzlar boʻlishi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisidagi”gi Qonuni).

Nobank kredit tashkilotining firma nomida uning tashkiliyhuquqiy shakliga koʻrsatma, shuningdek tashkilotning turiga qarab “mikromoliya tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish” yoki “lombard” degan soʻz yoki soʻz birikmasi, mikromoliya tashkilotining qisqartirilgan nomida esa (mavjud boʻlganda) “MMT” degan qisqartma soʻz boʻlishi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni).

Xoldingning nomiga “xolding” soʻzi qoʻshilgan boʻlishi hamda uning turi (“AJ” aksiyadorlik jamiyati) koʻrsatilgan boʻlishi kerak (Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 12-oktyabrdagi 398-son qarori bilan tasdiqlangan “Xoldinglar toʻgʻrisida”gi nizom). 

Tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar faoliyatini ixtiyoriy tugatish tartibi

Tadbirkorlik subyektlari–yuridik shaxslar faoliyatini ixtiyoriy tugatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

Tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qaror uning muassislari (qatnashchilari), vakillari yoki vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:

- tugatilayotgan tadbirkorlik subyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (toʻliq va qisqartirilgan nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, pochta manzili); 

- tugatuvchi haqidagi maʼlumotlar (pasport maʼlumotlari, telefon  raqami va elektron pochta manzili); 

- tugatilayotgan tadbirkorlik subyekti boʻyicha murojaatlarni qabul qilish joyi va muddati; 
- tadbirkorlik subyektini tugatish sababi va moʻljallanayotgan tugatish muddati.

Yodda tuting!

Tugatish toʻgʻrisidagi qaror yagona taʼsischi boʻlsa, aynan taʼsischi tomonidan, bir necha taʼsischilardan iborat boʻlsa, barcha taʼsischilar tomonidan imzolanishi lozim.

Tugatuvchi ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyingi ish kunidan kechikmay roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga – ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qaror nusxasini taqdim etadi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tugatish toʻgʻrisida qaror tushgandan soʻng bir ish kuni ichida quyidagilarni amalga oshiradi:

a) tijorat tashkiloti ixtiyoriy tugatish jarayonida ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat reestriga kiritadi hamda bu toʻgʻrisida Tizim orqali quyidagi organlarni xabardor qiladi: 

roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat soliq xizmati va statistika organlarini;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) boʻlimini; 

koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni;

avtotransport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikasi va roʻyxatdan oʻtkaziladigan boshqa texnika vositalarini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarni;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;

“Hududgaztaʼminot”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Oʻzsuvtaʼminot” AJlarning hududiy tashkilotlari.

b) roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning rasmiy saytiga tijorat tashkiloti tugatilayotganligi toʻgʻrisida barcha uchun erkin foydalanish imkoni boʻlgan eʼlon joylashtiradi, eʼlonda quyidagilar koʻrsatiladi:

tijorat tashkilotining toʻliq va qisqartirilgan nomi (shuningdek, tijorat tashkilotining tugatishdan oldingi yil mobaynida oʻzgartirilgan barcha toʻliq va qisqartirilgan nomlari koʻrsatiladi);

tijorat tashkilotining joylashgan joyi (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami; 

roʻyxatdan oʻtkazilgan sana va roʻyxatdan oʻtkazgan organ toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi va manzili); 

ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (sanasi, raqami); 

kreditorlarning talablari koʻrsatilgan holdagi murojaatlarni qabul qilish muddati, ushbu muddat koʻrsatib oʻtilgan eʼlon chiqqan vaqtdan boshlab ikki oydan kam boʻlmasligi kerak.

Ushbu bandning “a” kichik bandi uchinchi – yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan organlar tegishli xabarnoma tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida oʻzlarining maʼlumotlar bazasida tijorat tashkiloti toʻgʻrisida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni Tizim orqali taqdim etadi.

Yodda tuting!

Tugatuvchi tijorat tashkilotini davlat reestridan chiqarish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga quyidagilarni taqdim etadi:

• vakolatli organ tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (agar mavjud boʻlsa); 

• tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat yoki nodavlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan tijorat tashkilotlari bundan mustasno).

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ:

- ushbu Nizomning 35-bandida koʻrsatilgan barcha hujjatlar olingandan keyin ikki ish kuni mobaynida yuqorida qayd etilgan Nizomning 32 – 34-bandlari ijrosi taʼminlanganligini Tizim orqali tekshiradi hamda davlat reestriga tijorat tashkiloti tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritadi; 

- nizomning 32 – 34-bandlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar Tizimda mavjud boʻlmasa yoki 35-banddagi hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ davlat reestriga yozuvlar kiritishni rad etadi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qarori u qabul qilingan kundan keyin bir ish kuni mobaynida tugatuvchiga beriladi yoki unga pochta orqali joʻnatiladi. 

Yodda tuting!

Davlat reestriga kiritish rad etilgan taqdirda, tugatuvchiga ayni bir vaqtda olingan barcha hujjatlar, muhr va shtamplar (agar mavjud boʻlsa) qaytariladi.

Tijorat tashkiloti tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar kiritilgandan keyin uch ish kuni ichida:

- tijorat tashkiloti tugatilganligi toʻgʻrisida davlat soliq xizmati va statistika organlarini Tizim orqali xabardor qiladi; 

- Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankining tijorat tashkiloti joylashgan joydagi filialini tijorat tashkiloti tugatilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.

Tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak.

Koʻrsatilgan muddat oʻtgunga qadar ushbu Nizomning 35-bandida koʻrsatilgan hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga toʻliq taqdim etilmasa, ixtiyoriy tugatish toʻxtatiladi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bir ish kuni mobaynida davlat soliq xizmati va statistika organlariga ixtiyoriy tugatish toʻxtatilganligi toʻgʻrisida Tizim orqali xabar beradi hamda yopilgan bank hisobvaraqlari qayta tiklanadi.

Tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar

Oʻzbekiston qonunchiligiga asosan tadbirkorlik subyektla- riga turli sohalarda har xil imtiyozlar berilgan. Xususan, bunday imtiyozlarga soliq, bojxona kabi qator sohalardagi imtiyozlar kiradi.

Soliq imtiyozlari bu soliq toʻlovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan, soliqni toʻlamaslik yoki ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyatining berilishidir. Soliq toʻlovchiga soliqlarni toʻlash boʻyicha muddatni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilishi soliq imtiyozlari hisoblanmaydi. Bundan tashqari, soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega boʻlishi mumkin emas.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektiga toʻlovlarni toʻlash boʻyicha bojxona imtiyozlar belgilangan. Bojxona kodeksiga, boshqa qonunlarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga binoan yuridik va jismoniy shaxslarga tarif imtiyozlari, qoʻshilgan qiymat soligʻini, aksiz soligʻini va bojxona yigʻimlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar, tarif preferensiyalari berilishi belgilangan.

Tadbirkorlik subyektlariga soliq va bojxona imtiyozlaridan tashqari boshqa sohalarda ham turli imtiyozlar berilishi mumkin. Bunday imtiyozlar mamlakatimizning rivojlanish tendensiyasi, strategik maqsadlari va shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Tadbirkorlik subyektlariga qanday hujjatlar asosida va qaysi sohalarda soliq imtiyozlari berilganligi haqida batafsil maʼlumotni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz – keyingi oʻrinlarda Portal)dan olish mumkin.

Portal orqali tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar haqida maʼlumot olish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

Birinchi bosqichda, Portaldan roʻyxatdan oʻtish kerak. Roʻyxatdan oʻtishni toʻrt usuldan biri orqali amalga oshirish mumkin (1-rasm).

Bular:

1. Identifikatsiyalashning Yagona Tizimi orqali (www.id.gov.uz);

2. Mobile-ID orqali.

3. Elektron raqamli imzo (ERI) orqali.

4. ID-karta orqali.

Ikkinchi bosqichda, Portalning “Yuridik shaxslar uchun xizmatlar” roʻyxatiga oʻtiladi va u yerdan “soliqlar” boʻlimi tanlanadi. Ushbu boʻlimdan “yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari” tanlanadi (2-rasmlar). 

                                                                                                                   (1-rasm)

                                                                                                                   (2-rasmlar)

Yagona    interaktiv  davlat   xizmatlari   portali orqali yuridik shaxslarga berilgan soliq imtiyozlari haqida maʼlumot olish  mutlaqo bepul hisoblanadi va real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik bilan bogʻliq boʻlgan quyidagi baʼzi bir faoliyatlarga bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari beriladi:

- Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga umumiy summasi ellik million AQSH dollari ekvivalentidan ortiq boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyani amalga oshirgan chet ellik yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga, basharti olib kirilayotgan tovarlar ularning oʻz ishlab chiqarish mahsuloti boʻlsa;

- mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlar olib borish uchun moʻljallangan va loyiha hujjatlariga muvofiq mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan chet ellik investor yoki boshqa shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek investor tomonidan bojxona hududidan olib chiqiladigan, mahsulot taqsimotiga oid bitimga muvofiq investorga tegishli boʻlgan mahsulotga;

- Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, olimpiya hamda paralimpiya sport turlari boʻyicha federatsiyalar (assotsiatsiyalar) takliflari asosida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha davlat hamda nodavlat sport-taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun xorijdan import qilinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport kiyim-boshlari (ekipirovkalari), poyabzal, sport anjomlari, jihozlari va uskunalari uchun belgilangan bojxona boji stavkasining ellik foiziga;

- tovarlarni qayta ishlashda hosil boʻladigan chiqindilarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganda;

- Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalarga

Quyidagi tovarlarga nisbatan bojxona bojlari qoʻllanilmaydi:

- Oʻzbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki Oʻzbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarda ishlab chiqarilgan va ushbu davlatlardan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga;

- Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va uning bojxona hududidan Oʻzbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki Oʻzbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarga olib chiqilgan tovarlarga.

Oʻzbekiston Respublikasi erkin savdo zonasini  tashkil etish toʻgʻrisida xalqaro shartnoma tuzgan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan, agar tovar erkin savdo zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnoma ishtirokchilari boʻlgan davlatlardan birining rezidenti tomonidan eksport qilinayotgan boʻlsa va ushbu shartnoma ishtirokchisi boʻlgan davlatning rezidenti tomonidan shartnoma ishtirokchisi boʻlgan boshqa davlatning bojxona hududidan olib kirilgan boʻlsa, bojxona bojlari qoʻllanilmaydi. Bunda rezident deganda shu davlat hududida tashkil etilgan tashkilot yoxud shu davlat hududida doi- miy yashaydigan jismoniy shaxs tushuniladi. Boshqa hollarda boj tarifiga muvofiq bojxona boji stavkasi qoʻllaniladi. 

Tadbirkorlikni muhofaza qilish

Oʻzbekiston Ruspublikasida tadbirkorlikni himoya qilish maqsadida koʻplab mexanizmlar ishlab chiqilgan. Ularning himoyasi sud, prokuratura, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil deb yuritiladi) va boshqa bir qancha tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Tadbirkorlarning  huquqlarini himoya  qilish  boʻyicha vakil faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi Qonun asosida tartibga solinadi.

Tadbirkorlarning  huquqlarini himoya  qilish  boʻyicha vakil mansabdor shaxs boʻlib, u tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini taʼminlaydi.

Tadbirkorlarning  huquqlarini himoya  qilish  boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun ogohlantirishlar eʼlon qilishi va belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil qaysi davlat organining yoki boshqa tashkilotning, uning mansabdor shaxsining qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan boʻlsa, oʻsha davlat organiga yoki boshqa tashkilotga, uning mansabdor shaxsiga tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan oʻz xulosasini yuboradi.

Tadbirkorlarning  huquqlarini himoya  qilish  boʻyicha vakil davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishining holatiga doir axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli asosda taqdim etadi.

Tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarliklar ham belgilangan.

Tadbirkorlik  subyektlarining  faoliyatini tekshirishning va moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) oʻtkazish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda toʻxtatib turish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining  va  davlat tashkilotining  mansabdor  shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan tadbirkorlik subyektlarini pul mablagʻlari hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ajratish bilan bogʻliq homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllashni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, qoʻllamaslik yoki qoʻllashga toʻsqinlik qilish, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Xoʻjalik  yurituvchi subyektlarga  va  boshqa tashkilotlarga ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan oʻzga toʻlovlarni toʻlash uchun pul mablagʻlari berishni bankning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan asossiz ravishda kechiktirish, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlarida pul mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotni talab qilib olish, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistika maʼlumotlarining yagona roʻyxatiga kiritilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotni, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilmagan oʻzga hujjatlarni, shu jumladan bank hisobvaragʻini ochishda ortiqcha hujjatlarni tadbirkorlik subyektlaridan talab qilib olish, xuddi shuningdek mazkur yagona roʻyxatga kiritilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish.