152-modda. Farzandlikka olishi mumkin bo‘lgan shaxslar
Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;
ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;
hayotga, sog‘liqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar, jinoiy yo‘l bilan topilgan mol-mulkni olish yoki o‘tkazish, tijoratda pora evaziga og‘dirib olish yoxud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida ko‘rsatilgan jinoyatlar jumlasiga kirmaydigan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilinganlar;
ushbu modda birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun o‘ziga nisbatan jinoyat ishi ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar;
farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalinganlar. Mazkur kasalliklarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lmasligi shart, bundan o‘gay ota va o‘gay ona yoxud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno.
1-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining (keyingi oʻrinlarda Oila kodeksi deb yuritiladi) birinchi moddasi ikki qismdan iborat. Moddaning nomi uning mazmunini – oilaviy munosabatlarni tartibga solish sohasidagi qonun hujjatlarini va uning vazifalarini belgilaydi.
Sharhlanayotgan moddaning birinchi qismida belgilanganidek, oila huquqi Oila kodeksi va uning asosida qabul qilingan boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. Bu boradagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni koʻrib chiqishda, eng avvalo, Asosiy qonun – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga murojaat qilish zarur. Konstitutsiyada oila munosabatlariga butun bir bob – XIV bob bagʻishlangan boʻlib u 5 ta moddadan iborat (76 – 80-moddalar). Ushbu huquqiy normalar mamlakatning oilaviy munosabatlarni himoya qilish sohasidagi siyosatini belgilaydi – oila jamiyatning asosiy boʻgʻini sifatida eʼtirof etiladi, nikoh tomonlarning oʻzaro kelishuvi va teng huquqliligiga asoslanadi, ota-onalar va bolalar bir-biriga gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar, barcha bolalar tengligi, onalik va bolalik muhofaza qilinadi. Ana shu fundamental tamoyillardan kelib chiqib, 1998-yilda mamlakatimizda Oila kodeksi qabul qilindi va unda Asosiy qonunda nazarda tutilgan mamlakat oila siyosatining asosiy tamoyillari ham oʻz aksini topdi.
Oila kodeksi oilada vujudga keladigan keng koʻlamli huquqiy munosabatlarni – nikohni tuzish va bekor qilish, uni haqiqiy emas deb topish, er-xotinning shaxsiy va mulkiy huquq va majburiyatlari, qarindoshlik hamda bolalarning nasl-nasabini belgilash, bolalar va ota-onalarning shaxsiy va mulkiy huquq va majburiyatlari, oila aʼzolarining aliment majburiyatlari, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni joylashtirish, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibi, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokidagi oilaviy munosabatlarni tartibga soladi. Yuqoridagi huquqiy munosabatlarning har biri qoʻshimcha huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Demak, mulkiy munosabatlarga nisbatan koʻpincha Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (keyingi oʻrinlarda – Fuqarolik kodeksi) umumiy qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20-oktyabrdagi “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi 550-sonli qarori keng koʻlamli huquqiy hujjatdir. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari toʻgʻrisida”gi Nizom FHDY organlarining (keyingi oʻrinlarda FHDY deb yuritiladi) tugʻilish, oʻlim, nikoh va ajralishlarni qayd etish sohasidagi faoliyatini tartibga soladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–217-sonli qarori ham nikoh tuzish sohasidagi muhim normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi.
Mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida 2008-yil 7-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun, vasiylik va homiylikni belgilash, ularni ozod qilish va chetlashtirish, vasiylar va homiylarning huquq va majburiyatlari, homiylik yoki vasiylik ostidagi shaxslarning huquqlari, shuningdek ularning mulkiy huquqlarini himoya qilish maqsadida 2014-yil 2-yanvarda “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Bundan tashqari, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi (keyingi oʻrinlarda – Oliy sud) Plenumining qarorlari bilan ham tartibga solinadi. Xususan, Oliy sud Plenumining 1998-yil 11-sentyabrdagi “Bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 23-sonli, 2011-yil 20-iyuldagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida” 6-sonli, 2011-yil 25-noyabrdagi “Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni koʻrishda qonunchilikning qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 8-sonli, 2013-yil 11-dekabrdagi “Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 21-sonli qarorlari bilan tartibga solinadi.
2. Sharhlanayotgan moddaning ikkinchi qismida oila huquqining asosiy tamoyillari sifatidagi vazifalar roʻyxati keltirilgan va ushbu vazifalar quyidagilardan iborat:
– oilani mustahkamlash;
– oilaviy munosabatlarni oʻzaro muhabbat, ishonch va oʻzaro hurmat, hamkorlik, oʻzaro yordam va barcha oila aʼzolarining oila oldidagi masʼuliyat tuygʻulari asosida qurish;
– biron-bir shaxslarning oila ishlariga oʻzboshimchalik bilan aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
– oila aʼzolarining oʻz huquqlarini toʻsqinliksiz amalga oshirishini va ularni himoya qilishni taʼminlash.
Oila huquqining yuqoridagi barcha vazifalari Konstitutsiyamizning 63-moddasida nazarda tutilgan asosiy maqsad – jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻladigan oilani barpo etishni amalga oshirishga qaratilgan.
Oila huquqining oilani mustahkamlashga doir vazifasi koʻp qirrali, chunki u oila huquqining deyarli barcha mavjud institutlari – nikoh tuzish tartibi va shartlarini, er-xotin, ota-onalar va bolalar huquqlarini taʼminlash, muhtoj oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, farzandlikka olish, oila tarbiyasiga ustuvor ahamiyat berishni, bolalar, kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatish va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Davlat mustahkam va sogʻlom oila haqida gʻamxoʻrlik qiladi va shu maqsadda oilalarning buzilishi xavfini minimallashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, ajrimlarni tartibga solish, shu jumladan mediatsiya va yarashuv institutini joriy etish orqali tartibga solish siyosatini olib boradi. Zamonaviy dunyoda oilaviy qadriyatlarni qadrsizlantirish tendensiyasi mavjud boʻlib, bu anʼanaviy oilaning yoʻq qilinishiga olib keladi va oilani jamiyatning asosiy boʻgʻini sifatida odatiy idrok etilishiga tahdid soladi. Bu borada davlatimiz tomonidan oilaning bugungi va barchamizga tanish qiyofasini asrab-avaylash borasida jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani oila qonunchiligining oila institutini mustahkamlash borasidagi vazifalarida ham oʻz ifodasini topmoqda.
Oila huquqining ikkinchi vazifasi – oilaviy munosabatlarni oʻzaro muhabbat, ishonch va oʻzaro hurmat, hamkorlik, oʻzaro yordam va uning barcha aʼzolarining oila oldidagi masʼuliyat tuygʻulari asosida qurish – oilaviy munosabatlarning boshidanoq, yaʼni nikoh tuzilishidan oldin ham amalga oshiriladi. Milliy qonunchiligimizda nikohning ixtiyoriyligiga, xalqimizning milliy urf-odat va anʼanalariga, umuminsoniy qadriyatlarga, yuksak fazilatlarga, oiladagi tarbiya va hurmatga eʼtibor qaratiladi. Shu bilan birga, koʻrib chiqilayotgan vazifani bajarish borasida har qanday huquqbuzarliklarga – odatiy ogohlantirish va maʼmuriy jazodan tortib, jinoiy jazo belgilashga qadar boʻlgan choralarga qonunchilikda qatʼiy murojaat qilinadi.
Oila kodeksi 1-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan uchinchi vazifa – hech kimning oila ishlariga oʻzboshimchalik bilan aralashishiga yoʻl qoʻymaslik, oilaviy sirlarning begona koʻzlardan saqlanishini taʼminlaydi. Oilaning ichki ishlariga tashqaridan har qanday aralashish bu oilaning farovonligiga taʼsir qiladi. Aralashish bir necha usul bilan ifodalanishi mumkin. Jumladan:
– katta avlod vakillarining yoshlarga turmush qurgandan keyingi dastlabki bosqichlarda oilaviy munosabatlarni qanday qurish, yangi tugʻilgan bolalarni qanday tarbiyalash, uyni toza saqlash va hokazolar boʻyicha maslahatlar berish bilan aralashishi;
– yaqin qarindoshlarning nikohda ikkinchi tarafni qoralash bilan aralashishi;
– tomonlarning hech biri uchun qarindosh boʻlmagan qarama-qarshi jinsning aralashuvi (bunga misol sifatida xiyonat aralashishini keltirish mumkin);
Oila kodeksi 1-moddasining ikkinchi qismida oila huquqi oldiga oilaviy sirlarning saqlanishi, oilaviy munosabatlarga hech kimning aralashmasligini taʼminlash vazifasi qoʻyilgan.
Oila huquqining toʻrtinchi vazifasi – oila aʼzolarining oʻz huquqlarini toʻsqinliksiz amalga oshirilishini taʼminlash va ularni himoya qilish – oilaning barcha aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, shuningdek, tegishli himoyani kafolatlaydi. Bu vazifa oʻz farzandlarini tarbiyalash boʻyicha ota- onalik huquqlarini amalga oshirishga intilayotgan ota-onalarning, Oila kodeksida nazarda tutilgan oilaviy huquqlarini amalga oshirayotgan bolalarning, yaqin qarindoshlarning taʼlim-tarbiya, parvarishlash, voyaga yetmagan bolalar bilan uchrashuvlar tashkil etish va boshqa masalalari boʻyicha huquqlarini himoya qilishni taʼminlashda oʻz ifodasini topgan. Ushbu vazifa talablarining har qanday buzilishi qonunchilikda ushbu munosabatlar ishtirokchilarining oilaviy huquqlarining buzilishi sifatida baholanadi, bu, shubhasiz, qonun oldida javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.