Yoqilg‘i-energetika iste’molchilari va bino-inshootlar energiya auditiga oid uslubiy qo‘llanma

Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar

1.

“Oʻzbekiston Respublikasining  Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni

2.

O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 2-apreldagi 134-sonli “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi qarori

3.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-oktabrdagi 134-sonli “Yoqilgʻienergetika resurslari isteʼmolchilarini hamda bino va inshootlarni energiya isteʼmolini energiya auditidan oʻtkazish tartiblarini belgilash toʻgʻrisida” gi Qarori

Kirish

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda energetika samaradorligini oshirish, energiya xavfsizligini mustahkamlash hamda shahar va mintaqaviy infratuzilmani yangilash borasida tizimli choratadbirlar koʻlamli tarzda amalga oshirildi. Xususan, binolar va inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, isitish, ventilatsiya va yoritish tizimlarini moderni- zatsiya qilish, shuningdek isteʼmolni raqamlashtirish va energiya hisobini takomillashtirish orqali xarajatlarni kamaytirish va atmosfera ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan loyihalar joriy etilmoqda. Bunday vaziyatda energiya auditi — tashkilotlar va isteʼmolchilar uchun nafaqat iqtisodiy foyda manbai, balki barqaror rivojlanish strategiyasining muhim elementi hisoblanadi.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu uslubiy qo’llanma “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini hamda bino va inshootlarni energiya isteʼmolini energiya auditidan oʻtkazish tartibiga oid” amaliy koʻrsatmalarni jamlagan holda, auditning yagona, tizimli va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi. Qoʻllanmaning maqsadi — energiya isteʼmolining joriy holatini aniqlash, samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini belgilash, hamda iqtisodiy jihatdan asoslangan va amaliyotga oson tatbiq etiluvchi takliflar ishlab chiqish uchun yagona metodologik asos yaratishdir. Hujjat auditi oʻtkazish bosqichlari, maʼlumotlarni yigʻish va tekshirish usullari, hisob-tahlil metodlari, tavsiya etiladigan texnik-iqtisodiy chora-tadbirlar va hisobot shakllarini oʻz ichiga oladi.

Umumiy qoidalar

Mazkur uslubiy qo'llanmada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlar (isteʼmolchi) — yiliga besh yuz hamda undan ortiq tonna shartli yoqilgʻini va (yoki) ikki yuz ellik va undan ortiq tonna motor yoqilgʻisini isteʼmol qiladigan yuridik shaxslar;

yoqilgʻi-energetika resurslari — tabiiy va boshqa manbalardan ishlab chiqariladigan yoqilgʻi va energiyaning barcha turlari yigʻindisi;

tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasi — isteʼmolchilarni energiya auditidan oʻtkazish natijasi boʻyicha energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan texnik-iqtisodiy asoslangan chora-tadbirlar rejasi;

texnik topshiriq — energiya auditini oʻtkazish maqsadi va ish hajmini belgilab beruvchi isteʼmolchi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat;

energiya auditi — foydalanilgan yoqilgʻi-energetika resurslari va energiya samaradorligi koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarni toʻplashga, ularga ishlov berishga hamda ularni tahlil qilishga, shuningdek, xulosa tayyorlashga qaratilgan faoliyat;

energiya auditori — energiya isteʼmolchilarini energiya auditidan (energetika tekshiruvi) oʻtkazadigan, yetarli bilim va tajribaga hamda soha boʻyicha malaka sertifikatlariga ega va belgilangan minimal talablarga javob beruvchi shaxs;

energiya auditidan oʻtkazish dasturi — energiyani tejash va energiya samaradorligi koʻrsatkichlarini, shu jumladan, energiya yoʻqotishlarini kamaytirish, energiya sigʻimini qisqartirish, birlamchi va ikkilamchi energiya resurslari hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻrsatkichlarini qamrab olgan dastur;

energiya auditi natijasi boʻyicha hisobot — energiya auditidan oʻtkazish natijalari boʻyicha takliflar, tashkiliytexnik chora-tadbirlar rejasini oʻz ichiga olgan hisobot;

energetika pasporti — energiya auditidan oʻtkazish natijasida yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish boʻyicha ishlab chiqiladigan hujjat.

Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini majburiy energiya auditidan o‘tkazish tartibi

 

Energiya auditidan o‘tkazishni tashkil etish

 

 

Bilib oling!

Isteʼmolchilarni energiya auditidan oʻtkazish boʻyicha Energetika vazirligi (maxsus vakolatli davlat organi) energiya auditorlarga ularning attestatsiyasini amalga oshirish natijalari boʻyicha belgilangan tartibda malaka sertifikatlarini beradi.

– Energiya auditorlariga malaka sertifikatini berish tartibi Energetika vazirligi tomonidan belgilanadi.
– Isteʼmolchilarni navbatdan tashqari energiya auditidan oʻtkazish maqsadida Oʻzenergoinspeksiya talabiga koʻra isteʼmolchilar tomonidan shartnoma asosida energiya auditori jalb qilinishi mumkin.

Bu muhim!

Energiya auditidan oʻtkazish boʻyicha xarajatlar isteʼmolchi mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Energiya auditi turlari

Energiya auditi majburiy va ixtiyoriy tarzda tashkil etiladigan dastlabki, davriy, navbatdan tashqari, ekspress energiya auditi turlardan iborat.

Bilib oling!

Dastlabki energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilgan yangi subyektlarda energiya resurslaridan foydalanish samaradorligiga baho beriladi.

Shuningdek, isteʼmolchida asbob-uskunalari samaradorligi, foydalaniladigan energiya resurslarini hisobga olishning holati, ulardan foydalanish, hisobot berish, yoqilgʻi sarf-xarajatlari va energiya taʼminoti tahlili oʻtkaziladi.

Davriy energiya auditi davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda avval berilgan takliflarning bajarilishi hamda energiya resurslari isteʼmoli va ularning mahsulot va koʻrsatilgan xizmat birligiga toʻgʻri keladigan sarf dinamikasi (energiya sigʻimi, ishlab chiqarish tannarxida energiya resurslarining ulushi va boshqalar) tahlil qilinib, baholash maqsadida har besh yilda bir marta majburiy tartibda oʻtkaziladi.

Energiya auditidan oʻtkazish natijalari boʻyicha isteʼmolchining energetika pasportiga oʻzgartirishlar kiritiladi, unga berilgan takliflarni bajarilishi yuzasidan yozma koʻrsatmalar va takliflar beriladi.

DIQQAT!

Navbatdan tashqari energiya auditi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq quyidagi hollarda oʻtkaziladi:

– isteʼmolchida yoqilgʻi-energetika resurslarining umumiy va mahsulot birligiga sarfi hamda mahsulot tannarxi ortganida;

– isteʼmolchida yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligi keskin pasayganda;

– energiya auditori tomonidan tayyor-langan hisobot sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga koʻra bila turib soxta tuzilgan deb topilganda;

– qonunchilikda belgilangan boshqa sabablarga muvofiq.

Ekspress energiya auditi energiya resurslarning alohida bir turi, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish, alohida agregat (agregatlar guruhi) yoki energiya samaradorligini alohida koʻrsatkichlari boʻyicha energiya auditidan oʻtkaziladi. Ekspress energiya auditi dastlabki va davriy energiya auditi hisoblanmaydi.

Iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazish tartibi

Oʻzenergoinspeksiya har yili 1-oktabrga qadar keyingi yilda majburiy energiya auditidan oʻtkazilish muddati belgilangan Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlar roʻyxatini shakllantirib, ommaviy axborot vositalari hamda Energetika vazirligi va Oʻzenergoinspeksiyaning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qiladi.

Isteʼmolchilar Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan dastur ommaviy axborot vositalari hamda Energetika vazirligi va Oʻzenergoinspeksiyaning rasmiy saytlarida eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy ichida mustaqil ravishda energiya auditori bilan shartnoma imzolab, obyektlarini energiya auditidan oʻtkazadilar. Davlat ishtirokidagi tashkilotlar va davlat muassasalari esa energiya auditorini “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan tartibda aniqlaydilar.

Imzolangan shartnoma asosida energiya auditori energiya auditidan oʻtkazishdan oldin energiya auditidan oʻtkazish dasturini shakllantiradi va isteʼmolchi bilan kelishilgan holda, Oʻzenergoinspeksiyaga “Energonazorat” platformasi orqali tasdiqlash uchun kiritadi.

Oʻzenergoinspeksiya taqdim etilgan dasturni 10 ish kunida oʻrganib chiqadi va natijasiga koʻra tasdiqlaydi yoki kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan asoslantirilgan koʻrsatmalar bilan “Energonazorat” platformasi orqali energiya auditoriga qaytaradi.

Bunda energiya auditori Oʻzenergoinspeksiya tomonidan taqdim etilgan koʻrsatmalarni inobatga olgan holda dasturni qayta koʻrib chiqib, besh ish kunida tasdiqlash uchun Oʻzenergoinspeksiyaga takroran “Energonazorat” platformasi orqali kiritadi. 

Tasdiqlangan dasturga asosan energiya auditori tomonidan energiya auditi oʻtkaziladi va uning natijasi boʻyicha hisobotni, asoslangan va tegishli hisob-kitoblar bilan tasdiqlangan energiyani tejash boʻyicha, shu jumladan, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni nazarda tutuvchi, iqtisod qilinadigan energiyaning fizik miqdorini va pul ifodasini hamda ularni amalga oshirish xarajatlarini oʻz ichiga olgan takliflarni isteʼmolchiga taqdim etadi.

Energiya auditidan oʻtkazish uchun energiya auditoriga taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligiga isteʼmolchi javob beradi.

Bino va inshootlarni energiya iste’molini energiya auditidan o‘tkazish tartibi

Energiya auditidan oʻtkazishning turlari:

Dastlabki 

Davriy

Navbatdan tashqari

Dastlabki energiya auditida bino va inshootlarda yoqilgʻienergetika resursidan foydalanish samaradorligiga baho beriladi.

Davriy energiya auditi 5 yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.

Navbatdan tashqari energiya auditi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:

- yoqilgʻi-energetika resurslarini bino va inshootlarning isitiladigan maydon birligiga sarfi ortganida;

- yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligi keskin pasayganligi yuzasidan holatlar (faktlar) paydo boʻlganda;

- energiya auditori tomonidan oʻtkazilgan energiya auditi haqqoniy oʻtkazilmaganligi aniqlanganda.

Bilib oling!

Davriy va navbatdan tashqari energiya auditi natijalari boʻyicha bino va inshootlarning energetika pasportiga oʻzgartirishlar kiritiladi, energiya samaradorlikni oshirish boʻyicha takliflar beriladi.

Energiya auditini tashkil etish

Bilib oling!

Energiya auditi bino va inshootlarning egasi yoki uning vakilining energiya auditidan oʻtkazish toʻgʻrisida energiya auditoriga taqdim etiladigan arizasiga asosan amalga oshiriladi.

Energiya auditi oʻtkazilayotgan obyektning mavsumiy xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Energiya auditining maqsadi va vazifalari ushbu sohada qabul qilingan milliy va xalqaro standartlarga hamda energetika va ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.

Energiya auditi oʻtkazish uchun energiya auditorida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan sinovlarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan sinov uskunalari boʻlishi lozim.

Energiya auditori buyurtmachilarga ularning soʻroviga binoan bino va inshootlarni energiya auditdan oʻtkazish dasturi hamda energiya auditi boʻyicha rejalashtirilgan ishlar narxining kalkulyatsiyasini taqdim etishi kerak.

Energiya auditidan oʻtkazish uchun energiya auditoriga taqdim etilgan maʼlumotlar haqqoniyligiga uni taqdim etgan tashkilot javob beradi.

Energiya auditi natijasi boʻyicha hisobot va tavsiyalar, shuningdek, energetika pasportining haqqoniyligiga energiya auditori javob beradi.

Bino va inshootlarni energiya auditidan o‘tkazish tartibi

 

Energiya auditidan oʻtkazish uchun energiya auditorlari ularning maxsus elektron platformada shakllantirib beriladigan reyting koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi.

 

Bunda davlat ishtirokidagi tashkilotlar va davlat muassasalari energiya auditorini Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan tartibda aniqlaydi.

Energiya auditini oʻtkazish boʻyicha shartnoma tuzish uchun buyurtmachining arizasiga quyidagi hujjat va maʼlumotlar ilova qilinadi:

- energiya auditini oʻtkazish maqsadi va ish hajmini belgilab beruvchi hujjat (texnik topshiriq);

- bino va inshootni tavsiflovchi maʼlumotlar: manzili, foydalanish toifasi, bino va inshootda yashovchilar (faoliyat yurituvchilar) soni, qurilgan yili, isitiladigan maydoni va hajmi, issiqlik taʼminoti manbai;

- yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumot (bino va inshootlarda isteʼmol qilingan yoqilgʻienergetika resurslari hisoblagichlarining koʻrsatkichlari);

- bino  va inshootlarning loyiha  hujjatlari (mavjud boʻlganda);

- kadastr hujjatlari;

- bino va inshootlarda qoʻllanilayotgan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmoli bilan bogʻlik uskunalar va jihozlarning texnik hujjatlari;

- avval oʻtkazilgan energiya auditi natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan hujjatlar (davriy va navbatdan tashqari energiya auditini oʻtkazishda);

- energiya menejmenti tizimi xalqaro standarti (ISO 50001) boʻyicha sertifikati (mavjud boʻlganda).

Yakunlovchi qoidalar

Energiya auditori energiya auditi oʻtkazilishida buyurtmachining xoʻjalik faoliyatiga aralashmaslikka hamda toʻsqinlik qilmaslikka, davlat va tijorat sirlariga rioya qilishga hamda shartnoma shartlarining bajarilishi toʻlaqonli taʼminlashga majburdir.

Energiya auditori tomonidan oʻtkazilgan energiya auditi natijalari haqqoniy emasligi bir necha bor tasdiqlangan taqdirda, ushbu energiya auditoriga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan choralarni koʻrish uchun tegishli organga taklif kiritishga asos boʻladi.

Qonunchilik talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

Ilova

Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energiya auditidan oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar 

Subyektlar

 Chora-tadbirlar

Bajarish
muddatlari

1-bosqich

Isteʼmolchi

1. Energiya auditidan oʻtkazish boʻyicha Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalari bilan kelishgan dastur asosida rasmiy eʼlon beradi.

  
2. Energiya auditidan oʻtkazish uchun energiya auditori bilan shartnomani rasmiylashtiradi.

Davlat energetika
reyestriga asosan, har besh yilda bir marta


 

1 oyda

2-bosqich

Energiya auditori

1. Energiya auditidan oʻtkazish dasturini ishlab chiqadi va isteʼmolchiga kelishish uchun kiritadi.

2. Energiya auditidan oʻtkazish dasturini isteʼmolchi bilan kelishilgan holda, Oʻzenergoinspeksiyaga tasdiqlash uchun kiritadi.

10 ish kunida

 

 

1 ish kunida

3-bosqich

Oʻzenergoinspeksiyaning
hududiy boshqarmalari

Energiya auditidan oʻtkazish dasturini koʻrib chiqadi va tasdiqlash yoki asoslantirilgan koʻrsatmalar bilan energiya auditoriga qaytaradi.

20 ish kunida

4-bosqich

Energiya auditori

1. Isteʼmolchini energiya auditidan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobot va energetika pasportini Oʻzenergoinspeksiyaning hududiy boshqarmalariga taqdim etadi.

 

2. Isteʼmolchining energiya auditidan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobotini va energetika pasportini “Energonazorat” platformasiga kiritadi.

Dastur tasdiqlangan kundan boshlab, bir
yildan koʻp boʻlmagan muddatda

 

5 ish kunida

5-bosqich 

Oʻzenergoinspeksiya

Oʻzenergoinspeksiya tomonidan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasi ijrosini nazorat (monitoring) qiladi.

Doimiy

6-bosqich 

Isteʼmolchi

1. Energiya auditidan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobotdagi samaradorlikni oshirishga qaratilgan tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni va erishilgan koʻrsatkichlar isteʼmolchining yillik biznes-rejalarga kiritilgan holda tegishli kuzatuv kengashida tasdiqlaydi va ijrosini taʼminlaydi.

2. Energiya auditidan oʻtkazish natijalari boʻyicha hisobotdagi tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ijrosini “Energonazorat” platformasiga kiritib boradi.

Doimiy

 

 

 

 

 

Tashkiliy-texnik chora-tadbirlarda belgilangan muddatlarda