Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun huquqiy qo'llanma

Ijtimoiy himoya tushunchasining asosiy prinsiplari

O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy himoya tushunchasiga bir nechta qonun va qonunosti hujjatlarida ta’rif berilgan. Shulardan eng asosiysi O‘zbekiston Respublikasining “Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi Qonunidir.

Ushbu Qonunning maqsadi keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

 

Ijtimoiy xizmatlarning asosiy prinsiplari quyidagi­ lardan iborat:

 

  • qonuniylik;

  • inson huquqlariga rioya etish;

  • insonparvarlik;

  • erkin foydalanish;

  • profilaktik yo‘naltirilganlik;

  • aniq yo‘naltirilganlik va individual yondashuv;

  • ixtiyoriylik.

Ijtimoiy xizmatlar shaxsning turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishning boshqa fuqarolar bilan teng bo‘lgan imkoniyatlarini yaratishga va (yoki) o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xizmatlarga muhtoj shaxsga yordam ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy, psixologik, ta’limga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmuidir.

 

Qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topilgan shaxslar, shu jumladan:

 

  • o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar;

  • muomalaga    layoqatsiz    va       muomala    layoqati    cheklangan fuqarolar;

  • ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridir.

Ijtimoiy xizmatlar shakllari

Milliy qonunchiligimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyat va davlat hayotida o‘z o‘rinlarini topishlari, munosib hayot tarzini kechirishlari uchun ijtimoiy ko‘mak berishning bir qancha shakllari belgilab qo‘yilgan.

 

Ijtimoiy xizmatlar quyidagi shakllarda ko‘rsatiladi:

 

  • ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari;

  • uyda parvarishlash bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar;

  • kunduzi va (yoki) qisqa muddat bo‘lish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar;

  • internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar.

 

Ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

 

  • ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish;

  • ishga joylashishda ko‘maklashish;

  • homiylik va vasiylikni belgilashda, farzandlikka olishda, yetim bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilada tarbiyalashga (patronat), bolalar internati muassasalariga qabul qilishda ko‘maklashish;

  • bolalar internati muassasalari tarbiyalanuvchisini oilaga qabul qilishga ota-onalarni yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni tayyorlash;

  • uy-joy-maishiy jihatdan joylashishda va moddiy yordam olishda ko‘maklashish;

  • protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya texnik vositalarini olishda ko‘maklashish.

Ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

 

Uyda parvarishlash bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

 

  • maishiy xizmat ko‘rsatish, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini, gigiyena tovarlarini, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni xarid qilish hamda uyga yetkazib berish;

  • ovqat tayyorlashda, xonalarni yig‘ishtirish-tozalashda, shaxsiy gigiyena tadbirlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;

  • zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishida ko‘maklashish, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash.

Uyda parvarishlash bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

 

Kunduzi va (yoki) qisqa muddat bo‘lish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

 

  • ijtimoiy xizmatlar oluvchilarga o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish, mustaqil ravishda harakatlanish va mo‘ljal olish, muomala qilish, o‘z xulq-atvorini nazorat qilish ko‘nikmalarini, o‘qish yoki mehnat faoliyati uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rgatish, shu jumladan reabilitatsiya texnik vositalaridan foydalanishni o‘rgatish;

  • oila a’zolariga yoki boshqa qonuniy vakillariga sog‘lig‘ining holatida buzilishlar mavjud bo‘lgan, nogiron shaxslarni parvarishlash, ular bilan muomalada bo‘lish ko‘nikmalarini va uy sharoitida ularni reabilitatsiya qilish asoslarini o‘rgatish;

  • ota-onalarga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga bolalarni, shu jumladan oilaga tarbiyaga qabul qilinadigan (patronat) yetim bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, farzandlikka olinadigan bolalarni parvarishlash va tarbiyalash ko‘nikmalarini o‘rgatish;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar uchun psixologik va ijtimoiy-pedagogik maslahatlar berish.

Kunduzi va (yoki) qisqa muddat bo‘lish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

 

Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

 

  • muntazam ravishda parvarishlashni ta’minlash, maishiy xizmat ko‘rsatish, mebeli, ashyo-anjomlari, ko‘rpa-yostig‘i bo‘lgan qulay xona berish, kiyim-bosh va poyabzal, boshqa eng zarur buyumlar bilan ta’minlash, yoshi va sog‘lig‘ining holatini inobatga olgan holda ovqatlanishni tashkil etish;

  • birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, dispanser ko‘rigidan o‘tkazish, zarur bo‘lgan hollarda statsionarda davolanish uchun yuborish, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra dori vositalari, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash;

  • maxsus psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish, hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish;

  • qiziqishlarni shakllantirish va rivojlantirish uchun bo‘sh vaqtni, klub va to‘garaklar ishini tashkil etish;

  • shaxslarning internat muassasalaridan chiqishi va ularning mustaqil hayot kechirishi yoki oilada yashashi uchun sharoitlar yaratish.

Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi

Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

 

  • ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash;

  • ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash;

  • ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish (zarur bo‘lgan hollarda);

  • ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi monitoringi.

 

Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash:

 

  • uyma-uy yurish chog‘ida;

  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan axborot asosida;

  • ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxs mustaqil ravishda murojaat etganda amalga oshiriladi.

Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladi.

Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholashdan o‘tkazish uchun mazkur shaxsning yoki uning qonuniy vakilining yozma arizasi asos bo‘ladi.

Ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar yoki ularning qonuniy vakillari ijtimoiy xizmatlarga muhtojligi va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartlari to‘g‘risida qaror qabul qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan axborotni taqdim etishi shart va ular taqdim etilgan axborotning to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi.

Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalariga ko‘ra shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish to‘g‘risida yoki ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga doir arizani rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda shaxs ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar ro‘yxatiga kiritiladi va unga maslahatlar beriladi, zarur bo‘lgan hollarda, ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ishlab chiqiladi yoki tegishli hujjatlar ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa vakolatli organlar va tashkilotlarga yuboriladi.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish uchun ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalari asos bo‘ladi.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlar shakllari, turlari, ularning hajmi, davriyligini, bunday xizmatlar ko‘rsatish shartlari va muddatlarini, shuningdek mas’ul shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ishtirokida ishlab chiqiladi.

Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq beriladigan ijtimoiy xizmatlarni olishdan to‘liq yoki qisman voz kechishga haqli.

Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini bajarishdan yozma ravishda to‘liq yoki qisman voz kechgan taqdirda, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi yoki uning bir qismi bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturida ko‘rsatilgan axborot maxfiydir va u ijtimoiy xizmatlarni oluvchining yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligisiz tarqatilishi mumkin emas.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi monitoringi ijtimoiy xizmatlar samaradorligini aniqlash, yakka tartibdagi dasturni qayta ko‘rib chiqish yoki uni tugatish maqsadida amalga oshiriladi.

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini qayta ko‘rib chiqish ijtimoiy xizmatlar oluvchining turmushi holati o‘zgarishi munosabati bilan amalga oshiriladi.

Ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar yoki ularning qonuniy vakillari ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga ehtiyoj tug‘diradigan turmush holatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlarni o‘z vaqtida xabardor qilishi shart.

 

Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi tugatilishi uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

 

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining turmushi holatini yengib o‘tganligi;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining bunday xizmatlarni olishni rad etganligi;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining boshqa yashash joyiga ko‘chib o‘tganligi;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining vafot etganligi;

  • noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlanganligi;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining qamoqqa olinganligi;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining oilaviy holati o‘zgarganligi oqibatida uning turmushi holati yaxshilanganligi;

  • ijtimoiy xizmatlarni oluvchining yashash joyida uzoq muddat bo‘lmaganligi.

Fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish

Albatta, jamiyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj eng asosiy qatlam bu nogironligi bo‘lgan fuqarolardir.

Fuqaroni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish – tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish esa – pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga davlat tibbiyot muassasasi tomonidan yuboriladi, biroq mustasno holatlar ham mavjud.

Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari nogironligi belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslarni klinik-funksional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazmasdan turib, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborishga haqli. Agar shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmasa va bu tibbiyot muassasasining xulosasi bilan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza shaxsning xohishiga ko‘ra uning uyida yoki shaxs davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining majlislarida mahalliy mehnat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, kasaba uyushmalarining, sug‘urta tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishi mumkin.

Tekshiruvdan o‘tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kalendar kundan kechiktirmay tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tish uchun yuborilgan shaxs tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazish kuni to‘g‘risida tibbiy

hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida xabardor qilinadi. Nogironlik aniqlangan taqdirda, tibbiy- ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etiladi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza natijalari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqaroga – nogironlik guruhi, uning belgilanish sababi va muddatlari, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa qayta tekshiruvdan o‘tish muddati bilan – «Nogironligi bo‘lgan bolalar» toifasi belgilanadi.

Qayta tekshiruvdan o‘tkazish muddati ko‘rsatilmaydigan nogironlik inson a’zolari funksiyalarining hamda organizmi tizimlarining barqaror, asliga qaytarib bo‘lmas tarzdagi morfologik o‘zgarishlari va buzilishlari mavjud bo‘lgan, amalga oshirilgan reabilitatsiya tadbirlarining samarasizligi oqibatida kasallikning kechishi va sog‘liqning tiklanishini, ijtimoiy moslashuvni yaxshilash mumkin bo‘lmagan taqdirda, belgilangan tartibda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar ro‘yxatiga muvofiq belgilanadi.

Ko‘rsatilgan muddatlardan oldin qayta tekshiruvdan o‘tkazish sog‘liqning holati va hayot faoliyatining cheklanganlik darajasi o‘zgarganda yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari asoslanmagan qaror qabul qilganligi faktlari aniqlanganda yoxud yuqori turuvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nazorat vazifasi bajarilganda amalga oshiriladi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari zarur uskunalar bilan jihozlangan davlat tibbiyot muassasalariga bepul tekshiruvlar o‘tkazish uchun biriktirib qo‘yiladi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlari nogironlikning yuzaga kelishiga ta’sir etuvchi omillar hamda shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida nogironlikka olib keluvchi kasalliklar yuzaga kelishining ishlab chiqarish, ijtimoiy, ekologik va boshqa sabablarini tahlil qilishni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari nogironligi bo‘lgan shaxslarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish, nogironlikni hisobga olish va nogironlik tuzilmasini tahlil qilish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning (bolalarning) shaxsiy yig‘majildlarini yuritadi.

Nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar reabilitatsiya va abilitatsiya qilinadi. Bundan ko‘zlangan maqsad ularga to‘laqonli hayot tarzini yuritish hamda o‘z huquqlari va potensial imkoniyatlarini amalga oshirish imkonini beradigan ijtimoiy maqomini, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishga va kasbiy faoliyatning har xil turlariga oid qobiliyatini tiklashdan iboratdir.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat muassasalarida tibbiy, ijtimoiy, kasbiy hamda jismoniy reabilitatsiya va abilitatsiya qilinishini kafolatlaydi.

Tibbiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslar a’zolarining hamda organizmi tizimlarining buzilgan va (yoki) yo‘qolgan funksiyalarini saqlab qolishga, qisman yoki to‘liq tiklashga qaratilgan tibbiy xizmatlar majmuidir.

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslar- ning hayot faoliyati cheklanganligini yengib o‘tishi uchun shart- sharoitlar yaratishga, ijtimoiy maqomini, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish, mustaqil yashash imkoniyatlarini tiklashga, shuningdek ularni jamiyatda oilaviy hayotning odatiy sharoitlariga qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.

Kasbiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga yo‘naltirishga, kasbga o‘qitishga va ishga joylashtirishga, shuningdek ularning boy berilgan kasbiy bilimlari, mahorati va ko‘nikmalarini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar organizmining buzilgan yoki vaqtincha yo‘qolgan funksiyalarini hamda ularning ijtimoiy va kasbiy faoliyatga bo‘lgan qobiliyatini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullaridan foydalangan holda tiklash (tuzatish va kompensatsiya qilish) jismoniy reabilitatsiya qilishdir.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq tashkil etiladi.

Abilitatsiya qilish jamiyat hayotiga moslashtirish uchun organizmning yo‘q bo‘lgan (tug‘ma) va (yoki) rivojlanmagan funksiyalarini shakllantirishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, pedagogik, psixologik jihatdan tuzatish va boshqa tuzatish chora- tadbirlari majmuidir.

Abilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar xavf guruhidagi bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy, psixologik va pedagogik jihatdan tuzatish xizmatlarini, shuningdek boshqa tuzatish xizmatlarini o‘z ichiga oladi.

Xavf guruhidagi bolalar jumlasiga erta aralashuv hamda zarur tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik jihatdan tuzatishga yoki boshqa tuzatishga oid ko‘mak ko‘rsatilmaganda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida yuqori darajadagi ortda qolish ehtimoli mavjud uch yoshgacha bo‘lgan bolalar kiradi.

Abilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tibbiy-ijtimoiy tashkilotlar, shuningdek tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga doir ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni (bolalarni) abilitatsiya qilish ularning ehtiyojlariga imkon qadar moslashtirilgan hajmda, malakali xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tibbiy-ijtimoiy ekspertiza asosida ishlab chiqilgan, nogironligi bo‘lgan shaxs uchun maqbul reabilitatsiya choralari majmui bo‘lib, ushbu choralar organizmning buzilgan yoki yo‘qolgan funksiyalarini, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxs mehnat faoliyatining ayrim turlarini bajarish qobiliyatini tiklashga, kompensatsiya qilishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, kasbiy va jismoniy reabilitatsiya choralarini amalga oshirishning ayrim turlari, shakllari, hajmlari, muddatlari hamda tartibini o‘z ichiga oladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxs uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazilganidan keyin o‘n kun ichida nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi ishlab chiqiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartib- dagi dasturi davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi shart.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tibbiy, ijtimoiy, ta’limga oid va kasbiy sohalardagi mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan ko‘p sohalar bo‘yicha baholash asosida ishlab chiqiladi.

Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, davlat organlari va tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlarida nazarda tutiladigan chora-tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini tuzishda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi shifokorlari nogironligi bo‘lgan shaxsni ushbu Qonunda berilayotgan huquqlari to‘g‘risida xabardor qilishi shart.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini bajarish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida ko‘rsatilgan tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida nogironligi bo‘lgan shaxs quyidagi huquqlarga ega:

 

  • reabilitatsiyani o‘tkazishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan o‘ziga nisbatan teng, hurmat bilan munosabatda bo‘linishi;

  • o‘z huquqlari va imkoniyatlari, shuningdek reabilitatsiyadan o‘tish xususiyati, sifati, shart-sharoitlari haqida to‘liq hamda ishonchli axborot olish;

  • nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillarini reabilitatsiya o‘tkazishning har qanday bosqichida jalb etish.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi nogironligi bo‘lgan shaxs uchun tavsiya xususiyatiga ega. Ushbu shaxs reabilitatsiya chora-tadbirlarining u yoki bu turidan, shakli va hajmidan, shuningdek dasturni amalga oshirishdan butunlay voz kechishga haqli. Nogironligi bo‘lgan shaxs o‘zining reabilitatsiya qilishning muayyan texnik vositasi yoki boshqa vositasi yoxud turi, shu jumladan avtomobillar, o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar, signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar va boshqa shu kabi vositalar bilan ta’minlanishi to‘g‘risidagi masalani mustaqil ravishda hal qilishga haqlidir.

Reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va xizmatlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga, qoida tariqasida, natura shaklida taqdim etiladi.

Agar nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida nazarda tutilgan reabilitatsiya qilishning texnik vositasini yoxud xizmatni unga taqdim etishning imkoni bo‘lmasa yoki nogironligi bo‘lgan shaxs o‘z hisobidan tegishli vositani olgan yoxud xizmat uchun haq to‘lagan bo‘lsa, unga nogironligi bo‘lgan shaxsga taqdim etilishi kerak bo‘lgan reabilitatsiya qilishning texnik vositasining yoki xizmatning qiymati miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxs nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturidan butunlay voz kechgan yoki dasturning ayrim qismlari amalga oshirilishidan voz kechgan taqdirda davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar, tashkiliy- huquqiy shaklidan qat’i nazar, dasturning bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning xalqaro huquqlari

Albatta, bu boradagi eng muhim hujjat 2006-yil 13-dekabrda Nyu-Yorkda qabul qilingan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya. O‘zbekiston 2021-yil 7-iyunda ushbu konvensiyaga qo‘shilgan.

Ushbu Konvensiyaning maqsadi barcha nogironlarning insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish hamda to‘la va keng amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek ularga xos qadr-qimmatni hurmat qilishni rag‘batlantirishdir.

Nogironlarga turli to‘siqlar bilan o‘zaro munosabatda ularning boshqalar bilan teng holda jamiyat hayotida to‘la va samarali ishtirok etishiga xalaqit beradigan barqaror jismoniy, psixik, intellektual yoki sensor buzilishlari bo‘lgan shaxslar taalluqlidir.

 

Ushbu Konvensiyaning prinsiplari quyidagilardan iborat:

 

  1. insonga xos bo‘lgan qadr-qimmatni, uning shaxsiy mustaqilligi, shu jumladan mustaqil tanlovi erkinligini hamda mustaqilligini hurmat qilish;

  2. kamsitmaslik;

  3. jamiyatga to‘la va samarali jalb etish va qo‘shish;

  4. nogironlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hurmat qilish va buni insoniy turfa xillikning tarkibi va insoniyatning bir qismi sifatida qabul qilish;

  5. imkoniyatlarning tengligi;

  6. to‘siqsiz foydalanish;

  7. erkaklar va ayollarning tengligi;

  8. nogiron bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatlarini hurmat qilish va nogiron bolalarning o‘z shaxsiy xususiyatlarini saqlab qolish huquqini hurmat qilish.

     

Ishtirok etuvchi davlatlar barcha nogironlar tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha hech qanday kamsitishsiz insonning barcha huquqlarini amalga oshirish va asosiy erkinliklarini to‘la ta’minlash va rag‘batlantirish majburiyatini oladi. Shu maqsadda ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:

 

  1. ushbu Konvensiyada e’tirof etiladigan huquqlarni amalga oshirish uchun barcha zarur qonunchilik, ma’muriy va boshqa choralarni ko‘rish;

  2. nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun barcha zarur choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko‘rish;

  3. barcha strategiyalar va dasturlarda nogironlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni hisobga olish;

  4. Ushbu Konvensiyaga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish hamda davlat organlari va muassasalari ushbu Konvensiyaga muvofiq ish tutishlarini ta’minlash;

  5. har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rish;

  6. nogironlarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish iloji boricha kam o‘zgartirish va xarajat talab qiladigan tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn obyektlarining (ushbu Konvensiyaning 2-moddasida belgilab qo‘yiladigan) ilmiy tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish, ularning mavjud bo‘lishiga va ulardan foydalanishga yordam berish, shuningdek standartlar va ko‘rsatkich mo‘ljallarini ishlab chiqishda universal dizayn g‘oyasini ilgari surish;

  7. nogironlar uchun mos tushadigan yangi texnologiyalar, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, harakatchanlik, qurilmalar va assistiv texnologiyalarni yengillashtiradigan vositalarning ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish, bunda arzon texnologiyalarga birinchi darajali e’tibor berish;

  8. harakatchanlik, qurilmalar va assistiv texnologiyalarni yengillashtiradigan vositalar, shu jumladan yangi texnologiyalar, shuningdek yordam ko‘rsatish, qo‘shimcha xizmatlar va obyektlar to‘g‘risida foydalanish imkoniyati bo‘lgan axborotlarni nogironlarga taqdim etish;

  9. ushbu Konvensiyada e’tirof etilgan huquqlarni mazkur huquqlarda kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironlar bilan ish olib boradigan personalni o‘qitishni rag‘batlantirish.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga kelganda, har bir ishtirok etuvchi davlat mazkur huquqlarni ushbu Konvensiyada belgilab berilgan majburiyatlarga ziyon yetkazmagan holda bosqichma-bosqich to‘la amalga oshirishga erishish uchun o‘zida mavjud bo‘lgan resurslardan iloji boricha to‘liq foydalanish, zarurat bo‘lganda esa xalqaro hamkorlikdan foydalanish majburiyatini oladi.

Ushbu Konvensiyani amalga oshirishga yo‘naltirilgan qonunchilik va strategiyani ishlab chiqish va qo‘llashda hamda nogironlarga taalluqli masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishning boshqa jarayonlari doirasida ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar, shu jumladan nogiron bolalar bilan yaqindan maslahatlashish hamda ularni o‘zlarining vakilliklari orqali bu ishga faol jalb etish choralarni ko‘radi.

Ushbu Konvensiyadagi hech bir narsa ishtirok etuvchi davlatlarning qonunlarida yoki mazkur davlatda amal qiladigan xalqaro huquq normalarida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan nogironlar huquqlarini amalga oshirishga ko‘proq darajada yordam beradigan biror qoidaga daxli yo‘q. Ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi qaysidir bir davlatda e’tirof etiladigan yoki mavjud bo‘lgan insonning qaysidir huquqlari va asosiy erkinliklarini bu huquqlar yoki erkinliklar ushbu Konvensiyada e’tirof etilishi yoki kichikroq hajmda e’tirof etilishi sababi bilan hech qanday cheklash yoki kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu Konvensiyaning qoidalari federal davlatlarning barcha qismlariga biror cheklashlarsiz yoki qisqartirishsiz holda amal etadi.

Ishtirok etuvchi davlatlar barcha shaxslar qonun oldida teng ekanligini va unga ko‘ra qonun tomonidan biror kamsitishsiz teng himoyalanish hamda undan teng foydalanish huquqiga egaligini tan oladi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitishni man etadi hamda nogironlarga har qanday asosda kamsitishdan teng va samarali huquqiy himoyani kafolatlaydi.

Ishtirok etuvchi davlatlar tenglikni rag‘batlantirish va kamsitishni bartaraf etishda oqilona moslashishni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Nogironlarning amaldagi tengligini ta’minlashni tezlashtirish yoki bunga erishish uchun zarur bo‘lgan barcha aniq choralar ushbu Konvensiya ma’nosi bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron ayollar va nogiron qizlar juda ko‘p kamsitilishini tan oladi va shu munosabat bilan ular tomonidan barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘la va teng amalga oshirilishini ta’minlash uchun choralar ko‘radi.

Ishtirok etuvchi davlatlar ayollarga ushbu Konvensiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini amalga oshirishni kafolatlash uchun ayollarning ahvolini yaxshilash, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolalarning barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini boshqa bolalar bilan teng ravishda to‘la amalga oshirilishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Nogiron bolalarga nisbatan barcha sa’y-harakatlarda bolaning oliy manfaatlariga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolalar yoshlariga va yetukligiga muvofiq bo‘lgan zarur salmoq oladigan o‘z qarashlarini boshqa bolalar bilan teng ravishda erkin ifoda etish huquqiga ega bo‘lishlarini hamda ushbu huquqlarni amalga oshirish uchun nogironliklari va yoshiga mos bo‘lgan yordamni olishlarini ta’minlaydi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar mustaqil turmush kechirish va turmushning barcha jabhalarida har taraflama ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda jismoniy muhitdan, transportdan, axborot va aloqadan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimidan hamda shaharlarda ham, qishloq joylarida ham aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan boshqa obyektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi. Foydalanish imkoniyatiga xalaqit beradigan to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etishni qamrab oladigan ushbu choralar, jumladan, quyidagilardan iborat:

 

  1. binolar, yo‘llar, transport hamda boshqa tashqi va ichki obyektlar, shu jumladan maktablar, turar-joylar, tibbiyot muassasalari va ish joylari;

  2. axborot, kommunikatsiya va boshqa xizmatlar, shu jumladan elektron xizmatlar va shoshilinch xizmatlar.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar, shuningdek quyidagi zarur choralarni ko‘radilar:

 

  1. aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan obyektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ko‘zda tutadigan minimal standartlar va ko‘rsatkich mo‘ljallarini ishlab chiqish, amalga kiritish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;

  2. aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan obyektlar va xizmatlarni taklif etadigan xususiy korxonalar nogironlar foydalanish imkoniyatlari uchun barcha jihatlarni hisobga olishlarini ta’minlash;

  3. nogironlar duch keladigan foydalanish imkoniyati muammolari masalasiga aloqador barcha tomonlar uchun yo‘riqnoma berishni tashkil etish;

  4. aholi uchun ochiq binolar va boshqa obyektlarga Brayl alifbosida bajarilgan, oson o‘qiladigan va tushuniladigan shakldagi belgilarni joylashtirish;

  5. aholi uchun ochiq binolar va boshqa obyektlardan foydalanish imkoniyatini yengillashtirish uchun yordamchilar va vositachilarning turli xizmatlarini, shu jumladan yo‘l ko‘rsatuvchilar, suxandonlar va professional sudrotarjimonlar xizmatlarini taqdim etish;

  6. nogironlarning axborotdan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydigan yordam va qo‘llab-quvvatlashning boshqa zarur shakllarini rivojlantirish;

  7. nogironlarning yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlaridan, shu jumladan Internetdan foydalanish imkoniyatlarini rag‘batlantirish;

  8. avvalboshdan foydalanish imkoniyati bo‘lgan, kam xarajat talab etadigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish va tarqatishni rag‘batlantirish.

Ishtirok etuvchi davlatlar har bir insonning yashash ajralmas huquqini yana bir bor tasdiqlaydi va nogironlar boshqalar bilan teng ravishda bu huquqni samarali amalga oshirishlarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Ishtirok etuvchi davlatlar o‘zlarining xalqaro huquq, shu jumladan xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari xalqaro huquqi bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq nogironlarni tahdidli vaziyatlarda, shu jumladan qurolli mojarolar, favqulodda gumanitar vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Ishtirok etuvchi davlatlar har bir nogiron, u qayerda bo‘lmasin, teng huquqiy himoya huquqiga ega ekanligini tasdiqlaydi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar hayotning barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga ega ekanligini e’tirof etadi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga ular o‘zlarining huquqqa layoqatini amalga oshirishlarida talab etilib qolinishi mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni taqdim etish uchun zarur choralarni ko‘radi.

Ishtirok etuvchi davlatlar huquqqa qodirlikni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha choralar inson huquqlari xalqaro huquqiga muvofiq suiiste’molliklarning oldini olishini ko‘zda tutishi uchun zarur va samarali kafolatlarni ta’minlaydi. Bunday kafolatlar huquqqa layoqatni amalga oshirish bilan bog‘liq choralar shaxsning huquqlari, irodasi va moyilliklarini hurmat qilishga yo‘naltirilgan bo‘lishi, manfaatlar nizosi va noo‘rin ta’sirdan xolis bo‘lishi, ushbu shaxs vaziyatiga muvofiq va moslashtirilgan bo‘lishi, iloji boricha qisqa muddatda qo‘llanilishi hamda vakolatli, mustaqil va xolis organ yoki sud idorasi tomonidan muntazam tekshirilishini ta’minlashi kerak. Ushbu kafolatlar mazkur shaxsning huquqlari va manfaatlariga qay darajada ta’sir ko‘rsatsa, shu darajada bo‘lishi kerak.

Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu modda qoidalarini hisobga olgan holda nogironlarning mulkka egalik qilish va uni meros qilib olish, o‘z moliyaviy ishlarini boshqarish, shuningdek bank ssudalari, ipoteka kreditlari va moliyaviy kreditlashning boshqa shakllaridan foydalanishda teng huquqliklarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda hamda nogironlar o‘z mulkidan asossiz ravishda mahrum bo‘lmasliklarini ta’minlaydi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng huquqqa ega bo‘lishlari uchun quyidagilarni ta’minlaydi:

 

  1. ozodlik va shaxsiy daxlsizlik huquqidan foydalanish;

  2. qonunsiz va asossiz ravishda ozodlikdan mahrum bo‘lmaslik va har qanday ozodlikdan mahrum etish qonunga muvofiq bo‘lishi, nogironlik esa hech bir holatda ozodlikdan mahrum etish uchun asos bo‘lmasligini.

Ishtirok etuvchi davlatlar agar qaysidir bir tartib asosida nogironlar ozodlikdan mahrum etilsa, ular uchun inson huquqlari xalqaro huquqiga muvofiq bo‘lgan kafolatlar berilishini hamda ular bilan muomala ushbu Konvensiyaning maqsad va prinsiplariga, shu jumladan oqilona moslashtirishni ta’minlashga muvofiq bo‘lishini ta’minlaydi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar eng yuqori imkoniyat darajasida shaxsiy harakatlanishlarini ta’minlash uchun samarali choralar ko‘radi, shu jumladan quyidagilar orqali:

 

  1. nogironlar o‘zi tanlaydigan vositada, tanlagan vaqtda va maqbul narxda shaxsiy harakat qilishlariga yordam berish;

  2. nogironlarning harakatlanishini yengillashtiradigan sifatli vositalar, qurilmalar, assistiv texnologiyalar hamda yordamchilar va vositachilarning xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini, shu jumladan bu narsalarni maqbul narxlarda taqdim qilish orqali yengillashtirish;

  3. nogironlarni va ular bilan ish olib boradigan mutaxassis kadrlarni harakatlanish ko‘nikmalariga o‘qitish;

  4. harakatlanishni yengillashtiradigan vositalar, qurilmalar assistiv texnologiyalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan korxonalarni nogironlarning harakatlanishi barcha jihatlarini hisobga olishga da’vat etish.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar fikr va e’tiqodlarini erkin ifoda etish huquqini, shu jumladan ushbu Konvensiyaning 2­moddasida belgilab qo‘yilgan muomalaning barcha shakllaridan o‘z tanlovi bo‘yicha foydalangan holda axborot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi, shu jumladan:

 

  1.  nogironlarni foydalanish imkoniyati bo‘lgan shaklda va nogironlik turli shakllarini hisobga olgan texnologiyalardan foydalanib, o‘z vaqtida va qo‘shimcha haq olmasdan keng ommaga mo‘ljallangan axborot bilan ta’minlash;

  2. rasmiy muomalada ishora tili, Brayl alifbosi, muomalani kuchaytiradigan va muqobil vositalaridan hamda nogironlarning tanlovi bo‘yicha muomalaning boshqa foydalanish imkoniyati bo‘lgan barcha vositalari, usullari va shakllaridan foydalanishlariga yordam ko‘rsatish;

  3. keng ommaga, shu jumladan Internet orqali xizmat ko‘rsatadigan xususiy korxonalarni nogironlar uchun foydalanish imkoniyati bo‘lgan va yaroqli shakllardagi axborot va xizmatlar taqdim etishga da’vat etish;

  4. ommaviy axborot vositalarini nogironlar axborotdan, shu jumladan Internet orqali taqdim etadigan xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga da’vat etish;

  5. ishora tillaridan foydalanishni e’tirof etish va rag‘batlantirish.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning ta’lim olish huquqini e’tirof etadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni kamsitmasdan va imkoniyatlar tengligi asosida amalga oshirish maqsadlarida barcha darajalarda inklyuziv ta’limni va butun umri davomida o‘qitilishlarini ta’minlaydi, bunda quyidagilarga intiladi:

 

  1. inson salohiyatini, shuningdek qadr-qimmat va o‘zini hurmat qilish hissini to‘la rivojlantirish hamda inson huquqlari, asosiy erkinliklari va insoniy turfa xillikni hurmat qilishni kuchaytirish;

  2. nogironlarning shaxsi, iste’dodi va ijodini, shuningdek aqliy va jismoniy qobiliyatlarini to‘la hajmda rivojlantirish;

  3. nogironlarga erkin jamiyat hayotida samarali ishtirok etish imkoniyatini yaratish.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni amalga oshirishda quyidagilarni ta’minlaydi:

 

  1. nogironlar nogironligi sababiga ko‘ra umumiy ta’lim tizimidan, nogiron bolalar esa bepul va majburiy boshlang‘ich ta’lim yoki o‘rta ta’lim tizimidan chiqarilmasligi;

  2. nogironlar boshqalar bilan teng ravishda o‘z yashash joylarida inklyuziv, sifatli va bepul boshlang‘ich ta’lim va o‘rta ta’limni olish imkoniyatiga ega bo‘lishi;

  3. shaxsiy ehtiyojlarni hisobga oladigan oqilona moslashtirish ta’minlanishi;

  4. nogironlar umumiy ta’lim tizimi doirasida samarali ta’lim olishlarini yengillashtirish uchun talab qilinadigan qo‘llab- quvvatlashga ega bo‘lishi;

  5. to‘la qamrab olish maqsadiga muvofiq bilimlarni egallash va ijtimoiy rivojlanishga iloji boricha eng samarali yordam berish vaziyatida shaxsiy qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilishi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar ta’lim jarayonida hamda mahalliy hamjamiyatning a’zolari sifatida to‘la va teng ishtirok etishlarini ta’minlash uchun ularga hayotiy va ijtimoiy ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini yaratadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu yo‘nalishda tegishli choralarni ko‘radi, shu jumladan:

 

  1.  Brayl alifbosi, muqobil shriftlarni, muomalani kuchaytiradigan va muqobil usullar, vositalar va shakllarni, shuningdek mo‘ljal olish va harakatlanish ko‘nikmalarini egallashlariga hamda tengdoshlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga va murabbiylikka ko‘maklashadi;

  2. ishorali tilni egallash va karlarning o‘ziga xos tilini egallashga yordam beradi;

  3. shaxslarni o‘qitish, jumladan ko‘zi ojizlar, karlar yoki ko‘zi ojiz va kar bo‘lgan bolalarni o‘qitish ularga eng maqbul bo‘lgan til va usullarda, muomala vositalarida hamda bilimlarni egallash va ijtimoiy rivojlanishga iloji boricha eng ko‘p yordam beradigan vaziyatda amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquq amalga oshirilishini ta’minlashga ko‘maklashish uchun ishorali tilni va/yoki Brayl alifbosini egallagan o‘qituvchilar, shu jumladan nogiron o‘qituvchilarni ishga jalb etish hamda ta’lim tizimining barcha darajalarida ishlayotgan mutaxassislar va personalni o‘qitish uchun zarur choralarni ko‘radi. Bunday o‘qitish nogironlarni qo‘llab-quvvatlash uchun nogironlik masalalari hamda muomalaning kuchaytiradigan va muqobil usullari, vositalari va shakllarini, o‘quv uslubiyotlari va materiallarini qamrab oladi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar kamsitilmasdan va boshqalar bilan teng ravishda oliy ta’lim, kasbiy ta’lim, kattalar uchun ta’lim olish va butun hayotlari davomida o‘qitilish imkoniyatlariga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar shu maqsadlarda nogironlar uchun oqilona moslashtirishni ta’minlaydi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilmasdan salomatliklarining erishish mumkin bo‘lgan eng yuqori darajada saqlanishi huquqiga egalar. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar sog‘liqni saqlash sohasida gender xususiyatini hisobga oladigan xizmatlardan, shu jumladan salomatliklarining holati bo‘yicha reabilitatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Ishtirok etuvchi davlatlar, shu jumladan quyidagi choralarni ko‘radi:

 

  1.  nogironlarga boshqalar bilan bir qatorda salomatlikni saqlash bo‘yicha bepul yoki qimmat bo‘lmagan xizmatlar va dasturlarning turlari, sifati va darajasini, shu jumladan seksual va reproduktiv salomatlik hamda davlat sog‘liqni saqlash dasturlari aso sida aholiga taklif etilayotgan turlarni ta’minlaydi;

  2. sog‘liqni saqlash sohasida nogironlarga ularning nogironligi sababli bevosita zarur bo‘lgan xizmatlarni, shu jumladan barvaqt diagnostikani, o‘rni bo‘lsa – korreksiya va nogironlikning, shu jumladan bolalar va katta yoshdagilar o‘rtasida nogironlikning bundan buyon paydo bo‘lishiga iloji boricha yo‘l qo‘ymaslik va buning oldini olishiga da’vat etilgan xizmatlarni taqdim etadi;

  3. sog‘liqni saqlash sohasidagi ushbu xizmatlarni iloji boricha ushbu odamlar bevosita istiqomat qiladigan joylarga yaqinda, shu jumladan qishloq joylarida tashkil etadi;

  4. sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislaridan nogironlarga boshqa shaxslarga bo‘lgani kabi sifatli xizmat ko‘rsatishni, shu jumladan boshqa masalalar qatori ta’lim berish hamda davlat va xususiy sog‘liqni saqlash sohasi uchun axloq standartlarini qabul qilish hisobiga inson huquqlari, qadr-qimmati, mustaqilligi va nogironlarning ehtiyojlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishni talab etadi;

  5. nogironlarga tibbiy sug‘urtalash va hayotni sug‘urtalashni (agar bunga milliy qonunchilikda ruxsat berilgan bo‘lsa) taqdim etishda ularni kamsitishni man etadi hamda bu adolatli va oqilona asosda taqdim etilishini ko‘zda tutadi;

  6. nogironlik sababi bo‘yicha sog‘liqni saqlashda yoki bu sohada xizmat ko‘rsatilishida yoxud ovqat yoki ichimliklarni olishda kamsituvchi rad etilishlarga yo‘l qo‘ymaydi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar, shu jumladan boshqa nogironlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida, nogironlar iloji boricha mustaqillikka, to‘la jismoniy, aqliy, ijtimoiy va kasb qobiliyatlariga erishishlari va buni saqlab qolishlari hamda turmushning barcha sohalariga to‘la qo‘shilishlari va jalb etilishlari uchun samarali va zarur choralarni ko‘radi. Ishtirok etuvchi davlatlar shu maqsadda kompleks abilitatsiya va reabilitatsiya xizmatlari va dasturlarini, ayniqsa sog‘liqni saqlash, bandlik, ta’lim va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida tashkil etadi, mustahkamlaydi va kengaytiradi. Ular ushbu xizmatlar va dasturlar bo‘yicha quyidagi choralarni ko‘radi:

 

  1.  ularni iloji boricha erta amalga oshirishga kirishilishi va nogironlarning ehtiyojlari va kuchli jihatlarini ko‘p tomonlama baholashga asoslangan bo‘lishi;

  2. mahalliy hamjamiyatga hamda jamiyat hayotining barcha sohalariga jalb etilish va kiritilishiga yordam berishi, ixtiyoriy xususiyatga ega bo‘lishi hamda nogironlar uchun iloji boricha bevosita yashash joylariga yaqinda, shu jumladan qishloq joylarida foydalanish imkoniyati bo‘lishi.

Ishtirok etuvchi davlatlar abilitatsiya va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatish sohasida ishlaydigan mutaxassis va personalni boshlang‘ich va keyingi ta’lim olishini rag‘batlantiradi.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga mo‘ljalangan abilitatsiya va reabilitatsiyaga taalluqli assistiv qurilmalar va texnologiyalar bo‘lishini, ulardan foydalanishni rag‘batlantiradi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish huquqini e’tirof etadi; bu mehnat bozori va ishlab chiqarish muhiti nogironlar uchun ochiq, inklyuziv va ishtirok etish imkoniyati bo‘lgan sharoitda nogiron o‘zi tanlagan va erkin rozi bo‘lgan mehnat faoliyati orqali turmush kechirishiga pul ishlab topish imkoniyatiga ega bo‘lish huquqini qamrab oladi. Ishtirok etuvchi davlatlar mehnat qilish huquqini, shu jumladan mehnat faoliyati davomida nogiron bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqini, jumladan qonunchilik yo‘li bilan belgilangan tartibda amalga oshirish huquqini ta’minlaydi va rag‘batlantiradi. Shu jumladan ular quyidagi zarur choralarni ko‘radi:

 

  1. bandlikning barcha shakllarida, shu jumladan ishga qabul qilish, yollash va bandlik, ish joyini saqlab qolish, xizmat lavozimida ko‘tarilish, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlariga taalluqli masalalarda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni man etish;

  2. nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda adolatli va qulay ish sharoitlariga ega bo‘lish, shu jumladan teng qimmatga ega bo‘lgan mehnat bilan shug‘ullanish va buning uchun teng rag‘batlantirilish, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlariga ega bo‘lish, shu jumladan xurujlardan himoya qilinish va shikoyatlari qondirilishi huquqlarini himoya qilish;

  3. nogironlar boshqalar bilan teng ravishda o‘zlarining mehnat va kasaba uyushma huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini ta’minlash;

  4. nogironlarga umumiy texnikaviy va kasbiy yo‘naltirish dasturlari, ishga joylashtirish xizmatlari, kasbiy va uzluksiz ta’lim olishdan samarali foydalanish imkoniyatlarini yaratish;

  5. mehnat bozorida nogironlarning ishga joylashish va xizmat lavozimida ko‘tarilish, shuningdek ish izlash, ishga ega bo‘lish, ish joyini saqlash va mehnat faoliyatini qaytadan boshlash imkoniyatlarini kengaytirish;

  6. shaxsiy mehnat faoliyati, tadbirkorlik, shirkatlarni rivojlantirish va o‘z biznesini tashkil etish imkoniyatlarini kengaytirish;

  7. nogironlarni davlat sektoriga ishga yollash;

  8. nogironlarni tegishli strategiyalar hamda ijobiy harakatlar, rag‘batlar va boshqa choralarni qamrab olishi mumkin bo‘lgan dasturlar yordamida xususiy sektorda ishga yollashni rag‘batlantirish;

  9. nogironlarning ish joylarini oqilona moslashtirishni ta’minlash;

  10. ochiq mehnat bozori sharoitlarida nogironlarning ish tajribalarini o‘zlashtirishlarini rag‘batlantirish;

  11. nogironlarni kasbiy va malaka reabilitatsiyasini, ish joylarini saqlab qolish va ishga qaytib kelishga qaratilgan dasturlarni rag‘batlantirish.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar qullikka va erksiz holatga tushib qolmasliklarini hamda boshqalar bilan teng ravishda zo‘raki va majburiy mehnatdan himoya qilinishlarini ta’minlaydi. 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga, shu jumladan yetarlicha ovqatlanish, kiyim-kechakka va turar joyga ega bo‘lish hamda turmush sharoitlari uzluksiz yaxshilanib borishi huquqlarini e’tirof etadi, shuningdek ushbu huquqlarni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitmasdan amalga oshirishni ta’minlash va rag‘batlantirishning zarur choralarini ko‘radi.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini va bu huquqlardan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilmasdan foydalanishlari huquqini e’tirof etadi hamda ushbu huquqni amalga oshirishni ta’minlash va rag‘batlantirish uchun zarur choralarni ko‘radi. Shu jumladan quyidagi choralarni ko‘radi:

 

  1. nogironlarning toza suvga teng ega bo‘lishlarini hamda nogironlik bilan bog‘liq tegishli va qimmat bo‘lmagan xizmatlar, qurilmalar va boshqa yordamdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;

  2. nogironlarning, shu jumladan nogiron ayollar, qizlar va keksa kishilarning ijtimoiy himoya qilish va qashshoqlik ko‘lamlarini qisqartirish dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;

  3. qashshoqlik sharoitida turmush kechirayotgan nogironlar va ular oilalarini nogironlik bilan bog‘liq xarajatlarini, shu jumladan tegishlicha ta’lim olish, maslahat, moliyaviy yordam va vaqtincha patronaj parvarishini olish bo‘yicha xarajatlarni qoplash maqsadidagi davlat yordamini olishlarini ta’minlash;

  4. nogironlarning davlat turar joy dasturlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash;

  5. nogironlarning pensiya nafaqalari va dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash.

 

ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda madaniy hayotda ishtirok etish huquqini e’tirof etadi va nogironlarga quyidagilarni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi:

 

  1. madaniyat asarlaridan foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakllarda foydalanishlarga imkoniyat yaratish;

  2. televideniye dasturlari, filmlar, teatr va boshqa madaniy tadbirlardan foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakllarda foydalanish imkoniyatini yaratish;

  3. teatrlar, muzeylar, kinoteatrlar, kutubxonalar va turizm xizmatlari kabi madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan va xizmatlar ko‘rsatiladigan joylardan foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari, shuningdek milliy madaniy ahamiyatga ega yodgorlik va obyektlardan eng ko‘p imkoniyat darajasida foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari.

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar ijodiy, badiiy va intellektual salohiyatlarini faqat o‘zlari uchungina emas, balki butun jamiyatni boyitish uchun rivojlantirish va bu salohiyatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlariga barcha zarur choralarni ko‘radi.

Ishtirok etuvchi davlatlar xalqaro huquqqa muvofiq intellektual mulkka egalik huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar nogironlarning madaniyat asarlaridan foydalanishlari uchun asossiz yoki kamsituvchi to‘siq bo‘lib qolmasligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi.

Nogironlar boshqalar bilan teng ravishda ularning alohida madaniy va tili o‘ziga xosligi, shu jumladan ishora tillari va karlar madaniyati e’tirof etilishi va qo‘llab-quvvatlanishi huquqiga ega.

 

Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng ravishda bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish, dam olish va sport tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun quyidagi zarur choralarni ko‘radi:

 

  1. nogironlarning barcha darajadagi umumiy yo‘nalishdagi sport tadbirlarida iloji boricha to‘liq ishtirok etishlarini rag‘batlantirish va targ‘ib etish;

  2. nogironlarning nogironlar uchun maxsus sport va bo‘sh vaqtni o‘tkazish tadbirlarini tashkil etish, bu tadbirlarni rivojlantirish va ularda ishtirok etish imkoniyatlarini ta’minlash hamda shu munosabat bilan ularga boshqalar bilan teng ravishda zarur darajada ta’lim berilishi, o‘rgatilishi va resurslar taqdim etilishiga ko‘maklashish;

  3. nogironlar sport, rekreatsiya va turizm obyektlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash;

  4. nogiron bolalar boshqa bolalar bilan teng ravishda o‘yinlarda, bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish, dam olish va sport dasturlarida, shu jumladan maktab tizimi doirasidagi tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash;

  5. nogironlar bo‘sh vaqtni o‘tkazish, turizm, dam olish va sport tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadiganlar xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lig‘ini saqlash va ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘liqni saqlash xizmatlaridan, sifatli va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga oluvchi tibbiy yordamdan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanish huquqi amalga oshirilishini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘radi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga, fuqarolarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida amalga oshiriladigan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha choralar ko‘radi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy parvarish qilish barcha darajalardagi mavjud tibbiy xizmatlar doirasida, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.

Zo‘rayib boruvchi shakldagi yoki yakuniy bosqichdagi bedavo kasalliklarga chalingan shaxslar bemorlarning jismoniy, ruhiy, hissiy va ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantirishni nazarda tutuvchi palliativ tibbiy parvarishlash xizmatlari ko‘rsatilishi huquqiga ega bo‘ladi.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari ko‘rsatiladi:

 

  • pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar);

  • reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan ta’minlash;

  • tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;

  • transport xizmatlari;

  • dori vositalari bilan ta’minlash.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam mahalliy davlat hokimiyati organlari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi organlari, boshqa davlat organlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosalari asosida ko‘rsatiladi.

Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar ta’minlanadi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.

Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sanatoriy-kurortda sog‘lomlashtirilishini ta’minlash tartibi hamda dori vositalarining, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlarning va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish sog‘liqni saqlash organlari, bandlik va mehnat munosabatlari organlari, xayriya tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida amalga oshiriladi hamda quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:

  • ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari yuzasidan maslahat berish;

  • tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish;

  • sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘ziga nisbatan homiylik belgilanishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘maklashish va homiylarning o‘z majburiyatlarini bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

  • protez-ortopediya moslamalarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olishda ko‘maklashish;

  • o‘zgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarni dori vositalari bilan bepul yoki imtiyozli ta’minlash;

  • o‘zgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari bilan bepul ta’minlanishiga, shu jumladan ovqat tayyorlashiga va uy-joyni yig‘ishtirishiga, gigiyenani amalga oshirishiga ko‘maklashish.

Agar xodim ish beruvchining aybi bilan nogiron va o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lib qolgan bo‘lsa, nogironligi bo‘lgan shaxs mehnat qobiliyatini yo‘qotgan vaqtda uni parvarish qiluvchi shaxsni ish beruvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining yoki pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining xulosasiga binoan o‘z hisobidan ta’minlashi hamda jabrlangan xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplashi va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilishi shart.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ushbu shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish

Nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha darajalardagi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish va o‘z qobiliyatini yanada to‘liqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida ta’lim olish hamda jamiyat va davlat hayotida ishtirok etish huquqiga ega.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv ta’limini rivojlantirishni, ularning ta’lim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tishi uchun zarur shart- sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi.

Ta’lim tashkilotlari davlat organlari bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan bolalarning maktabgacha, maktabdan tashqari va umumiy o‘rta ta’lim olishini, shuningdek o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limi olishini ta’minlaydi. 

Agar nogironligi bo‘lgan bolalarni ta’lim muassasalarida o‘qitishning vaqtincha imkoni bo‘lmasa, ta’lim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim muassasalari nogironligi bo‘lgan bolalarning sohaga oid shifokorlar tavsiyalari asosida hamda ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan uyda o‘qitilishini ta’minlaydi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarni uyda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional ta’lim olishini kafolatlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni to‘lovdan ozod qilgan holda yoki imtiyozli shartlar asosida maxsus o‘quv qo‘llanmalari va adabiyotlar, shuningdek surdotarjimonlar xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Nodavlat ta’lim tashkilotlari nogironligi bo‘lgan shaxslarni (bolalarni) o‘qitganlik uchun to‘lov bo‘yicha imtiyozlar belgilashga haqli.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ta’lim berish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish turli shakllarda, shu jumladan ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda, eksternat shaklida, shuningdek masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda, umumiy tipdagi ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, uyda, maxsus guruhlarda, sinflarda va yakka tartibdagi o‘quv rejalari bo‘yicha o‘qitish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarni har tomonlama va uyg‘un rivojlantirish, ularda ijtimoiy faollikni shakllantirish, mehnatga ishtiyoq uyg‘otish, ularni ilm-fanga, texnikaga, san’atga va sportga jalb etish maqsadida ta’lim muassasalari nogironligi bo‘lgan bolalarning maktabdan tashqari ta’limdan foydalanishini, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan holda, davlat organlari bilan birgalikda ta’minlashi shart.

Imo-ishora tili O‘zbekiston Respublikasi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxslararo muomala vositasi sifatida e’tirof etiladi.

Davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning har biri uchun mosroq bo‘lgan tillarni, muloqot qilish usullari va vositalarini qulay multimedia vositalari va raqamli texnologiyalarini rivojlantirish, Brayl alifbosini, muqobil harflarni, nutq va og‘zaki muomala ko‘nikmalarini o‘zlashtirish, shuningdek o‘qituvchilarni va maktab xodimlarini inklyuziv ta’lim masalalarida o‘qitish, imo-ishora tilini va Brayl alifbosini biladigan nogironligi bo‘lgan o‘qituvchilarni ta’lim muassasalariga ishga joylashtirish yordamida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ta’lim tizimini takomillashtirish choralarini ko‘radi.

Nogironligi bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’limi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Maktabgacha yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan zarur reabilitatsiya va abilitatsiya qilish choralari amalga oshiriladi hamda ularning maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Sog‘lig‘ining holati maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lishni vaqtincha istisno etadigan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.

Ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilot- larida ilg‘or uslubiyotlarni o‘z ichiga oladigan maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturini amalga oshirish ta’minlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limi, professional ta’limi ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida, zaruriyat bo‘lganda esa ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning maktabdan tashqari ta’limi bolalar, o‘smirlar ijodiyot saroylari, uylari, klublari va markazlarida, «Barkamol avlod» bolalar maktabida, bolalar-o‘smirlar sport maktablarida, bolalar musiqa va san’at maktablarida, studiyalarda, axborot-kutubxona hamda sog‘lomlashtirish muassasalarida amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’limi oliy ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’limdan keyingi ta’limi oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda olinishi mumkin.

Statsionar davolash-profilaktika yoki reabilitatsiya muassasalarida davolash kursini o‘tayotgan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mazkur muassasalarda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Professional ta’lim olish uchun maxsus shart-sharoitlarga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun turli tipdagi va xildagi ixtisoslashtirilgan professional ta’lim muassasalari tashkil etiladi. Ularda o‘qitish maxsus o‘quv dasturlari asosida davlat ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining ikki foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish kirish imtihonlari natijalari

bo‘yicha amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan ta’limning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda umumiy asoslarda ishtirok etadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida, shu jumladan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashma- lari korxonalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq ta’minlanadi.

Davlat kasbga tayyorlash (shu jumladan kasbga tashxis qo‘yish va yo‘naltirish, shakllantirish va reabilitatsiya qilish), tarbiyalash, o‘qitish va takomillashtirish davrida didaktik hamda yo‘riqnomaviy material, shu jumladan ko‘zi ojizlar uchun materiallar (Brayl alifbosi), ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lganlar uchun ovozli variantdagi harflar, ovozli adabiyot, shu jumladan guruhlarda o‘qitish uchun yordamchi ovoz tizimlari, eshitish qobiliyati zaif bo‘lganlar uchun mimika va imo-ishora tiliga tarjima bilan ta’minlanishini kafolatlaydi.

Sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan yengil avtomobillarni boshqarish uchun yaroqli deb e’tirof etilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni haydovchilikka tayyorlash maxsus o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Kar va kar-soqov shaxslarni haydovchilikka tayyorlash umumiy o‘quv dasturi asosida surdotarjima bilan amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilishi va bandligi

Nogironligi bo‘lgan shaxs odatdagi mehnat sharoitlariga ega tashkilotlarda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalarda, sexlarda va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqli.

Mehnat munosabatlarining barcha shakllariga nisbatan, shu jumladan ishga qabul qilish shartlariga, ishga yollashga, mehnat faoliyatini amalga oshirishga, ishni saqlab qolishga, xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishga, shuningdek xavfsiz mehnat sharoitlari ta’minlanishiga nisbatan nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish taqiqlanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi va ta’tillarda bo‘lishi davrida ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot to‘liq tugatilgan hollar mustasno.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tungi vaqtda ishga, shuningdek ishdan tashqari vaqtdagi ishlarga va dam olish kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

I va II guruh nogironligi bo‘lgan ishlovchi shaxslarga nisbatan mehnatga haq to‘lash miqdori kamaytirilmagan holda qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi.

 

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning bandligini ta’minlash, shuningdek mehnat bozorida ularning raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida:

 

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbiy reabilitatsiya qilishni amalga oshiradi, ularni mehnatda kuzatib boradi, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning mos keladigan ishga kirishini, saqlab qolinishini va xizmatda (ishda) lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini ta’minlaydi;

  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkilotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilaydi;

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun mos keladigan kasblar bo‘yicha ish o‘rinlarini zaxira qilinishini ta’minlaydi;

  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga rag‘batlantiradi, shuningdek ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etilishini ta’minlaydi;

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi;

  • ixtisoslashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi;

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi kasblarga o‘qitish o‘quv dasturlari tashkil etilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi;

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat sektoriga ishga joylashtirilishini va bandligi rag‘batlantirilishi hamda rivojlantirilishini ta’minlaydi;

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan, shu jumladan ularning kasanachiligidan foydalanuvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish mahalliy mehnat organlari tomonidan ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xodimlarining soni yigirma nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda xodimlar umumiy sonining kamida uch foizi miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatidan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini hamda mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan korxonalar va ish o‘rinlari tashkil etiladi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar shart-sharoitlari o‘z imkoniyatlariga muvofiq bo‘lgan ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan bolalar ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar sanaladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 14-noyabrda imzolangan “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–185-son Farmonda quyidagilar bolalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan:

 

  • bolaning oila muhitida tarbiya topishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy himoya tizimini yo‘lga qo‘yish, oilani qo‘llab- quvvatlash va kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish orqali ijtimoiy yetimlikning oldini olish;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ularning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqib, muqobil shaklda joylashtirish;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni muqobil joylashtirishning ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalariga joylashtirish shaklini bosqichma-bosqich noinstitutsionallashtirish;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish va ularning vakilligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etish.

 

Mazkur Farmon bilan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimida bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan:

 

a) 2025-yil 1-yanvardan boshlab mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi. Bunda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘riladi;

b) 2025-yil 1-fevraldan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

  • og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1-yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi;

  • og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, ularda onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;

  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi;

v) 2025-yil 1-martdan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) uch yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi.

Bunda agar bolalar egizak bo‘lsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi.

2025-yil 1-fevraldan boshlab:

 

a) ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash bo‘yicha:

 

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy holati va turmush sharoitlari “Inson” markazlari tomonidan kompleks baholanadi hamda baholash natijalari asosida bolalarning ijtimoiy maqomi belgilanadi;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan bolalarning ijtimoiy maqomi va muqobil joylashtirish shakli belgilanguniga qadar ularni olti oygacha bo‘lgan muddatga oilaviy bolalar uyiga qisqa muddatli joylashtirish tartibi joriy etiladi;

  • bolalarni muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha joylashtirish (bundan farzandlikka va tutingan (foster) oilaga olish mustasno) «Inson» markazlarining, oilaviy bolalar uyini tashkil etish va tugatish Agentlik hududiy boshqarmasining qarori asosida amalga oshiriladi;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tutingan (foster) oilaga “Inson” markazlari va bolani tarbiyaga olgan shaxslar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida joylashtiriladi. Bunda mazkur Farmon qabul qilinguniga qadar tutingan ota-onalar bilan tuzilgan bitim va (yoki) bolani joylashtirish to‘g‘risida qabul qilingan qaror bolalar muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha joylashtirilgan muddat tugagunga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi;

 

b) yetim bolalar va ota­ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri bo‘yicha olish istagini bildirgan shaxslarning hisobini yuritish bo‘yicha:

 

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, bolalarni hamda ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri bo‘yicha olish istagini

bildirgan shaxslarni hisobga olish “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida amalga oshiriladi;

  • nomzodlardan arizalarni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish imkoniyati yaratiladi;

  • nomzodlardan talab qilinadigan ayrim turdagi hujjatlar “Inson” markazlari tomonidan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil olinadi;

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning joylashtirilganligi, bolalar uchun ishlab chiqilgan individual rivojlanish va integratsiya rejalari hamda ularning ijrosi monitoringi natijalari bo‘yicha ma’lumotlar “YAMIH” ATga kiritib boriladi;

 

v) ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha:

 

oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi hamda 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi;

oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida e’tirof etiladi hamda ularga o‘z majburiyatlarini boshqa shaxslarga yuklashiga yoxud uchinchi shaxslarni jalb qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi;

tutingan (foster) oilada tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota- ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yashash xarajatlari, shuningdek, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlaguniga qadar saqlab qolinadi.