Ehtiyojmand aholigaga kommunal to‘lov kompensatsiyasi va bir martalik yordam tartibi
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar
1.
O‘zbekiston Respublikasining “Elektr Energetika to‘g‘risida”gi Qonuni
2.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori
3.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori
Kirish. Asosiy tushunchalar
Ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan holda aholining zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuslari va topshiriqlari asosida ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi boʻyicha kommunal toʻlovlarni qoplashda moddiy yordam va kompensatsiya ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish davrida aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda 2025-yilning 1-mayidan 2027-yilning 1-aprel kuniga qadar belgilangan toifadagi aholiga foydalanilgan tabiiy gaz hamda elektr energiya iste’moli uchun davlat tomonidan kompensatsiya pullari to‘lab berilishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, 2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab- quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratililishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qoʻllanmaning asosiy maqsadi mahalliy davlat organlari, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fuqarolarni ushbu qarorlar asosida belgilangan mexanizmlar bilan tanishtirish, shuningdek, aholiga manzilli va shaffof yordam koʻrsatishni ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Foydalanilgan tabiiy gaz hamda elektr energiya iste’moli uchun davlat tomonidan kompensatsiya pullari to‘lab beriladigan toifalar
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 2025-2026 yilgi isitish mavsumi davomida davlat tomonidan 1,3 milliondan ortiq oilaga 1 trillion 330 milliard miqdorida bir martalik moddiy yordam pullari to‘lab beriladi.
KIMLARGA TO‘LAB BERILADI?
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchioilalar
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar
Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga
Bunda:
ELEKTR ENERGIYASI ISTE’MOLI BO‘YICHA — oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
TABIIY GAZ ISTE’MOLI BO‘YICHA — isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Yuqoridagilarga va joriy tariflarga asosan, kompensatsiya miqdori:
oyiga 30 ming so‘mdan oshmaydi
isitish mavsumida oyiga 200 ming so‘mdan, qolgan davrda oyiga 120 ming so‘mdan oshmaydi
Tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farqni kompensatsiya qilib berish tartibi
Qilinadigan harakatlar
Belgilangan muddat
Kompensatsiya oluvchi oilalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki mahallalarda faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlarga murojaat qiladi. (Bunda arizada pasport ma’lumotlari, abonent raqami va telefon raqami ko‘rsatiladi)
Har oyning 15-sanasiga qadar*
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Kompensatsiya oluvchi oilalarning ma’lumotini “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritadi.
Ariza berilgan oyning 25-sanasiga qadar
1. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kompensatsiya oluvchi oilalarning elektr energiyasi va (yoki) tabiiy gaz iste’moli haqidagi ma’lumotlarini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va (yoki) “Hududgazta’minot” AJning tegishli axborot tizimlari orqali o‘rganadi.
2. Kompensatsiya oluvchi oilalarning uy-joy va (yoki) avtotransport vositalari mavjudligi hamda jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaganligi o‘rganiladi.
Ariza berilgan oyning 27-sanasiga qadar
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kompensatsiya oluvchi oilalar bo‘yicha to‘lov ro‘yxatlarini shakllantirib, AT “Xalq banki”ga yuboradi.
Ariza berilgan oydan keyingi oyning 5-sanasiga qadar
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya to‘lovini to‘lab berish uchun zarur mablag‘larni AT “Xalq banki”ga o‘tkazib beradi.
har oyning 5 — 25-sanasiga qadar
AT “Xalq banki” Kompensatsiya to‘lovini bank kartasi orqali to‘lab beradi.
Agar ariza beruvchining nomida bank kartasi mavjud bo‘lmasa, AT “Xalq banki”da uning oila a’zolari nomiga ochilgan bank kartasiga to‘lab berilishi mumkin.
Ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasiga qadar
Agar ariza beruvchining nomida bank kartasi mavjud bo‘lmasa, AT “Xalq banki”da uning oila a’zolari nomiga ochilgan bank kartasiga to‘lab berilishi mumkin.
2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish
Kimlarga to‘lab beriladi?
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar
“Mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga
“Mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda quyidagilar inobatga olinadi:
Bilib oling!
Kompensatsiya toʻlovlari va bir martalik moddiy yordam mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali toʻlab beriladi.
!!! Bunda noyabr oyida toʻlov roʻyxatlariga kiritilib, biroq oʻz vaqtida olinmay qolgan bir martalik moddiy yordam pullari dekabr oyida toʻlab beriladi.
Elektr energiyasi bozorida elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozori qoidalarida belgilanadigan tartibda elektr energiyasini hamda qoʻshimcha xizmatlarni sotish va (yoki) sotib olish amalga oshiriladi.
Elektr energiyasining chakana bozorida isteʼmolchi va taʼminotchi oʻrtasida elektr energiyasini sotish va (yoki) sotib olish amalga oshiriladi.
Elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozorlari Qonunga, elektr energiyasi bozori konsepsiyasi va qoidalariga muvofiq tashkil etiladi.
Elektr energiyasi bozori tashkil etilguniga qadar markaziy xarid qiluvchining modeli elektr energiyasi bozorining vaqtincha mexanizmi hisoblanadi.
Bilib oling!
Isitish mavsumi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari qarorlari asosida ushbu qarorda belgilangan davrdan farq qiladigan davr uchun belgilanishi mumkin.
!!! Bunda tabiiy gaz uchun kompensatsiya toʻlovlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari qarorlarida belgilangan isitish mavsumi uchun amalga oshiriladi hamda kompensatsiya miqdorini hisoblashda isitish mavsumining boshlanishi yoki tugashi belgilangan sanadagi oy isitish mavsumi oyi sifatida hisobga olinadi.
Elektr energiyasi isteʼmolchisi quyidagi huquqlarga ega:
taʼminotchidan sifatli va barqaror elektr energiyasini sotib olish va undan foydalanish;
namunaviy shartnomaning shartlari oʻzgartirilishi munosabati bilan shartnomani bekor qilish;
namunaviy shartnomaning shartlari toʻliq bajarilishini taʼminlash uchun taʼminotchiga murojaat qilish;
taʼminotchidan oʻziga tegishli maʼlumotni oshkor etishni soʻrash;
tegishli tizim operatori yoki taʼminotchi tomonidan elektr energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi yoki sifat koʻrsatkichlari milliy standartlarga mos boʻlmagan elektr energiyasi yetkazib berilganligi sababli yetkazilgan zararning oʻrni belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish;
elektr energiyasi isteʼmoli toʻgʻrisidagi har qanday maʼlumotlarning oshkor qilinishini talab qilish;
qonunchilikka muvofiq oʻz obyektlarini tegishli tizim operatorining obyektlariga ulash;
elektr energiyasining isteʼmol qilinishi boʻyicha barcha tegishli maʼlumotlarni olish;
tegishli tizim operatorida texnik yoki boshqa nosozliklar yuzaga kelganda namunaviy shartnoma shartlariga muvofiq ularni eng qisqa muddatlarda bartaraf etishni talab qilish.
DIQQAT!
Yirik isteʼmolchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari ulgurji yoki chakana bozorda (bir nechta taʼminotchidan) elektr energiyasini sotib olish huquqiga ham ega.
Isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam berish tartibi
Bosqichlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali Reyestrlarga kiritilgan oilalarning dastlabki ro‘yxatini shakllantiradi va Reyestrlarga kirmagan bir martalik moddiy oluvchi oilalar qo‘shimcha ro‘yxatini shakllantirish uchun O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman (shahar) bo‘limlari orqali “mahalla yettiligi”ga yetkazadi.
1-sentabrga qadar
2-bosqich
“Mahalla yettiligi” Reyestrlarga kirmagan moddiy yordam oluvchi oilalarning qo‘shimcha ro‘yxatini shakllantiradi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etadi.
1-oktabrga qadar
3-bosqich
O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi Moddiy yordam oluvchi oilalarning qo‘shimcha ro‘yxatini umumlashtiradi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga o‘rganib chiqish uchun taqdim etadi.
5-oktabrga qadar
4-bosqich
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Moddiy yordam oluvchi oilalarning qo‘shimcha ro‘yxatini “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali tekshirib chiqadi va yakuniy ro‘yxatni O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etadi.
20-oktabrga qadar
5-bosqich
Moddiy yordam oluvchi oilalarning qo‘shimcha yakuniy ro‘yxatini tuman (shahar) hokimligiga tasdiqlatib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga taqdim etadi.
25-oktabrga qadar
6-bosqich
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi taqdim etilgan qo‘shimcha ro‘yxat va Reyestrlarga kiritilgan oilalardan iborat moddiy yordam oluvchi oilalar ro‘yxatini shakllantiradi.
1-noyabrga qadar
7-bosqich
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Moddiy yordam oluvchi oilalar bo‘yicha to‘lov ro‘yxatlarini shakllantirib, AT “Xalq banki”ga yuboradi.
20-noyabrga qadar
8-bosqich
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Moddiy yordam to‘lovi uchun zarur mablag‘larni AT “Xalq banki”ga o‘tkazib beradi.
25-noyabrga qadar
9-bosqich
AT “Xalq banki” Moddiy yordam oluvchi oilalarga belgilangan tartibda bir martalik moddiy yordam to‘lab beradi.