2326-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizaning shakli va mazmuni
Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza yozma shaklda beriladi va arbitraj muhokamasining tarafi yoki ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquq va majburiyatlari to‘g‘risida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxslar yoki ularning vakili tomonidan imzolanadi.
Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi;
2) arbitraj sudining nomi, arbitrajning joyi va tarkibi;
3) arbitraj muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
4) arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
5) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etgan taraf shikoyat qilinayotgan hal qiluv qarorini olgan sana;
6) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi talab va ushbu qaror ustidan qanday asoslar bo‘yicha shikoyat qilinayotganligi.
Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizada taraflarning telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili va boshqa ma’lumotlari ko‘rsatilishi mumkin.
Arbitraj muhokamasi tarafining arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
1) arbitraj hal qiluv qarorining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi. Doimiy arbitraj muassasasi hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasi ushbu arbitraj muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etilgan arbitraj sudi hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasidagi arbitr imzosi notarial tartibda tasdiqlangan bo‘lishi kerak;
2) arbitraj kelishuvining asl nusxasi yoki uning tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi;
3) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi talabni asoslash uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
4) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
5) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari arbitraj muhokamasining boshqa tarafiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Chet tilida tuzilgan hujjatlar iqtisodiy sudga taqdim etilayotganda, ushbu hujjatlarga ularning davlat tilidagi yoki iqtisodiy sud ishlari yuritilayotgan tildagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasi qo‘shib topshirilishi kerak.
Ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga ushbu modda to‘rtinchi qismining 3, 4 va 5-bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.
Agar arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza arbitraj muhokamasi tarafining vakili yoki ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari to‘g‘risida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning vakili tomonidan berilgan bo‘lsa, arizaga vakilning arizani imzolashga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
Ushbu Kodeks 2325-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga ko‘ra arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish rad etilishi lozim.
Ushbu Kodeks 37-moddasining beshinchi qismida, mazkur moddaning birinchi, ikkinchi, to‘rtinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga ko‘ra arizachiga qaytariladi.
1 - modda
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari nafaqat Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida ifodalangan normalarni, balki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ham qamrab oladi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ichida Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi oʻrinlarda IPK deb yuritiladi) asosiy oʻrinni egallaydi. Mazkur Kodeksda sudda iqtisodiy ishlarni koʻrish va hal etish tartibini batafsil ifoda etuvchi iqtisodiy protsessual huquqining normalari mustahkamlangan. Unda sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari belgilangan, sud qarorlari ustidan shikoyat va protest keltirish institutlari oʻz ifodasini topgan, shuningdek odatdagi sud ishlarini yuritishdan oʻzgacha boʻlgan, sud ishlarini ixchamlashtirilgan tartibda koʻrish va hal etish, yaʼni soddalashtirilgan tartibda ish yuritish, buyruq tartibida ish yuritish kabi institutlar oʻrin olgan.
Jamiyatimizda sud hokimiyatining nufuzini oshirish, sud orqali himoyalanishga boʻlgan huquqlarni qoʻshimcha kafolatlash, sud tizimining qonunchilik asoslarini huquqiy demokratik davlat talablariga moslashtirish hamda iqtisodiy ishlarni koʻrib chiqish va hal etishni soddalashtirishga qaratilgan normalarni iqtisodiy protsessual qonunchilikda mustahkamlash maqsadida 2018-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash haqida”gi OʻRQ-461-sonli Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi tasdiqlandi va Kodeks 2018-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kirdi.
Iqtisodiy protsessual kodeksi kuchga kirganidan buyon unga tegishli tartibda qabul qilingan qonunlar bilan oʻn martadan ziyod turli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Oʻzgartish va qoʻshimchalar, jumladan, iqtisodiyotning jadal rivojlanishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sud ishlarini yuritish tartibini soddalashtirish, sud qarorlarini qayta koʻrish institutining takomillashtirilishi, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan kiritilganini taʼkidlash joiz.
IPKning “Umumiy qoidalar” deb nomlangan I boʻlimida iqtisodiy sud ishlarini yuritishning barcha turlari va iqtisodiy protsessning bosqichlariga tegishli normalar oʻz ifodasini topgan. Ushbu boʻlimda: asosiy qoidalar, iqtisodiy sud ishlarini yuritish prinsiplari, sudning tarkibi, sudyani va sud protsessining boshqa ishtirokchilarini rad qilish, iqtisodiy ishlarning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligi, iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, dalillar va isbotlash, daʼvoni taʼminlash, ish yuritishni toʻxtatib turish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, sud xarajatlari, protsessual muddatlar, sud jarimalari, sud xabarnomalari va chaqiruvlari, yarashtirish tartib-taomillari mavzularidagi boblar mavjud.
Mazkur Kodeksning “Birinchi instansiya sudida ish yuritish” deb nomlangan II boʻlimi sud ishlarini yuritishning barcha turlarida qoʻllaniladigan umumiy qoidalar va sud ishlarini yuritish turlari uchun tatbiq etiladigan maxsus normalar mustahkamlangan boblardan iborat. Shuningdek, ushbu boʻlimda soddalashtirilgan tartibda ish yuritish, yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, korporativ nizolar boʻyicha ish yuritish, hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bogʻliq ishlarni yuritish, arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlarni yuritishga doir normalar belgilangan.
“Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni yuritish” deb nomlangan III boʻlimda chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni koʻrib chiqishning umumiy qoidalari, chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni koʻrish xususiyatlari, chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishga doir normalar oʻz ifodasini topgan.
IPKning “Iqtisodiy sudlarning sud hujjatlarini qayta koʻrish boʻyicha ish yuritish” deb nomlangan IV boʻlimida apellyatsiya va kassatsiya tartibida ish yuritishning umumiy qoidalari, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari va ajrimlari ustidan apellyatsiya shikoyati berish (protesti keltirish), birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari va ajrimlari ustidan kassatsiya shikoyati berish (protesti keltirish), qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarning qonuniy, asosli va adolatli ekanligini tekshirish va qarorlarni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishga doir normalar mustahkamlangan.
V boʻlimda iqtisodiy sudlarning sud hujjatlarini ijro etishga doir normalar belgilangan.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ichida Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-avgustdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) OʻRQ-703-sonli Qonuni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur Qonun sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari va sudya lavozimiga nomzodlar, saylangan shaxslarga qoʻyilgan talablar xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonunda sudyalarning intizomiy javobgarligi tartibi qayta koʻrib chiqilgan, sudyalarning vakolatlarini bekor qilish asoslari va tartibi aniqlashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlangan, yangi sud tizimi qonuniy jihatdan mustahkamlangan.
Yangi tahrirdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonun 14 bob, 101 moddadan iborat boʻlib, mazkur Qonun bilan “Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi, “Sudyalarning malaka darajalari toʻgʻrisida”gi va “Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari toʻgʻrisida”gi nizomlar tasdiqlangan.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari sifatida iqtisodiy protsessning alohida yoʻnalishlarini tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlari ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuni (yangi tahriri), “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuni shular jumlasidandir.
Ayrim toifadagi iqtisodiy ishlarni sudda koʻrish tartibini belgilovchi protsessual normalar oʻz ifodasini topgan bir qator kodekslar ham iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari sifatida eʼtirof etiladi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik, Fuqarolik protsessual, Yer, Oila, Uy-joy, Soliq kodekslari shular jumlasidandir. Jumladan, Fuqarolik kodeksi fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish usullari (10-modda)ning asoslarini nazarda tutadi. Fuqarolik protsessual kodeksida esa fuqarolik va iqtisodiy ishlarning taalluqliligi va sudlovga tegishliligi bilan bogʻliq oʻzaro uygʻun normalar nazarda tutilgan.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ichida qonun osti normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ham eʼtirof etiladi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4850-son, 2017-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4966-son va 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5482-sonli farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi “Sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 11-son, 2019-yil 12-sentyabrdagi “Sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi 765-son qarorlari shular jumlasidandir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 134-moddasida odil sudlovni amalga oshirish shakllari sifatida fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritish nazarda tutilgan. Iqtisodiy sud ishlarini yuritish deganda, iqtisodiy protsessual huquq normalari bilan belgilangan iqtisodiy ishlar boʻyicha ish yuritish tartibi tushuniladi. Sharhlanayotgan 1-moddada koʻrsatilishicha, iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik buyruqqa, daʼvo ishini yuritishga oid va alohida toifadagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi. Mazkur sud ishlarini yuritish turlari iqtisodiy ishlarning moddiy-huquqiy xususiyatlariga koʻra belgilanadi.
Iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish va daʼvo arizalari va shikoyatlarni qabul qilish hamda ularni koʻrib chiqish borasidagi dastlabki jarayonlarni yanada soddalashtirish maqsadida iqtisodiy ishlarni hal qilishning soddalashtirilgan tartibi – buyruq tartibida ish yuritish instituti talabning nizoli yoki nizosizligini belgilash orqali undiruvchining huquqlarini tez fursatlarda himoya qilish maqsadida sudya tomonidan amalga oshiriladigan iqtisodiy sud ish yuritishining alohida turi hisoblanadi. Sud buyruqlari oʻziga xos boʻlgan quyidagi belgilari bilan sud qarorlaridan farqlanadi:
birinchidan, sud buyrugʻi ishni mazmunan koʻrmasdan, mavjud yozma hujjatlar asosida chiqariladi. Sudya ushbu holatda guvoh koʻrsatuvlarini, ekspert xulosalarini tekshirmaydi, taraflarning tushuntirishlari va uchinchi shaxslarning bayonotlarini eshitmaydi;
ikkinchidan, sud buyrugʻi kreditor tomonidan arizaning koʻchirma nusxasi qarzdorga topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn kun oʻtgach beriladi. Sud muhokamasi esa ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan oshmagan muddatda tugallanishi kerak;
uchinchidan, buyruq tartibida ish yuritish jarayonida taraflar sifatida undiruvchi va qarzdor eʼtirof etiladi;
toʻrtinchidan, sud buyrugʻi faqat qonunda belgilangan asoslar (IPKning 135-moddasi) mavjud boʻlgandagina chiqariladi. Sud buyrugʻi nizosiz talablar yuzasidan chiqarilib, qonunda belgilanmagan asoslar yuzasidan chiqarilishi mumkin emas;
beshinchidan, sud buyrugʻini chiqarish uchun qator shartlar mavjud boʻlishi talab etiladi. Birinchi shart shundan iboratki, undiruvchi sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi ariza bilan birga qarzdorning oʻz zimmasiga olgan majburiyatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart. Ikkinchi shart – taqdim etilgan hujjatlar ishning mohiyatini oʻzida toʻlaqonli aks ettirishi lozim. Uchinchi shart – nizoning mavjud boʻlmasligi;
oltinchidan, sud buyrugʻi ijro hujjati kuchiga ega boʻlib, sud hujjatlarini ijro etish uchun qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari sud amaliyotida nisbatan koʻpchilikni tashkil etadigan daʼvo tartibidagi ishlarni koʻrib chiqish va hal etish tartibini ham belgilaydi. Daʼvo tartibida koʻriladigan ishlarning oʻziga xos xususiyati shundaki, bunda muayyan huquq toʻgʻrisidagi nizo mavjud boʻladi. Shuningdek, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi, korporativ nizolar boʻyicha buzilgan huquq yoki qonuniy manfaatlarni himoya qilish uchun sudga murojaat qiladilar. Bu turdagi iqtisodiy ishlarda manfaatdor shaxsning daʼvo arizasi yagona asos boʻlib hisoblanadi. Daʼvo tartibida koʻriladigan ishlar oʻzining quyidagi xususiyatlari bilan boshqa turdagi iqtisodiy ishlarni yuritishdan farqlanadi:
– mazkur toifadagi ishlarda daʼvogar va javobgar hamda ayrim hollarda uchinchi shaxslar ham ishtirok etadi;
– taraflar iqtisodiy ishini oʻzaro kelishuv bitimi tuzish orqali tugatishga erishishlari mumkin boʻladi;
– iqtisodiy protsessning muhim institutlari: daʼvodan voz kechish, daʼvoni tan olish, daʼvoni taʼminlash, qarshi daʼvo qoʻzgʻatish kabilar aynan mazkur sud ishlarini yuritish jarayonida qoʻllaniladi;
– daʼvo tartibida koʻriladigan ishlar boʻyicha sirtdan hal qiluv qarori chiqarish mumkin va h.k.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonunchilik alohida toifadagi ishlarni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi. Alohida toifadagi ishlarda huquq toʻgʻrisidagi nizo boʻlmaydi, arizachi sudga faqat oʻz muddaosini bildiradi. Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish shu jumladandir. Bu turkum ishlarda ishtirok etuvchi shaxslar arizachilar va boshqa manfaatdor shaxslar hisoblanadilar va alohida toifadagi ishlar huquq toʻgʻrisidagi nizoni hal etish bilan bogʻliq boʻlmaydi. Alohida toifadagi sud ishlarini yuritishning oʻziga xos xususiyatlari maxsus tartibda sudlar tomonidan koʻrib hal qilinadigan iqtisodiy ishlarning tabiatidan kelib chiqadi va mazkur ishlar qonunda koʻrsatilgan ayrim istisnolar bilan sud ishlarini yuritishning umumiy qoidasi asosida hal qilinadi.
Sharhlanayotgan moddada mamlakatimizning iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridan xalqaro shartnoma qoidalarining ustunligini nazarda tutuvchi umumiy qoidalar bayon etilgan. Unga koʻra, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Shu oʻrinda xalqaro shartnoma qoidalarining ustunligi haqidagi qoida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida ham oʻz ifodasini topganligi, bu “xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda” degan jumlada aks etganini taʼkidlash joiz.
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 6-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-518-sonli Qonuni 4-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi – bitta hujjatdan, ikkita yoki bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan bir nechta hujjatdan iborat boʻlishidan, shuningdek oʻzining muayyan nomidan va tuzilish usulidan (shartnoma, bitim, konvensiya, akt, pakt, bayonnoma, xatlar yoki notalar almashinuvi hamda xalqaro shartnomaning boshqacha nomlari va tuzilish usullaridan) qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan chet davlat, xalqaro tashkilot yoxud xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt bilan yozma shaklda tuzilgan, xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan xalqaro kelishuvdir. Sudlarda iqtisodiy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash jarayonida xalqaro shartnomalar: shartnoma, bitim, konvensiya, protokol, memorandum, deklaratsiya, xatlar va notalar almashuvi kabilarga, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Iqtisodiy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan, umumeʼtirof etilgan tamoyil va normalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasi va 17-moddasi talablaridan kelib chiqilishi kerak. Asosiy qonunimizning 17-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektidir. Oʻzbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi.